Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Mart, 2025   |   18 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:12
Quyosh
06:30
Peshin
12:36
Asr
16:45
Shom
18:36
Xufton
19:49
Bismillah
18 Mart, 2025, 18 Ramazon, 1446

Mahrni ikkiga bo‘lib to‘lash ham mumkinmi?

14.02.2025   20943   7 min.
Mahrni ikkiga bo‘lib to‘lash ham mumkinmi?

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan bir ayolga uylanib, unga mahr tayin etmagan, u bilan qovushmay turib vafot etgan kishi haqida so‘raldi.

Shunda u kishi: «U ayolga o‘z ayollari mahri mislicha mahr beriladi. Kam ham emas, ko‘p ham emas. Unga meros ham beriladi. Unga idda o‘tirish vojib bo‘ladi», dedilar.

Shunda Ma’qil ibn Sinon al-Ashja’iy turib:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Barva’a bintu Voshiq haqida sen chiqargan hukmga o‘xshash hukm chiqargan edilar» dedi.

Ibn Mas’ud bundan xursand bo‘ldi».

«Sunan» egalari rivoyat qilganlar.

Mahrni zikr qilmasdan, uni nafiy qilib, mol bo‘la olmaydigan narsa ila, jinsi yoki sifati noma’lum narsa ila qilingan nikoh durustdir.

Bu jumlada mahrga bog‘liq besh xil holat haqida so‘z bormoqda:

1. Mahrni zikr qilmay, u haqda biror og‘iz ham gapirmay tuzilgan nikohning joriy bo‘laverishi. Chunki nikohga amr qilingan oyatda mahr zikr qilinmagan.

2. Mahrni nafiy qilib, ya’ni «orada mahr yo‘q», deya kelishilgan nikohning sobit bo‘lishi.

Alloh taolo «Baqara» surasida marhamat qiladi: «Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q» (236-oyat).

Mahr atalmagandagi taloq joiz bo‘lganidan keyin, mahr atalmay qilingan nikoh ham joiz bo‘ladi. Chunki taloq faqat sahih nikohgagina tushadi.

3. Mahrga mol bo‘la olmaydigan narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, bir musulmon bir muslimaga uylanayotib, mahrga xamr yoki cho‘chqa beraman, degan bo‘lsa ham nikohlari o‘taveradi. Ular mahrga atash mumkin bo‘lmagan narsani ataganlari uchun, bu – xuddi hech narsa atamagan bilan barobar bo‘ladi.

4. Mahrga jinsi noma’lum narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, kuyov: «Kelinning mahriga kiyim yoki taqinchoq beraman», dedi. Qay turdagi kiyim yoki taqinchoqligi noma’lum. Bu ham hech narsa atamaganga o‘xshash, bo‘laveradi.

5. Mahrga sifati noma’lum narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, kuyov: «Mahrga sigir beraman», dedi-yu, qay sifatdagi sigir berishini aytmadi.

Ammo bunday nikohlar bo‘laveradi, deyish er mahr bermay ketaveradi, degani emas. Balki nikoh bog‘lanadi, undan keyingi munosabatlar zino bo‘lmaydi, deganidir. Nikoh aqdi durust bo‘laveradi, ammo ayolning mahr haqqi poymol bo‘lmaydi, erga mahr berish farzligi o‘z o‘rnida turaveradi. Bu holatlarda, avval aytib o‘tilganidek, o‘sha narsalarning o‘rtachasi yoki qiymati miqdoridagi «mahri misl» vojib bo‘ladi.

Bunda narsaning o‘zini yoki qiymatini berish kuyovning ixtiyorida. Kelin uning berganini olishga majbur.

Agar er ayolini yurtidan chiqarmaslik sharti bilan mingni atab, nikohlab olgan bo‘lsa yoki nikohda «muqim tursa, ming berasan, olib chiqsang, ikki ming» deb shart qo‘yilgan bo‘lsa, u holda er aytganiga vafo qilsa yoki muqim tursa, ayoliga mingni berish vojib bo‘ladi. Aks holda «mahri misl»ni beradi. Bu esa, ikki mingdan oshmaydi va mingdan kam bo‘lmaydi.

Agar bokiralikni shart qilgan bo‘lsa-yu, juvon chiqib qolsa ham, mahrning hammasini berish lozim bo‘ladi. Chunki qizligi zinodan boshqa sabablarga ko‘ra ketgan bo‘lishi mumkin. Bu holda yaxshi gumon qilgan afzal.

Fosid nikohda, agar yaqinlik qilmagan bo‘lsa, hech narsa vojib bo‘lmaydi. Agar yaqinlik qilsa, yaqinlik qilgan vaqtidan boshlab, atalgandan ziyoda bo‘lmagan «mahri misl» vojib bo‘ladi, nasab sobit bo‘ladi.

Fosid nikohga opa-singilga birdaniga uylanish, guvohlarsiz uylanish, opasining iddasida singlisiga uylanish, boshqaning iddasida o‘tirgan ayolga uylanish va to‘rtinchi xotinning iddasida beshinchisiga uylanish kabilar kiradi.

Kelinga beriladigan «mahri misl» uning ota qavmi e’tiboridan yoshiga, jamoliga, moliga, aqliga, diyonatiga, yurtiga, zamoniga, bokiraligi yoki juvonligiga qarab bo‘ladi. Shuningdek, kelinning odob va axloqiga qarab bo‘ladi.

«Mahri misl»ni belgilashda mazkur omillarni hisobga olib, kelinning mahri uning ota yurtidagi o‘ziga eng o‘xshash kelinga beriladigan mahr miqdorida bo‘ladi. Agar ularda – ota taraf qarindoshlarda bo‘lmasa, begonalardan olinadi. Ya’ni «mahri misl»i aniqlanishi lozim bo‘lgan kelinga o‘xshash kelin uning otasining qarindoshlari ichidan topilmasa, onasi tarafdan va uning qavmidan emas, begonalardan izlab topiladi. Agar ona otaning qavmidan bo‘lmasa.

Bir kelinga beriladigan «mahri misl»ni aniqlashda uning qaysi kelinga teng ekanini belgilash uchun ikki er kishi yoki bir er va ikki ayol kishi tayinlanadi.

Mahrni berish muddati (erta yoki kech berilishi) ana shu tayinlangan kishilar tarafidan belgilangan bo‘lsa, o‘shandoq bo‘ladi, agar ular tayin qilmagan bo‘lsalar, urfdagiga qarab bo‘ladi.

Mahrni ikkiga bo‘lib to‘lash ham mumkin. Dastlabkisi avval beriladi va «mahri mu’ajjal»«erta mahr» deb ataladi. Keyingisi keyin beriladi va «mahri muajjal»«kechiktirilgan mahr» deb ataladi.

Agar ikki taraf aqdi nikoh paytida erta mahr qancha va qachon berilishini, kech mahr qancha va qachon berilishini kelishib olgan bo‘lsalar, o‘sha kelishuvga binoan ish tutadilar.

Aqdi nikoh paytida bunday kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa, o‘z qavmlarida mazkur miqdordagi mahrni o‘sha ayolga o‘xshash kelinlarga qay tarzda berishga odatlangan bo‘lsalar, o‘sha tarzda beriladi.

Erta mahrni olishdan avval ayol jinsiy yaqinlikni va o‘zining safarga olib chiqilishini man qilishga haqli. Agar o‘z roziligi bilan bo‘lgan yaqinlikdan keyin man qilsa ham, joiz. Bu holatda uning nafaqasi soqit bo‘lmaydi.

Ya’ni, mahrini o‘z vaqtida berilmaganiga norozi bo‘lib, kuyovni o‘ziga yaqinlashtirmayotgan kelinning nafaqasi erga vojib bo‘lib turaveradi. Er: «Xotinim meni o‘ziga yaqinlashtirmayapti, shuning uchun uning nafaqasini bermayman», deyishga haqli emas.

Shuningdek, u erning iznisiz hojat yuzasidan safar qilishga va tashqariga chiqishga haqli. Mahrni vaqtida bermagan er ayolni bu narsalardan man qilishga haqli bo‘lmaydi.

Ayol erta mahrni olganidan keyin uni boshqa yoqqa olib ketsa, bo‘ladi. Uni safarga olib ketmaydi, deganlar ham bor va fatvo shunga berilgan.

Ulamolar «Erta mahrni yoki to‘la mahrni bergandan keyin er-xotinning roziligisiz uni boshqa yurtga olib ketsa bo‘ladimi, yo‘qmi?» degan masalada turli gaplarni aytganlar. «Olib ketishi mumkin emas», deganlar ko‘proq zamonning fasodini e’tiborga olganlar.

«Olib ketishi mumkin», deganlar Alloh taoloning «U (ayol)larga o‘zingiz yashab turgan joydan imkoningiz boricha joy bering», degan qavlini dalil qilib keltirganlar. Mana shunisi to‘g‘ri.

Agar er unga bir narsa yuborgan bo‘lsa-yu, xotin uni «hadya» desa, er «mahr» desa, erning gapi qabul bo‘ladi. Illo, yemoq uchun tayyorlangan narsada uning gapi qabul qilinmaydi.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Boshqa maqolalar

Ulug‘ ayyom kunlarida e’lon qilingan quvonchli qaror

15.03.2025   9683   3 min.
Ulug‘ ayyom kunlarida e’lon qilingan quvonchli qaror

Ilm insonning eng katta, kamaymas, unga sharaf keltiradigan boyligidir. Unga ega bo‘lgan odam nafaqat o‘z hayotini, balki butun insoniyat kelajagini ham ravshanlashtiradi. Haqiqiy olimlar ilm orqali jahon taraqqiyotiga hissa qo‘shadilar, jamiyatga foyda keltiradi, odamlar hayotini yaxshilashga xizmat qiladi. Tarixdagi ulkan olimlar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ibn Sino, Beruniy, Al-Xorazmiy kabi allomalarimiz dunyo tamadduniga mislsiz hissa qo‘shgan ana shunday ajdodlarimizdan. Ular bizga qoldirib ketgan ilmiy merosni qadrlashga, kelajak avlodlarga yetkazishga bo‘lgan e’tibor esa, kishini to‘lqinlantiradi. 
 

Dunyo musulmonlari qatorida Ramazon oyi shukuhidan bahramand bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz kecha yana bir tarixiy, quvonchli hodisaga guvoh bo‘lishdi. Ulug‘ vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur  Moturidiyning 1155 yilligini keng miqyosda nishonlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilinishi juda ko‘pchilikni mamnun etdi.
 

Qaror bilan tanishar ekansiz, beixtiyor “Olim bo‘lsang, olam seniki” iborasi yodga keladi. Chunki ilmli odam jamiyatda hurmatga sazovor bo‘ladi, o‘z fikri va bilimi bilan nafaqat o‘z davri, balki asrlar osha bashariyat ravnaqiga xizmat qiladi. Qarorda keltirilgan bandlar ham shunga monand. Uning negizini ham ilmga targ‘ib, xalqaro va yurtimiz miyosida ilmiy suhbat, anjumanlar o‘tkazish, ilm ahlini rag‘batlantirish kabi ezgu ishlar tashkil qiladi. Unda joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman qilish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, g‘oliblar ishtirokida O‘zbekistonda madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar uyushtirish kabi xalqaro jamoatchilik e’tiborini jalb etishga doir ishlar ko‘zda tutilgan. Ayni paytda, yurtimiz bo‘ylab ham ilmga, alloma merosini o‘rganishga keng targ‘ib qilingan. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilgan. Shuningdek, bir qator tegishli tashkilotlar hamkorligida yil davomida joylarda Imom Moturidiyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazib borilishi, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va  moturidiylik ta’limotiga mansub allomalar hayoti, ilmiy merosiga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etish ishlari belgilangan.


Ta’kidlash kerakki, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid asarlar o‘z davrida adashgan toifalarga raddiya berishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Mazkur bebaho ma’naviy meroslar hozirgi murakkab davrda ham juda muhim ahamiyatga egadir.


Darhaqiqat, har qanday jamiyatning taraqqiyoti va rivoji ilm ahliga bo‘lgan e’tibor bilan chambarchas bog‘liq. Ilm-ma’rifatni ustuvor qo‘ygan davlatlar doim taraqqiy etgan. Ulardan buyuk olimlar yetishib chiqqan va jahon miqyosida o‘z o‘rnini topgan. Bugungi kunda ko‘plab taraqqiy etgan davlatlar qatori yurtimizda ham ilm ahli uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Zero, ularga e’tibor berilishi jamiyatda ma’naviy yuksalishni ham ta’minlaydi. Chunki bilimli insonlar nafaqat fan va texnologiya sohasida, balki madaniyat, ma’rifat va axloq sohasida ham ulkan ta’sir ko‘rsatadi. 
 

Zayniddin domla Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari