Kecha, 19 fevral kuni Bahrayn Podshohligi shafeligida Musulmon donishmandlar kengashi tashabbusi bilan ushbu davlat poytaxti Manama shahrida boshlangan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqdalar.
Mazkur xalqaro konferensiyada Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib, Bahrayn islom ishlari bo‘yicha oliy kengash prezidenti Shayx Abdurahmon bin Muhammad bin Roshid al-Xalifa, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod, Dorul ulum Karachi Islom universiteti professori Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxul-islom Allohshukur Poshozoda, Rossiya markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Tal’at Tojiddin kabi taniqli ulamolar, davlatlar muftiylari, din va davlat arboblari qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar bugungi murakkab va tahlikali davrda butun dunyoda tinchlik-osoyishlikni qaror toptirish, musulmon ummati birligini ta’minlash, turli din vakillari va turfa millat-elatlari ahil-inoqligiga erishish juda ham muhim ekani, islomofobiya xatti-harakatlarining oldini olish kabi o‘ta muhim masalalarni ta’kidladilar. Shuningdek, hozirgi kunda musulmon ummati oldida turgan dolzarb muammolar, kelgusidagi istiqbolli rejalar to‘g‘risida fikr almashdilar.
Konferensiya ertaga, 20 fevral kuni ham davom etadi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, Musulmon donishmandlar kengashi mustaqil xalqaro tashkilot bo‘lib, 2014 yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida tashkil topgan. Kengashga Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari, Shayx Ahmad Toyyib raislik qiladi. Muhammad Abdussalom esa uning bosh kotibi hisoblanadi.
Tashkilotning asosiy maqsadi musulmon olamida tinchlikni targ‘ib qilish, nizolarni birgalikda hal etish, bag‘rikenglikni ta’minlash, boshqalarga hurmat saqlaydigan farovon jamiyat barpo etishdir.
Kengash a’zoligiga o‘zining serqirra faoliyati bilan obro‘-e’tiborga erishgan dunyoning eng nufuzli musulmon olimlari jalb qilinadi. Ana shu ulamolar qatorida Markaziy Osiyo mintaqasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham a’zo qilingan edilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ibn Ato rahimahullohning hikmatida bunday deyilgan:
"Kimki ne’matga shukr qilmasa, uning yo‘qolishiga sababchi bo‘ladi, kimki shukr qilsa, uni mahkam bog‘lab qo‘ygan bo‘ladi".
Ya’ni, agar inson berilgan ne’matni qadrlamasa, uning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi, lekin agar shukr qilsa, u ne’mat saqlanib qoladi va yanada ortadi.
Ne’matga shukr qilish — Alloh taoloning yaxshiliklarini tan olish, Unga shukr aytish va buyruqlariga amal qilishdir. Shukr so‘z bilan cheklanmasligi, amallarda ham namoyon bo‘lishi lozim. Faqatgina "Alhamdulillah" deb aytish kifoya emas, balki Alloh bergan ne’matlardan to‘g‘ri foydalanish ham zarur.
Ibn Qayyum rahimahulloh shukrni bunday ta’riflaydilar:
"Shukr — Allohning ne’mati bandada zohir bo‘lishi, bu ne’matga hamdu sano aytib, Allohdan ekanligini tan olishdir".
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"Alloh bandaning ovqat yeb, Unga hamdu sano aytishidan, suv ichib, Unga shukr aytishidan rozi bo‘ladi."
Shukr qilishga misollar
1. Uch kishi haqidagi hikoya (Banu Isroildan)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Banu Isroildan bo‘lgan uch kishi haqida hikoya qilganlar:
Birinchi kishi pes kasaliga chalingan edi, odamlar undan nafratlanar edi. Unga farishta kelib, "Sen nima istaysan?" deb so‘radi. U: "Pes kasalligimdan xalos bo‘lishni va chiroyli bo‘lishni istayman", dedi. Farishta uning tanasini toza qildi va unga tuya berdi.
Ikkinchi kishi kal bo‘lib, sochlari to‘kilgan edi. Farishta undan "Nima istaysan?" deb so‘radi. U: "Sochlarim qayta o‘sishini va mol-dunyoga ega bo‘lishni istayman", dedi. Farishta uning boshiga qo‘lini qo‘ydi, sochlari o‘sdi va unga sigir berdi.
Uchinchi kishi ko‘r edi. U ham ko‘rishni va boy bo‘lishni istadi. Farishta uning ko‘zini ochdi va unga qo‘ylar berdi.
Keyinchalik uchchalasi ham boy bo‘ldi. Bir kuni farishta kambag‘al kiyimda ularning oldiga kelib sadaqa so‘radi. Birinchi ikkita odam berishdan bosh tortdi va Alloh ularni avvalgi ahvoliga qaytardi. Ammo uchinchi kishi: "Men avval kambag‘al va ko‘r edim, Alloh menga boylik va ko‘rishni berdi. Mendan xohlaganingni olib, xohlaganingni qoldir", dedi. Farishta unga: "Alloh sendan rozi bo‘ldi, lekin ikki do‘stingdan norozi", dedi.
2. Shukr qilgan bir kishi
Banu Isroilda bir kishi og‘ir sinovlarga duch kelgan edi, ammo har doim shunday derdi: "Alhamdulillah, meni ko‘pgina odamlarga berilgan balolardan asragan va ulardan afzal qilgan Allohga hamd bo‘lsin!".
Undan: "Sen qanday qilib shukr qilasan, axir sen musibatga duchor bo‘lgansan?" deb so‘rashganda, u: "Menda shukr qiluvchi qalb, zikr qiluvchi til va musibatga sabr qiluvchi tana bor. Bu katta ne’mat emasmi?" deb javob bergan.
Shukr qilgan payg‘ambarlar
1. Ibrohim alayhissalom:
Alloh Qur’onda aytadi: "Albatta, Ibrohim bir ummat edi, U Allohga to‘la itoat qiluvchi va mushriklardan emas edi. U Allohning ne’matlariga shukr qiluvchi edi, Alloh uni tanlab, to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildi" (Nahl, 120-121-oyatlar).
2. Nuh alayhissalom:
Alloh shunday degan: "Biz Nuhni shukr qiluvchi banda deb topdik" (Isro, 3-oyat).
3. Muso alayhissalom:
Alloh unga shunday deydi: "Ey Muso! Men seni O‘zimning risolatim va so‘zlashuvim bilan insonlardan afzal qildim. Endi sen O‘zim bergan narsani ol va shukr qiluvchilardan bo‘l!" (A’rof, 144-oyat)
4. Sulaymon alayhissalom:
Alloh uning so‘zini shunday keltiradi: "Bu mening Robbim tomonidan bir sinovdir. Men shukr qilamanmi yoki kufr keltiramanmi? Kim shukr qilsa, shukri o‘z foydasi uchundir, kimki kufr qilsa, mening Robbim Beniyoz va Karimdir" (Naml, 40-oyat).
5. Muhammad sollallohu alayhi vasallam:
Payg‘ambarimiz alayhissalom har namozdan keyin duo qilar edilar: "Allohumma a’inniy a’la zikrika va shukrika va husni ibodatika."
(Allohim! Menga Sening zikring, shukring va go‘zal ibodating uchun yordam ber!).
O‘zlari payg‘ambar bo‘lishlariga qaramay, kechasi ibodat qilib, ko‘p vaqt tik turib, oyoqlari shishib ketar edi. Bir kuni u zotdan: "Nega buncha o‘zingizni qiynaysiz?" deb so‘rashganda: "Allohga shukr qiluvchi banda bo‘lmayinmi?" deb javob berganlar.
Alloh Qur’onda aytadi: "Agar shukr qilsangiz, albatta, Men sizlarga yanada ko‘proq berurman" (Ibrohim, 7-oyat).
Alloh bizni ham shukr qiluvchilardan qilsin!
Homidjon qori ISHMATBЕKOV