O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani "Suluvqo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Rahmonberdi domla Umrzoqovning hamda Toyloq tumani "O‘rta" masjidi mutavallisi Dilmurod G‘affarovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumlarni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum diniy soha xodimlarining ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhumlarni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Rahmonberdi Umrzoqov hamda Dilmurod G‘affarovning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Joriy yil 24-25 fevral kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev va markaz bosh mutaxassisi Hikmatilla Toshtemirov Turkiya davlatida bo‘lib, Turk davlatlari tashkiloti (TDT) Musulmon diniy idoralari Fatvo hay’ati tadbirida ishtirok etishdi.
“Miya o‘limiga oid hukmlar”, “Ayolning mahramsiz safar qilishi”, “Norasmiy nikohni bekor qilish” kabi masalalarning yechimi mavzusida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya ulamolari, dinshunoslar, islomshunoslar hamda jurnalistlar qatnashdi.
“Ayolning mahramsiz safar qilishi” mavzusida boshqa ishtirokchilar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi vakili G‘ulomjon Xolboyev ham so‘zga chiqdi.
Kunning ikkinchi yarmida “Norasmiy nikohni bekor qilish” mavzusi ko‘rib chiqilib, Hikmatilla Toshtemirov bu mavzuning kun tartibiga kelish sabablari, muammolar haqida gapirib, so‘zi oxirida manbalarga tayangan holda uning yechimini taklif etdi.
Shuningdek, “Miya o‘limi bilan bog‘liq masalalar” mavzusida ham vakillarimiz faol ishtirok etishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati