Bugun, 18 fevral kuni Bog‘ot tumanida yangidan qurib bitkazilgan "Darvesh bobo" jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani hokimi Jahongir Nazarov, mutasaddilar, imom-xatiblar va mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Marosimda Qur’oni karim tilovati va bu masjidning to qiyomatgacha mo‘min-musulmonlarga xizmat qiladigan, tarovehlar, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar aytiladigan sajdagoh bo‘lishini, yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar faoliyat yuritishini Alloh taolodan so‘rab, bu xayrli ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqqiga duolar qilindi.
Zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur masjid 3000 nafar namozxonlarga mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muborak Ramazon arafasida, ya’ni 24 fevral kuni Toshkent shahar Bektemir tumanidagi «Alibek» jome masjidida namunaviy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, O‘zMI mas’ullari, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, shahar vakilligi xodimlari, tuman bosh imom-xatibi va otinoyilari, shuningdek, otinoyilar, «Haj – 2024» ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishdan so‘ng Zayniddin domla boshchiliklarida masjid hovlisiga ko‘chatlar o‘tqazildi.
So‘ngra mahallalarga chiqilib, muammoli beshtadan oila o‘rganildi.
Abduqahhor domla peshin namozini «Bektemir» jome masjidida ado etib, namozdan so‘ng mo‘min-musulmonlarga Ramazoni sharifga oz muddat qolganini, bu oyning fazilatlari va barakotlari haqida go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Xayrli ishlarning boshlanish debochasi bo‘lgan bu tadbir so‘ngida tuman imomlarining Ramazonga tayyorgarliklari, oilalar, mahallalar bilan ishlash borasidagi hisobotlari tinglandi.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati