Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ سَعِيدِ بْنِ جُبَيْرٍ فِي قَوْلِهِ عَزَّ وَجَلَّ: }رَبُّكُمْ أَعْلَمُ بِمَا فِي نُفُوسِكُمْ إِنْ تَكُونُوا صَالِحِينَ{ قَالَ: تَكُونُ البَادِرَةُ مِنَ الوَلَدِ إِلَى الوَالِدِ. وَقَالَ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: }إِنْ تَكُونُوا صَالِحِينَ{ قَالَ: أَنْ تَكُونَ النِّيَّةُ صَادِقَةً، }فَإِنَّهُ كَانَ لِلأَوَّابِينَ غَفُورًا{ لِلبَادِرَةِ الِّتِي بَدَرَتْ مِنْهُ».
Sa’id ibn Jubayrdan rivoyat qilinadi:
«U zot azza va jallaning: «Alloh ichingizdagi narsani biluvchi. Agar solih bo‘lsangiz», – degan qavli haqida «Boladan ota-onaga bo‘ladigan muomala alomati» – degan.
Alloh azza va jalla: «Agar solih bo‘lsangiz» (ya’ni, agar niyat sodiq bo‘lsa) «Albatta, U zot tavba qiluvchilar uchun mag‘firatlidir», degan. Bu undan sodir bo‘lgan alomat haqida».
Sharh: Ya’ni, bu rivoyatda aytilyaptiki, Alloh taolo bolaning ota-onasiga bo‘lgan his-tuyg‘usini biladi. Yuzida tabassum bilan boqayapti-yu, ichi g‘ijinib turgan bo‘lsa, uni ham biladi. O‘zicha, odamlarning ko‘zida «ota-onasini hurmat qilar ekan» – deb aytsinlar deya, egilib, qandaydir bir xushomadlarni qilayapti, lekin ichida: «Qani tezroq ketsaydi, men ishimga tezroq borsaydim» – deb turgan holat bo‘lsa, Alloh taolo uni ham biladi.
Bu yerda ham ota-onaning haqqi nihoyatda ulug‘ligi, farzand ota-onasiga bo‘lgan munosabatda sirti boshqa, ichi boshqa bo‘lmasligi kerakligi ta’kidlanyapti. Butun qiladigan ehtiromini, yaxshiligini, hurmatini sidqidildan, astoydil qilishi kerak, ichi bilan tashi har xil bo‘lmasligi kerak.
عَنِ الأَعْمَشِ عَنْ إِبْرَاهِيمَ فِي الرَّجُلِ يَحْلِفُ لاَ يُكَلِّمُ أَبَاهُ أَوْ أَخَاهُ شَهْرَيْنِ، قَالَ: يَدْخُلُ عَلَيْهِ وَيَلْطُفُهُ وَلاَ يُكَلِّمُهُ.
A’mash Ibrohimdan rivoyat qiladi:
«Otasi yoki akasiga «ikki oy gapirmayman» – deb qasam ichgan kishi haqida: «oldiga kiradi, lutf ko‘rsatadi va gapirmaydi», – dedi».
Sharh: Bir kishi otasi yoki akasiga «ikki oy gapirmayman» – deb qasam ichib qo‘yibdi. Qasamiga amal qilay desa, zimmasida otasiga yoki akasiga yaxshilik qilish, hurmat qilish vazifasi bor. Gapiraveray desa, qasam ichib qo‘ygan. Xullas, bu kishi ikki o‘t orasida, og‘ir ahvolda qolibdi.
Unga bu noqulay vaziyatdan chiqish uchun shunday yo‘l tutish maslahat berilibdi: «Otangning, akangning oldilariga kirib, hurmatlarini joyiga qo‘yasan, xizmatlarini qilaverasan, lutf ko‘rsatasan va hokazo. Biroq, muddat tugaguncha gapirmaysan».
Demak, qasamga ham rioya qilinadi, otaga yoki akaga ham munosib muomalada bo‘linadi.
عَنْ سَلاَمٍ عَنِ الْحَسَنِ، قَالَ: سَأَلَهُ رَجُلٌ: آمُرُ وَالِدَايَّ وَأَنْهَاهُمَا؟ قَالَ: إِنْ كَرِهَا ذَلِكَ فَلاَ.
Salom Hasandan rivoyat qiladi:
«Bir kishi undan:
«Ota-onamga amru ma’ruf, nahyu munkar qilsam, bo‘ladimi?» – deb so‘radi.
«Agar yoqtirmasalar, bo‘lmaydi», – dedi».
Sharh: Demak, ota-ona farzandining nasihatlarini yoqtirmay, «Biz uni ko‘tarib katta qilgan edik, endi bo‘lsa bizga aql o‘rgatyapti» – degan noto‘g‘ri tushunchada bo‘lsa, farzand o‘zini ehtiyot qilib, indamay qo‘ysa, bo‘laverar ekan.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Hasan Safarxoniyni qabul qildi.
Samimiy muloqot chog‘ida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki xalqni yagona din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib kelayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Hasan Safarxoniy O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyotni yuqori baholab, mamlakatning musulmon olamidagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada aloqalarni rivojlantirish, qo‘lyozmalarni qo‘shma tarzda tadqiq etish, Qur’oni karim ta’limi va tafsiri, haj va umra tadbirlarini tashkil etish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mehmon samimiy qabul va esdalik sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati