Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hanafiy mazhabimizda namozga kirishda qo‘l quloq barobarida ko‘tariladi. Boshqa mazhab sohiblari nazdida esa qo‘l yelka barobarida ko‘tariladi. Bunga ular bir qancha hadislarni dalil qilishgan. Hususan, Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Ibn Umar roziyallohu anhu: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirganlarida, qo‘llarini yelka barobarida ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar. Bu va shunga o‘xshash rivoyatlarni hujjat qilib, imomlar Molik, Shofeiy va Ahmad rahimahulloh: “Namozga kirganda qo‘llar yelka barobarida ko‘tariladi”, deyishadi.
Hanafiy ulamolari bunga ko‘plab hadislarni hujjat qilib keltirishadi. Jumladan, Abu Dovud Sunanida keltiradi. Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirish uchun takbir aytsalar qo‘llarini to quloqlarining yumshog‘iga yaqin bo‘lguncha ko‘tarardilar”. Abdurrazzoq, Humaydiy, Imom Ahmad, Buxoriy va Doraqutniy ham shunga o‘xshash rivoyat qilishgan.
Uch mazhab sohiblarining dalillariga esa birqancha javoblar berishgan:
1. Qo‘lni yelka barobarida bo‘lishi quloq barobarida ko‘tarishni inkor qilmaydi. Chunki kaft quloq barobarida bo‘lsa, qo‘lning bir qismi yelka barobarida bo‘ladi. Buni Abu Dovudning sunanlarida kelgan hadis qo‘llab quvvatlaydi.
Voil ibn Hujr roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga turganlarida, qo‘llarini yelkagacha ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlari barobar qilib so‘ng takbir aytganlarini ko‘rganman.
2. Qo‘llarini yelka barobarida ko‘targanliklariga, sovuq sababli ustlaridagi kiyimdan qo‘llarni quloq barobarigacha chiqarish imkonsizligi sabab bo‘lgan. Shuning uchun qo‘llarni yelka barobar ko‘tarishlariga to‘g‘ri kelgan. Bunga ham Abu Dovudning Sunanida kelgan hadis dalil bo‘ladi:
Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirganlarida qo‘llarini quloq barobarida ko‘targanliklarini ko‘rdim”. Bir muddatdan so‘ng ularning (sahobalarning) huzuriga keldim. Namozga kirishishda ustlarida burnus va kiyimlari bo‘lgan holda qo‘llarini ko‘ksilari barobarida ko‘tarishardi”.
Izoh: Burnus – paxtadan bo‘lgan uzun libos.
Hadisdan ko‘rinib turibdiki, qo‘llarning quloq barobar ko‘tarilmasligining sababi ustlaridagi liboslar bo‘lgan. Bu borada kelgan hadislarni ana shunday jamlash mumkin. Qoida borki, hadislarning barchasiga jamlab amal qilish imkoni bo‘lsa, hammasiga amal qilish: birini olib boshqasini tark qilgandan avloroqdir. Shuning uchun hanafiy ulamolarimiz hadislarni jamlash yo‘liga yurganlar.
Qiyos jihatidan olib qarasak ham bu to‘g‘ri bo‘ladi, chunki namoz oldidan qo‘llarni ko‘tarish namozga kirishganligini bildirish uchun qilinadi. Hatto orqada kar kishi turgan bo‘lsa ham imomning namozga kirishganligini bilish imkoni bo‘lishi kerak. Bu esa qo‘llar quloq barobarida ko‘tarilgandagina yaqqol ko‘rinadi. Shu va bunga o‘xshash ko‘plab dalillarni hanafiylar hujjat qilib bu masalada qo‘llar quloq barobarida bo‘lishini ixtiyor qilishgan va bu Ato ibn Abu Raboh, Ibrohim Naxaiy, Abu Maysara, Vahb ibn Munabbih va Molikiydan bir jamoasining ham mazhabidir.
Javohir Isomiddinov,
Hadis ilmi maktabi talabasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Taroveh namozi qanday amal?
Taroveh namozi erkak va ayollarga sunnati muakkada – ta’kidlangan sunnat amaldir.
Taroveh namozi qachondan boshlanadi?
Taroveh namozini o‘qish sha’bon oyining oxirgi kuni ya’ni ramazon oyidan bir kun oldin xufton namozidan keyin boshlanadi.
Taroveh namozi qachon o‘qiladi?
Taroveh namozi xufton namozining sunnatidan keyin vitr namozidan oldin o‘qiladi.
Taroveh namozining niyati
“Taroveh namozini xolis Alloh uchun imomga iqtido qilgan holda o‘qishni niyat qildim”.
Sano duosi o‘qiladimi?
Taroveh namozining har ikki rakatining birinchi rakatida imom va qavm sano duosini o‘qiydi (Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va laa ilaha g‘oyruk).
Taroveh namozi nechi rakat?
Taroveh namozi yigirma rakat. Har ikki rakatdan keyin salom beriladi va to‘rt rakatdan so‘ng tasbeh aytiladi.
Taroveh namozining tasbehi
سُبْحانَ ذِي الْمُلْكِ وَالْمَلَكُوتِ سُبْحانَ ذِي الْعزَّةِ وَالعَظَمَةِ وَالْقُدْرَةِ وَالْكِبْرِيَاءِ وَالْجَبَرُوتِ سُبْحانَ الْمَلِكِ الْحَيِّ الَّذِي لَا يَنَامُ وَلَا يَمُوتُ سُبُّوحٌ قُدُّوسٌ رَّبُّنا وَرَبُّ الْمَلَائِكَةِ وَالرُّوحِ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ نَسْتَغْفِرُ اللهَ نَسْئَلُكَ الْجَنَّةَ وَنَعُوذُ بِكَ مِنَ النَّارِ.
O‘qilishi: Subhaana zil-mulki val-malakuut. Subhaana zil-’izzati val-’azomati val-qudroti val-kibriyaa’i val-jabaruut. Subhaanal-malikil hayyillaziy laa yanaamu va laa yamuut. Subbuuhun quddusun Robbunaa va Robbul-malaaikati var-ruuh. Laa ilaaha illallohu nastag‘firulloh. Nas’alukal-jannata va na’uzu bika minan-naar.
Ma’nosi: Mulk va malakut Egasini poklab yod etaman! Izzat, buyuklik, qudrat, ulug‘vorlik va hukmronlik Egasini poklab yod etaman! Hargiz uxlamaydigan va o‘lmaydigan Hayyni, Malikni poklab yod etaman! U Zot Subbuhdir, Quddusdir, farishtalarning va Ruhning Robbidir. Allohdan O‘zga iloh yo‘q! Allohdan mag‘firat so‘raymiz. Sendan jannatni so‘raymiz va do‘zaxdan O‘zingdan panoh tilaymiz.
O‘tgan gunohlar kechiriladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Ramazon oyida iymon bilan savob umidi (taroveh)da qoim bo‘lsa, avvalgi gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar kishi imom bilan to tugatguncha birga namoz o‘qisa, tunni bedor o‘tkazgan deb hisoblanadi”, deganlar (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD