O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif doirasida Malayziya Islom san’ati muzeyiga tashrif buyurdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu majmua mamlakatning eng yirik muzeylaridan biri hisoblanadi. U 1998 yilda tashkil etilgan.
Muzey an’anaviy islom me’morchiligi uslubida barpo etilgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyodni tashkil etadi.
Bino gumbazining ichki qismini bezash va restavratsiya ishlarida o‘zbekistonlik ustalar ishtirok etgan.
Bu yerda 10 mingdan ortiq islom san’ati namunalari saqlanmoqda. Doimiy ekspozitsiyada Qur’on qo‘lyozmalarining noyob to‘plami, sopol va qimmatbaho buyumlar, qurol-yarog‘ namunalari va inshootlar maketlari, taqinchoqlar, tangalar va boshqa ashyolar namoyish etilmoqda.
Muzey fondida zamonaviy O‘zbekiston hududida turli tarixiy davrlarda yaratilgan 200 ga yaqin noyob eksponatlar alohida o‘rin egallaydi. Ular orasida o‘rta asrlarga oid qo‘lyozmalar, zargarlik buyumlari, mashhur abr matolari va kiyim namunalari, Sharq Renessansiga oid kulolchilik buyumlari mavjud.
Davlatimiz rahbari eksponatlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish va ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy va madaniy almashinuvni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
President.uz
Haj ibodatini ado etgan hojilarning “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasidagi ezgu ishlar yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoymoqda. Ramazon oyi sharifda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va amaliy tadbirlardan biri Marg‘ilon shahrida bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchilik qildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 124 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam ko‘rsatdilar. Aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlar davomida ehtiyojmand fuqarolarga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ishlari amalga oshirildi.
“Robiya hoji ona” masjidi hududida yashovchi kam ta’minlangan oila uchun "Kirguli" mahallasida uch xonali uy qurilib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, “Imom Zahriddin” jome masjidi hududidagi xonadonda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida uy katta talafot ko‘rgan va oilaboshi vafot etganligi inobatga olinib, homiylar ko‘magida ushbu xonadon ham moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanib kelinayotgani e’tirof etildi.
Shuningdek, peshin namozidan so‘ng qilingan dolzarb mavzulardagi mav’izalar jamoat orasida katta taassurot qoldirdi. Hozirgina qilingan xayrli ishlar ma’naviy targ‘ibotning amaldagi namunasi ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Yakunda xatmi Qur’onlar yetkazilib, yurt ravnaqi va tinchligi, xotirjamlik va farovonligimiz barqaror bo‘lishini so‘rab duo qilindi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati