Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Fevral, 2025   |   28 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:01
Peshin
12:41
Asr
16:27
Shom
18:14
Xufton
19:27
Bismillah
27 Fevral, 2025, 28 Sha`bon, 1446

Olim tarbiyalagan ona (2 qism)

19.02.2025   7085   3 min.
Olim tarbiyalagan ona (2 qism)

Ota-o‘g‘il bir-birlarini bag‘riga bosishdi, ko‘z yoshlari sel bo‘lib oqdi. Farrux ayoli bilan o‘tirib dildan suhbatlashdi va gap orasida: “Men berib ketgan o‘ttiz ming dinorni nima qildingiz?” – deya so‘radi. Shu payt azon ovozi yangradi. Farrux bomdod namozini o‘qish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlari tomon otlandi. U yerdagi  katta olomon sabab tashqarida o‘qishga majbur bo‘ldi.

Namozdan so‘ng Farrux masjidga kirdi. Nabiy alayhissalomning qabrlariga yaqinlashib, u zotga salom berdi va ravzai mutahharaning oldida turib ancha vaqtgacha namoz o‘qidi. Farrux namozini tugatgach ketmoqchi bo‘lib turgan edi hamki, masjid hovlisida o‘tirgan katta jamoat uning e’tiborini tortdi va uni joyida to‘xtashga undadi. Odamlar unga biror katta ulamoni kutayotgandek ko‘rinardi. Farrux ham yaqinroqqa o‘tirdi, shayx va’z qila boshladi. U kishining gaplaridan qalblar larzaga keldi. Tolibi ilmlar shayxning aytgan gaplarini qoralab borishardi. Farrux shayxdan ajablandi. Shayx majlisni tugatib o‘rnidan turgach, odamlar ko‘rishib, ziyorat qilish uchun uning atrofini o‘rab olishdi.

Farrux o‘tirganlardan biriga yaqinlashib, pichirlagancha: “Bu shayx kim?” – deb so‘radi.

Savolni eshitgan kishi hayron holda qoshini chimirib: “Oramizda shayx kim ekanini bilmaydigan odam ham bor ekan-da, axir shayxning ismi har yerda dong taratgan, siz bu shaharlik emasga o‘xshaysiz”, dedi. Farrux: “Yo‘q, lekin men uzoq safarda edim, bugun kechasi qaytdim”, deya javob berdi.

Qarshisidagi odam tabassum ila bunday dedi: “Ha qadrdonim-a, bu zot tobe’inlarning ulug‘laridandir. U parhezkor muhaddis bo‘lib, ko‘rganingizdek, uning majlisiga Molik ibn Anas, Abu Hanifa, Yahyo ibn Sa’id, Sufyoni Savriy, Avzoiy, Lays ibn Sa’d va boshqalarni ham jamlay oladigan faqihlarning imomidir. U Farrux o‘g‘li Robiy’atur Raydir. Uning otasi ko‘p yillar ilgari urushga ketgan edi. Kecha tunda qaytib kelibdi. Odamlar aytishdi”, dedi.

U kishi gapini tugatmasidan Farrux hushini yo‘qotayozdi va shaxdam qadamlar bilan uyi tomon shoshdi. Qalbi bu buyuk olim uning o‘g‘li ekanligidan huzur va faxr tuyg‘ulari bilan limmo-lim edi. Ayolining oldiga kirdi va: “Azizam, jufti halolim, men ko‘rganlarim meni hayratda qoldirdi. O‘zidan boshqa iloh bo‘lmagan Zotga qasamki, agar dunyodagi barcha xazinalar tortilsa ham, bu ne’mat og‘ir keladi”, dedi.

Ayoli: “Xo‘sh, nima ekan u?” – dedi. “O‘g‘limiz Robiy’a ilmda yuksak martabaga erishibdi, hatto zamonaning katta ulamolari ham uning ilmidan bahramand bo‘lmoqda ekanlar”, dedi.

Ayol tabassum ila: “Alloh yo‘lida jangga otlanish oldidan bizga tashlab ketgan o‘ttiz ming dinoringizni nimalarga sarflaganimni angladingizmi?” dedi.

“Ha”, dedi Farrux. Ayol yana: “Dinorlarning barini farzandimiz tarbiyasi va kamoli uchun sarfladim. Ko‘rib turganingizdek shu darajaga yetdi”, dedi.

Farrux ko‘zlarida yosh ila: “Alloh xayringizni bersin, azizam! Baraka toping. Siz haqiqatan ham tahsinga sazovor mo‘mina ayolsiz...”, deya zavjasiga minnatdorchilik bildirdi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

Boshqa maqolalar

Siz so‘kmang!

25.02.2025   2254   3 min.
Siz so‘kmang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir oqshom Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh masjidga kirdilar. U kishi bilan birga askarlari ham bor edi. Yo‘lda o‘tirgan kishiga turtilib qoqilib ketdilar. U zot Umar ibn Abdulazizga karata: “Nima balo, ko‘rmisan?!” – dedilar. Umar ibn Abdulaziz: “Yo‘q”, dedi. Qo‘riqchilar uni urishga shaylanishdi. Umar ibn Abdulaziz  ularni qaytarganicha: “Mendan savol so‘radi, men javob berdim”, dedi va bunga achchiqlanmadi ham, uni jazolagani ham yo‘q, aksincha, uni kechirib, ishni bosdi-bosdi qilib yubordi.

 Bir kuni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuni birov haqorat qildi. U zot bo‘lsa xodimini chaqirtirib: “Bu kishidan so‘rang-chi, birorta ishi bo‘lsa bitirib beraylik”, dedilar. Shunda haligi odam boshini quyi solib, uyalib qoldi.

Abu Hanifa roziyallohu anhuning dars halqalarida o‘tirgan bir odam u zotni so‘kdi. Imom unga qaramadi ham, gapini ham bo‘lgani yo‘q. Atrofidagilarni ham uni quvib-solishlariga ruxsat bermadilar. Aksincha, Abu Hanifa rahimahulloh majlisni yakunlab hovliga chiqdilar va boyagi kishiga: “Bu mening hovlim, agar chalasi qolgan bo‘lsa, bemalol davom eting, yana ichingizda qolib ketmasin”, dedilar. Kishi uyalganicha uzr so‘rab ketdi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birov sizda ma’lum bo‘lgan ayb bilan ayblab, sizni so‘ksa, siz uni o‘zingiz biladigan uning aybi bilan izza qilmang. Aytgan gapining balosi o‘ziga uradi[1]”, dedilar.

Imom Junayd namozga kelayotganlarida bir tentak u kishining ustidan yuvindi to‘kib yubordi. U kishi boshdan oyoq shalabbo bo‘ldi. Keyin esa: “Har bir yo‘l qo‘ygan kamchiliklarim va qilgan gunohlarim uchun Allohga istig‘for aytaman, Allohning lutfu inoyatiga hamdlar aytaman. Men birorta gunoh qilgandurmanki, Alloh taolo meni dunyoda jazolayapti, shuning uchun achchiqlanmasligim kerak”, deya uylariga qaytib borib kiyimlarini almashtirib, namoz o‘qish uchun masjidga qaytgan ekanlar.

Ibrohim ibn Adhamning oldidan it yetaklab olgan bir yahudiy o‘tib ketayotib: “Ey Ibrohim, sening soqoling tozami yo mana bu itning dumimi?” deb so‘radi.

Ibrohim ibn Adham rahimahulloh esa: “Soqolim jannatga kiradigan bo‘lsa, itingning dumidan pokroq va afzalroq bo‘ladi. Soqolim jahannamga kiradigan bo‘lsa, itingning dumi soqolimdan pok va afzal bo‘ladi”, deb javob berdi.

Yahudiy shahodat kalimasini aytishdan o‘zini tutib tura olmay: “Xudo haqqi, bu payg‘ambarlarning xulqi”, debdi. Ibrohim ibn Adham kamtarlik qilgan edi, u kishining huzurida bir yahudiy musulmon bo‘ldi. Ibrohim Adhamni takabburlik qilmagani, qizishib ketmagani uchun Alloh taolo u kishiga (qimmatbaho) qizil tuyalardan-da yaxshiroq in’om ato etdi. Zero, Nabiy alayhissalom bu borada: “Siz sababli Alloh taolo bir kishini hidoyat yo‘liga solishi sizda bo‘ladigan qizil tuyalardan-da[2] yaxshiroqdir”, deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati.
[2]  Qizil tuya o‘sha zamonning eng yaxshi va qimmatbaho ulovi bo‘lgan. Unga har kim ham ega bo‘la olmagan.