Respublikamizning barcha hududlarida otinoyilar ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish yuzasidan davomli tadbirlar o‘tkazishmoqda.
O‘tgan hafta davomida xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik hamda o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha 220 ta, erta turmush, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlaridan ogoh etish maqsadida 226 ta, to‘y, ma’raka-marosimlarni ixcham, isrofgarchiliksiz o‘tkazish bo‘yicha 346 ta, bid’at-xurofotlarga qarshi kurashish bo‘yicha 260 ta, ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha 264 ta oila bilan suhbatlashildi.
Moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj 130 ta xonadonga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa hadyalar ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Kecha «Hilol Nashr» nashriyotining majlislar zalida yangi chop etilgan taroveh mus'hafining (https://hilolnashr.uz/taroveh-musxafi-27-29) taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda kitobni nashrga tayyorlagan ustoz Hasanxon Yahyo Abdulmajid qori, Abdulhakim qori Matqulov va bir qancha qorilar mehmon bo‘ldilar.
Suhbat avvalida ustoz Erkin Malik Hasanxon Yahyo Abdulmajidni yangi kitob bilan tabriklab, tadbirni ochib berdilar. Keyin esa Hasanxon qori Qur’oni Karimning mus'haf holiga keltirilishi, juz, hizb kabi qismlarga bo‘linishi, taroveh mus'hafining tayyorlanish jarayoni va unda ishlatilgan belgilar haqida so‘zlab berdilar.
So‘ng an’anaga ko‘ra, kitobxonlar bilan savol-javob o‘tkazilib, to‘g‘ri javob topganlarga taqdimoti bo‘layotgan kitob − taroveh mus'hafi hadya qilindi.
Keyin Hasanxon Yahyo Abdulmajid navbatdagi xushxabar − quran.uz sahifasidagi o‘n qiroat bo‘yicha yangilik bilan o‘rtoqlashdilar. Endilikda ushbu sahifa orqali Qur’oni karimni 10 xil qiroat va 20 xil rivoyatda o‘qish va tinglash mumkinligini taqdimot yordamida tushuntirib berdilar.
So‘ng ustoz qorilardan Abdulhakim Matqulov Hasanxon Yahyo Abdulmajidni mus'hafning yangi nashri bilan qutlab, kelgusi ilmiy faoliyatlariga baraka tiladilar.
Kelgan mehmonlarga nashriyotning esdalik sovg‘alari ulashildi.
Ahmad Rizo qori va Abdulbosit qori Qobilovning tilovatlari hamda Abdulhakim qori Matqulovning xayrli duolari bilan tadbir nihoyasiga yetdi.
@hilolnashr