No‘monxon Yahyoxon,
Toshkent islom instituti talabasi.
Vanihoyat kutilgan final o‘yini bo‘lib o‘tdi. “Muftiy sovrini – 2025” mini-futbol musobaqasi yakuniy uchrashuvida Namangan vakilligi va Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoalari o‘zaro bellashdi. Ikkala jamoa ham ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib kelishgani yaqqol namoyon bo‘ldi. Boisi ularning saralashlardan muvaffaqiyatli o‘tib, yuqori bosqichgacha yetib kelgani ham bejis emas.
Final o‘yinini taniqli futbol sharhlovchilari Mirzahakim To‘xtamirzayev va Orif Tolipov sharhlab bordi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra:
1-o‘rin: Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoasi;
2-o‘rin: Namangan vakilligi jamoasi;
3-o‘rin: Samarqand vakilligi jamoasiga nasib etdi.
Murosasiz kechgan o‘yinni futbol shaydolari olqishlar ila kuzatib borishdi. Asosiy vaqtda jamoalar 4:4 hisobida durang qayd etishdi. G‘olib jamoa penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoasi 4:2 hisobda mutlaq chempion bo‘lishdi.
Musobaqadan so‘ng taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yordamchi murabbiyi Temur Kapadze, futbol afsonasi Mirjalol Qosimov va bir guruh mutasaddilar bosh kubokni final o‘yini g‘olibi Qoraqalpog‘iston jamoasiga tantanali tarzda topshirdi.
Shuningdek, g‘olib jamoa a’zolarining har biriga birinchi o‘rin medali va noutbuk taqdim etildi.
Namangan jamoasiga esa ikkinchi o‘rin medali va zamonaviy televizor, Samarqand jamoasiga uchinchi o‘rin medali va planshet topshirildi.
Hakamlar, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng ko‘p to‘purar”, “Eng yaxshi o‘yinchi” nominatsiyalariga sazovor bo‘lgan o‘yinchilarga ham qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, barcha o‘rin sohiblariga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati