«Bir kishi o‘zidan xabardor bo‘lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O‘z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakg‘a sa’y va ko‘shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mezon tarozusiga qo‘yiladurgan amallarning ichida yaxshi xulqdan og‘irrog‘i yo‘qdur. Mo‘min banda yaxshi xulqi sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro‘za tutib ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar”, demishlar».
Abdulla AVLONIY
Farzand tarbiyasi bugun har bir ota-ona uchun, o‘qituvchilar uchun juda og‘riqli masala. Chunki ularning odob-axloqi, darslarni o‘zlashtirishi qoniqarli emas. Yunusobod tumanidagi 117-o‘rta maktab o‘qituvchisi Sumbula ALMANOVA buning sabablari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Bugun yurtimizdagi har bir maktabning o‘ziga xos muhiti bor. Ta’lim jarayonlari ham, bolalarning yurish-turishi, o‘zlashtirishlari ham turlicha. O‘quvchilarning xulqida ko‘zga tashlanayotgan umumiy illatlar jamiyatimiz oldida turgan katta muammodir. Zero, birgina beadab o‘quvchi butun sinf muhitiga ta’sir qiladi.
Ertalab yaxshi kayfiyatda darsga kelasiz. Birinchi soatdan odobsiz o‘quvchi sizni behurmat qilsa, qolgan darslarni qanday o‘tish mumkin?! Sinfda shunaqa bolalardan bir nechasi bo‘lsa-chi? Dars tarbiyaviy soatga aylanib ketmaydimi? Afsus, bugun ko‘plab o‘qituvchilar ish kunini shu tarzda boshlamoqda.
Ba’zi o‘quvchilar darslarga mutlaqo e’tiborsiz. Maktabga faqat davomat uchun keladi. Darslarni o‘zlashtirmasligi oddiy holga aylangan. Ayrim yuqori sinf o‘quvchilari hijjalab o‘qib tursa, bu menga fojia bo‘lib ko‘rinadi. Aksar o‘quvchilarning fikru zikri qo‘l telefonida. Kamsonli o‘quvchilargina qanoatli. Qolganlarida doimiy norozilik kayfiyati ustun bo‘ladi.
Yana bir juda og‘riqli nuqta – bu o‘quvchilarning ibo-hayo masalasi. Shunday muammoga yo‘liqqan o‘quvchiga axloqdan so‘z ochsangiz, sizga “aql” o‘rgatadi.
Afsuski, keyingi paytda ota-onalarning maktab ishiga aralashishi ko‘p uchraydi. Farzandi yaxshi o‘qimasa, darslarga qiziqmasa ham, o‘qituvchilarni aybdor qilishadi. Bolasi nojo‘ya ish qilsa-da, yonini oladi. Shunday qilib, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida jarlik paydo bo‘lmoqda. Aslida ustoz va ota-onaning maqsadi bir bo‘lishi lozim!
Bu muammolarning yechimi, dardning davosi tarbiya ishidir. Bola ota-ona, bobo-buvilar qo‘lida ulg‘ayadi. Hozir-chi? Tan olish kerak, ko‘pchilikning farzandlari televizoru telefon bilan kun o‘tkazmoqda. Ota-onalar esa bunga befarq. Holbuki, bolalar, avvalo, oilada to‘g‘ri tarbiyalanishi lozim, Ta’lim maskanlari ota-onaga yordamchi bo‘ladi, xolos. Ta’lim darsliklarida tarbiyaga oid o‘quv dasturlarimiz bor. Lekin uning poydevori oilada bo‘lishi kerak. O‘qituvchiga ortiqcha mas’uliyatni yuklamaslik kerak. Chunki farzand uchun birinchi galda ota-ona mas’ul. Shuning uchun ota-onalar farzandini o‘qishga qiziqtirishi, uni tinglashi, darslarni o‘zlashtirishiga yordam berishi zarur. Shundagina undan biror yaxshilik kutish mumkin. O‘quvchi darsni o‘z vaqtida o‘zlashtira olmasa, orqada qolib ketadi. Bora-bora darsga umuman qiziqmay qoladi.
Demak, ota-onalar farzandlarining tarbiyasini yaxshilashi, darslarni qanday o‘zlashtirayotgani bilan har kuni qiziqishi, hech bo‘lmaganda smartfonlarda nimalar ko‘rayotgani, qancha vaqtini unga sarflayotganini nazorat qilishi lozim. O‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish oldimizda turgan birdek muhim vazifadir.
Bobur MUHAMMAD yozib oldi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘tgan mavzularda hadislarni saqlash uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan turli uslublarni o‘rganib chiqdik. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, hadislarni yozib olish ularni saqlashning yagona usuli bo‘lmasa-da, ammo bu jarayon hech qachon e’tibordan chetda qolmagan.
Hadislarni to‘plash borasida sahobalarning urinishlariga nazar solsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u zotning to‘rt ulug‘ xalifalari vaqtlarida minglab hadislarning yozilganini ko‘rishimiz mumkin.
Navbatdagi mavzularda aynan shu erta davrda eng mashhur bo‘lgan hadis to‘plamlarining tavsifi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Bu ma’lumotlar hech bo‘lmaganda hadislar dastlabki uch asr mobaynida to‘planmagan degan noto‘g‘ri tasavvurni rad etadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga binoan yozilgan hadislar
Avvalo shu haqiqatni anglab olishim kerakki, ko‘pgina hadislar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari tomonidan yozdirilgan va yozilgan holatda saqlanilishiga buyurilgan. Uni quyidagilar orqali bilish mumkin:
Sadaqa (zakot) kitobi
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zakot borasidagi shar’iy hukmlarni o‘zida jamlagan, zakot chiqarilishi kerak bo‘lgan turli mol-mulklar bilan bog‘liq bo‘lgan zakot nisobi va uning zakot chiqarish miqdorlarini belgilab bergan mukammal hujjatlar yozdirdilar. Bu hujjat “Kitobu-s-sadaqa” (Sadaqa kitobi) deya nomlangan.
Bu haqda Abdulloh ibn Umar bunday deydi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Sadaqa (zakot) kitobini yozdirdilar va uni vafot etadigan vaqtlarida voliylarga yubordilar. U Zot bularni qilichiga osib qo‘ygan edi. U zotning vafotlaridan zo‘ng Abu Bakr ham vafotlariga qadar bunga amal qildi. So‘ngra Umar ham o‘limiga qadar bunga ko‘ra ish tutdi. Bu kitobda quyidagilar qayt etilgan edi: Besh tuyadan bir echki olinadi…. ”
Bu hujjatning matni “Sunan Abu Dovud” kitobida keltirilgan. Mashhur muhadddis Imom Zuhriy bu hujjatni o‘quvchilariga o‘rgatar edi. U bunday yozadi: “Bu zakot ahkomlari haqidagi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan yozdirilgan hujjat matni bo‘lib, Hazrat Umarning farzandlaridan topilgan asl qo‘lyozmadir. Bu matnni menga Hazrat Umarning nabirasi Salim ta’lim berdi va men uni o‘rgandim. Umar ibn Abdulaziz bu matnning bir nusxasini Hazrat Umarning nabiralari Salim va Abdullohdan olgan edi. Xuddi shu matnning bir nusxasidan menda ham bor”.
Amr ibn Hazm roziyallohu anhuning nusxasi. Hijriy 10 yili Najron musulmonlar tomonidan fath qilingandan so‘ng, Amr ibn Hazm Yaman viloyatining voliysi etib tayinlandi. Shu vaqtda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ubay ibn Ka’bga mufassal bir maktub yozdirib, uni Amr ibn Hazmga berdilar. Bu maktub ba’zi bir umumiy tavsiyalar bilan birga tahorat, namoz, zakot, ushr, haj, umra, jihod, o‘ljalar, soliqlar, hun (qon) haqqi, boshqaruv, ta’lim-tarbiya kabi mavzulardagi shar’iy hukmlarni o‘z ichiga olgan edi.
Amr ibn Hazm Yaman voliysi sifatidagi o‘z vazifalarini ushbu maktub asosida bajardi. Uning vafotidan so‘ng ushbu hujjat uning nabirasi Abu Bakrda qoldi. Imom Zuhriy undan o‘rganib, bir nusxa ko‘chirib oldi, talabalariga undan ta’lim berdi.
Boshqa hukmdorlarga yozma ko‘rsatmalar
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarini turli viloyatlarga voliy yoki qozi qilib tayinlaganlarida, ularga o‘z vazifalarini ado etishda bajarilishi kerak bo‘lgan ko‘rsatmalari aks etgan hujjatlarni yozdirib berardilar.
Abu Hurayra va A’la ibn Hazramiyni Hajar zardushtiylariga elchi etib tayinlaganlarida, ularga zakot va ushr haqidagi shar’iy hukmlarni o‘z ichiga olgan ko‘rsatmalar yozdirib berganlar.
Xuddi shuningdek, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu (vaf.18/639) va Molik ibn Murarahlarni Yamanga yuborayotganlarida ularga ham shar’iy hukmlarni o‘z ichiga olgan hujjat yozdirib berganlar.
Qabila vakillariga yozma ko‘rsatma
Madinadan olis masofalarda joylashgan o‘lkalarda yashovchi mashhur arab qabilalari Islom dini qabul qilgandan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga o‘z vakillarini yuborishar edi. Bu vakillar Madinada bir muddat qolib, Islom ta’limotlarini, Qur’on tilovatini o‘rganishar va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘zlarini tinglashardi. Qavmlariga qaytayotgan vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘zlari va qabilalari uchun ba’zi ta’limotlarni yozib berishlarini iltimos qilishardi. Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam ularga eng muhim bo‘lgan shar’iy hukumlarni yozdirib berar edilar.
1. Voil ibn Hujr Yamandan kelgan va o‘z qavmiga qaytishdan oldin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan:
اكتب لي إلى قومي كتابا
“Menga qavmim uchun bir maktub yozib bering”, deb iltimos qildi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoviya roziyallohu anhuga uch dona hujjat yozdirdilar. Ularning bittasi Voil ibn Hujrning shaxsiy muammolariga bag‘ishlangan edi, qolgan ikkitasi esa namoz, zakot, harom qilingan ichimliklar ichish, sudxo‘rlik va boshqa ayrim masalalar bilan bog‘liq umumiy qoidalarni qamrab olgandi.
2. Abdulqays qabilasidan bo‘lgan Munkiz ibn Hayyan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib Islomni qabul qildi. Qabilasiga qaytayotganida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga bir hujjat berdilar. Uyiga qaytganida uni xech kimga ko‘rsatmadi. Uning da’vati bilan qaynotasi musulmon bo‘lgandan so‘ng, bu hujjatlarni unga berdi va ularni qabilasiga o‘qib bergach insonlar Islomni qabul qila boshlashdi.
Ushbu hadisning batafsil tafsilotlarini Imom Buhoriy va Imom Muslim kitoblaridan topish mumkin.
3. G‘omid qabilasidan bir guruh odamlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzulariga kelib Islomni qabul qilishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Qur’on ta’lim berish uchun Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuni yubordilar. Ubay roziyallohu anhu aytadi:
و كتب لهم رسول الله ﷺ كتابا فيه شرائع الإسلام
"Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga Islomning sha’riy hukmlarini ifoda etgan bir maktub yozdirib berdilar"[1].
4. Xasam qabilasi vakillari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelishdi. Bu haqda Ibn Sa’d turli ishonchli roviylarga asoslanib bunday ma’lum qiladi:
فقالوا آمنا بالله و رسوله و ما جاء من عند الله فاكتب لنا كتابا نتبع ما فيه فكتب لهم كتابا شهد فيه جرير بن عبد الله و من حضر
“Ular: “Biz Allohga va Uning Rasuliga hamda Allohdan kelgan (narsa)larga iymon keldirdik. Bir hujjat yozib bersangiz, undagi yozilgan narsalarga ergashar edik”, dedilar”. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ular uchun bir hujjat yozdirdilar. Bunga Jarir ibn Abdulloh va o‘sha yerda hozir bo‘lganlar guvoh bo‘lishdi”.
5. Sumala va Huddan qabilalari vakillari Makka fathidan so‘ng keldilar. Islomni qabul qildilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ular uchun zakot bilan bog‘liq bo‘lgan ta’limotlarni o‘z ichiga olgan bir hujjat yozdirib berdilar. Hujjatni Sobit ibn Qays yozdi va Sa’d ibn Uboda bilan Muhammad ibn Muslim guvoh bo‘ldilar.
6. Sobit ibn Qays roziyallohu anhu Eslam qabilasi vakillari uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytib turgan hujjatni yozdi. Bunga Abu Ubayda ibn Jarroh va Umar ibn Hattob guvoh bo‘ldilar.
Albatta, bu ayrim qisqa misollardir, xolos. Bunga o‘xshash misollarga bag‘ishlangan alohida (Ibn Sa’dning "Taboqat" nomli kitobi singari) kitoblar yozilgan.
Yuqoridagi misollardan Payg‘amabarimiz sollallohu alayhi vasallam faqatgina islomning umumiy hukmlari bayon etilgan hujjatlarni yozdirganlarini ko‘rish mumkin. U zot boshqa holatlar bilan bog‘liq hujjatlar ham yozdirganlar. Bu mavzudagi hujjatlarning ko‘pligi sababli ularning barchasini qisqa bir bobda yoritishning imkoni yo‘q. Bu hujjatlarning hammasi Sunnatning bir qismini tashkil qiladi va ulardan Islomning aksariyat hukmlari olingan.
Qisqacha qilib aytganda, biz faqat doktor Muhammad Hamidullohning "Al-Vasaiq as-Siyosiyya" nomli tadqiqotiga murojaat qildik, unda juda ko‘p sonli hujjatlar to‘plagan.
"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
[1] Ibn Sa’d. Tabaqot. J.1. – B. 34.