Albatta, Navoiy merosining qirralari va ufqlari g‘oyatda keng. Ammo asosiy jihati bu zot musulmon mutafakkiri bo‘lib, o‘z borlig‘ini va haqiqatini mana shunda ko‘rganligidir. Islom haqiqatlari uning butun merosiga mazmuniga singdirib yuborilganidan tashqari, bevosita din ilmlariga bag‘ishlangan asarlari ham yetarlicha. Jumladan, qirq hadis sharhiga bag‘ishlangan “Arba’in” risolasi ham shular jumlasidandir. O‘tmishda ko‘plab olimlar qirq hadis bitish va uni sharhlashga katta e’tibor qaratishgan va bu ish an’anaga aylangan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ayrim hadislarning birida shunday deyiladi:
“Kim ummatim uchun ularning dini borasidagi qirq hadisni saqlab yetkazsa, Alloh uni qiyomat kunida faqih va olim qilib tiriltiradi” (Imom Doraqutniy va boshqalar Mu’oz va Ibn Abbos roziyallohu anhumlardan rivoyat qilgan) (Suyutiy. Jam’ al-javome’. 21368-raqam).
Ta’kidlanidek, Abdurahmon Jomiyning “Chihil hadis” (Qirq hadis)ini Alisher Navoiy turkiyga tarjima qilgan. Shoirning niyati, asar muqaddimasida ta’kidlanganidek, “forsiydonlar idrok aylagan” qirq hadis mohiyatidan turkiyzabonlarni ham bahramand qilish edi. Bu hadislarni she’rga solishda esa barcha shoirlar ularning oson tushunilishini, yodda saqlanilishini ham nazarda tutganlar:
Forsiydonlar aylabon idrok,
Oriy (xoli) erdi bu naf’din atrok (turklar).
Istadimki, bu xalq ham bori
Bo‘lmag‘aylar bu naf’din oriy.
Navoiy o‘z asarini hadisi sharifning barcha uchun bo‘lgan ulkan ahamiyati haqidagi quyidagi go‘zal bayt va ma’nolar bilan boshlaydi:
Hamd angakim, kalomi xayrmaol
Qildi elga rasulidin irsol.
Ul rasuleki, ham kalomi fasih
Elga tegurdi, ham hadisi sahih,
To ulus jahldin xalos bo‘lub,
Ilm xilvatgahiga xos bo‘lub,
Chun tamug‘din (do‘zaxdan) najot topqaylar,
Uchmaq (jannat) ichra hayot topqaylar.
Jalla zikruh zihe ilohi rafi’,
Azza kadruh zihe rasuli shafi’.
Ana shu hadislar orasida Imom Termiziyning “Sunan” asarida keltirilgan bir qator hadislar ham o‘rin olganligi diqqatga sazovor. Jumladan, uning ilk hadisi shunday boshlanadi:
“Lo yu’minu ahadukum hatta yuhibbu li-axihi mo yuhibbu li-nafsihi”.
“Sizlardan hech biringiz toki o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini birodari uchun ham yaxshi ko‘rmagunicha mo‘min bo‘lmas”.
Ushbu hadisni Imom Buxoriy, Muslim, Nasaiy, Ibn Moja, Dorimiy va boshqalar bilan bir qatorda Imom Termiziy ham rivoyat qilgan bo‘lib, sahoba Anas roziyallohu anhudan naql etgan ushbu hadis haqida o‘zining “Sunan”ida (2515-raqam) deydi: “Bu sahih hadisdir”.
Alisher Navoiy ushbu ulug‘ hadisni shunday sharhlaydi:
Mo‘min ermastur, ulki iymondin
Ro‘zgorida yuz safo ko‘rgay,
Toki qardoshiga ravo ko‘rmas –
Har nekim o‘ziga ravo ko‘rgay.
Ikkinchi hadis ham boshqa ishonchli manbalar qatori Imom Termiziy “Sunan”idan joy olgan va uni sahoba Mu’oz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan (2521-raqam):
Man a’to lillahi va man’a lillahi va ahabba lillahi va abg‘aza lillahi faqadistakmala iymanahu.
“Kim Alloh uchun bersa, Alloh uchun man’ qilsa, Alloh uchun yaxshi ko‘rib, Alloh uchun yomon ko‘rsa, darhaqiqat, iymonini kamolga yetkazibdi”.
Imom Termiziy rivoyatida: “Alloh uchun nikohlansa...” degan ziyoda ham bor. Navoiy keltirgan ayni lafz esa Imom Abu Dovud “Sunan”ida uchraydi va Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilingan (Suyutiy. Jam’ al-javome’, 20166-raqam).
Demak, kishi oldi-berdi, yaxshi va yomon ko‘rish masalalarida o‘z havoyi nafsiga ma’qul bo‘lgan yo‘ldan borib, uni o‘lchov qilib olishi kishini adashtiradi, aksincha bu borada Haqning haqiqat mezonini o‘lchov qilganda yutuqqa erishadi, iymoni o‘shanda kamolotga yetgan hisoblanadi. Shulardan kelib chiqib, Navoiy deydi:
Kimgakim hubbu bug‘zu man’u ato
Haq uchun bo‘ldi jazm bil oni,
Kim erur tengri lutfidin komil
Ahli imon qoshida iymoni.
Uchinchi hadis ham Imom Termiziy “Sunan”ida mavjud bo‘lib, sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan (2627-raqam):
al-Muslimu man salimal-muslimuna min yadihi va lisonihi.
“Musulmon – qo‘li va tilidan musulmonlar salomat bo‘lgan kishidir”. Hadisning davomida deyiladi: “val-Mo‘min man aminahun-nas min ’ala dimaihim va amvalihim” – “Mo‘min esa odamlar undan qonlari va molu dunyolari borasida emin bo‘lgan kishidir”.
Ushbu hadisdan kelib chiqadiki, mo‘min-musulmonlik faqat da’vo qilish bilan bo‘lmaydi, balki uning samarasi ham lozim bo‘lib, bu uning nechog‘lik kamolot yetganiga bog‘liq. Ushbu dastlabki uch hadisda aynan shunga urg‘u berilgani iymon va Islom kishida faqat rasm-rusum sifatida qolib ketmasdan, balki uning haqiqati kishida namoyon bo‘lishi, shunda avvalo o‘zi, qolaversa boshqalar ham bu iymonidan bahra topishiga e’tibor qaratilmoqda. Zero, kishi birgina kalima bilan mo‘min-musulmon bo‘lishi mumkin, ammo uning haqqini butun umri davomida ado etishga doim urinishi lozim. Jumladan, birinchi uch hadisi sharifda kelgan ma’nolarga ko‘ra, o‘ziga ravo ko‘rganni birovga ravo ko‘rishi, oldi-berdi, yaxshi va yomon ko‘rish masalasida nafs xohishiga emas, haqiqatga ergashishi, odamlardan qo‘li va tili bilan yetadigan ozorlarini tiyishi shular jumlasidandir. Hatto Navoiy uchinchi hadis sharhida deydi:
Kim musulmonlig‘ aylasa da’vo,
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur.
Tiliyu ilgidin musulmonlar.
Demak, kishi hatto jonini fido qilguday bo‘lsa ham odamlarga ozor beruvchi va tajovuz qiluvchi bo‘lsa, iymon kamolotidan mahrum bo‘lishi mumkin. Chunki boshqa hadislarda kelganidek, odamlar orasidagi haqlar qiyomatda kechilmaydi va zulm ko‘rgan kishiga zulm qilganning savob amallaridan olib beriladi yoki zulm ko‘rganning gunohlaridan olinib, zulm qilganning bo‘yniga qo‘yiladi. Natijada hasrati ulkan bo‘ladi.
E’tiborli jihati, Navoiy ushbu hadislarning ishonchliligiga ham urg‘u berib, deydi:
O‘qug‘onda Buxoriyu Muslim
Qirq so‘z borcha shubhadin solim.
Ya’ni bu qirq hadis Imom Buxoriy va Muslim hamda shu kabi ulug‘ Imomlarning mo‘tabar hadis manbalaridan terib olinganki, ular shubhalardan salomatdir. Shuning uchun:
Bu kun o‘lsa hadislarga muti’,
Tongla bo‘lg‘ay muhaddis anga shafi’.
Ya’ni inson bunday ulug‘ so‘zlardagi yetuk va asl ma’nolarga bu dunyodagi tirikligida astoydil itoat etmog‘i kerakki, shoyadki buning sababidan ertaga qiyomat kunida ularni aytuvchi kishi – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shafoatlariga muyassar bo‘lsa va ikki dunyo g‘amidan najot topsa.
Bu rivoyatlarda kelgan ma’nolar inson hayoti uchun asosiy qadriyat va o‘lchovlar sifatida shakllanishi qanchalik muhimligi ko‘rinib turibdi. Navoiy bobomizning bularni nazmga solishlari esa uni bizga yanada yaqinroq qilishga xizmat qiladi va ma’nolarni teranroq anglashimizga sabab bo‘ladi.
Foydalanilgan manbalar:
Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. al-Jome’ al-kabir. VI. – Bayrut: Dor al-g‘arb al-islomiy, 1998. Birinchi nashr.
Jaloliddin Abulfazl Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy Qohiriy. Jam’ al-javomi’ al-ma’ruf bi-jami’ al-kabir. XXIV. – Azhar: Dor as-sa’oda lit-tiba’a, 2005. Yangi nashr.
Alisher Navoiy. Arba’in. Matnni nashrga tayyorlovchi Suyima G‘aniyeva. – Toshkent: Fan, 2000. – 32 b.
Jo‘rabek Cho‘tmatov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
katta ilmiy xodimi (PhD)
Atrof-muhitni muhofaza qilish – bu inson salomatligi va tabiatning barqarorligini ta’minlash maqsadida atrof-muhitni asrashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasidir. Bu sohadagi faoliyat tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish, havo va suv sifatini nazorat qilish, bioxilma-xillikni saqlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Alloh bizlarni yashab turgan zaminimizni ozoda saqlagan holda obod qilishga, Uning bergan ne’matlarini asrab-avaylashga buyurib, buzg‘unchilik qilishdan, atrof-muhitga zarar yetkazishdan qaytarib, Qur’oni karimda: «...yer yuzida buzg‘unchilik qilish hamda ekin va naslni halok etish uchun harakat qiladi. Alloh esa buzg‘unchilikni suymas», – degan (Baqara surasi, 205-oyat).
Shariatimizda tuproq, suv, havo va tabiatni toza saqlash, ularning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish singari hukmlar keltiriladiki, bu bizlarga ibrat namunasi bo‘lishi lozim. Xususan, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar», – deganlar (Abu Dovud rivoyati). Aytish joizki, hech bir oriyatli, iymon-e’tiqodli inson ushbu muborak hadisda zikr etilgan nomaqbul ishlarni qilishga botinmaydi. Aksincha, shunday ishni qilayotgan kishini ko‘rgan vaqtda darhol unga tanbeh berib, bunday qilish nomaqbul ekanligini tushuntiradi.
Dinimizda buyurilgan ishlarga qonunlarimiz ham mos keladi. Konstitutsiyamizga ko‘ra yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.
Atrof-muhitdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy qoidalarni belgilaydigan va umumiy tartibga soluvchi normalar tizimida Konstitutsiya normalari alohida o‘ringa ega. Unda mamlakatning ekologik strategiyasining asosiy yo‘nalishlari, ekologik talablarni ta’minlash kafolatlari va aholining ekologik xavfsizligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ekologik normalar tizimi o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga fuqarolarning ekologik huquqlari (49-modda), fuqarolar atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatini (62-modda) kiritish mumkin.
49-moddaga muvofiq, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga fuqarolarda o‘z salomatligi va kelajak avlodning salomatligi uchun qulay tabiiy muhitda yashash, salomatligini atrof muhitning zararli ta’siridan muhofaza qilish huquqi mavjud. Ayni paytda fuqarolar tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlariga birlashish, atrof tabiiy muhitning ahvoli hamda uni muhofaza qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga doir axborotlarni talab qilish va olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 62-moddasida fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, fuqarolar tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi, tabiat boyliklariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi, ekologiya talablariga rioya etishi shart.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi. 2023 yil 31 mayda “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarning inson salomatligiga zarari oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
2024 yil 26 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon ekologik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, chiqindilar bilan ishlashda jamoatchilik ishtirokini oshirish va ekologik nazoratni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Muhtaram yurtboshimiz ta’kidlaganidek, 2025 yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bu sohadagi konstitutsiyaviy normalar va tamoyillarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlar O‘zbekistonda barqaror rivojlanishini ta’minlash fuqarolarning salomatligi va farovonligini oshirishga qaratilgan. Davlat organlari, jamoatchilik va har bir fuqaroning bu jarayondagi faol ishtiroki esa ekologik muammolarni samarali hal etishga xizmat qiladi.
Jahongir Xatamov,
O‘MI Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i