Ustoz xattaxtaga 1 raqamini yozdi va o‘quvchilarga qarab: “Bu sizning insoniyligingiz”, dedi. So‘ng 1 raqami yoniga 0 raqamini yozib: “Bu sizning boyligingiz” dedi. Yana bir 0 yozar ekan: “Bu sizlarning martabangiz”, dedi.
Ustoz shu zayl raqamni yiriklashtirib borarkan, inson hayotda erishishi mumkin bo‘lgan yutuqlarni sanardi. Keyin esa... Boshlanishdagi 1 raqamini o‘chirib tashladi. Xattaxtada hech bir qiymatga ega bo‘lmagan nollar qoldi. Shunda ustoz shogirdlariga: “Agar sizda insoniylik bo‘lmas ekan, qolgan yutuqlarning bari hech bir qiymatga ega bo‘lmaydi”, dedi.
Qissadan hissa shuki, hayotning o‘zi bir darsxona. Birini ko‘rib fikr qil, birini ko‘rib shukr qil, degan naql bejiz aytilmagan. Alloh bizga bergan umrni O‘zi rozi bo‘ladigan, boshqalarga naf keltiradigan, dunyo va oxiratda foydali bo‘lgan ishlarga sarflaylik.
Akbarshoh Rasulov
#xabar #qabul #murojaat
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan olib borayotgan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolar muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qabullar jarayonida har bir murojaat e’tibor bilan o‘rganilib, aksariyati o‘z vaqtida ijobiy hal etilayotgani quvonarlidir.
Jumladan, bugun 17 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini tingladilar. Qabul davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra masalalari, oilaviy muammolar hamda moddiy yordam bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, oilaviy masalalar bo‘yicha murojaat qilganlarga muammolar yechimi yuzasidan maslahatlar berildi, shar’iy savollarga atroflicha tushuntirishlar qilindi hamda moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak ko‘rsatildi.
Samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Darhaqiqat, inson dardiga sherik bo‘lish va uning tashvishini yengillatish — savobi ulug‘ amaldir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari hamda barcha jome masjidlarida haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati