Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Ota-onaning vafotidan keyin qilingan duo

24.02.2025   6722   4 min.
Ota-onaning vafotidan keyin qilingan duo

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنِ سَعِيدِ بْنِ الْمُسَيَّبِ يَقُولُ: إِنَّ الرَّجُلَ لَيُرْفَعُ بِدُعَاءِ وَلَدِهِ بَعْدَهُ، وَقَالَ بِيَدَيْهِ هَكَذَا، فَرَفَعَهُمَا.

Sa’id ibn Musayyab: «Kishi o‘zidan keyin farzandining qilgan duosi ila ko‘tariladi», dedi va «Mana bunday», deb ikki qo‘lini ko‘tardi».

Sharh: «Bir odam vafot etgach, farzandining uning ortidan qilgan duosi tufayli martabasi mana bunday bo‘lib ko‘tariladi», deb ikki qo‘lini ko‘tarib ko‘rsatgan ekan Sa’id ibn Musayyab. Ya’ni bu rivoyat vafotlaridan keyin ham ota-onaga farzandning qiladigan yaxshiligi ularning haqlariga duo qilish bilan bo‘lishiga misoldir.

Farzand ota-onasiga ularning vafotidan keyin ham yaxshilik qilay, degan umidda bo‘lsa, ularning haqqiga duo qilib, mag‘firat so‘rasa, ana o‘sha ishi yaxshilik bo‘lar ekan. Farzandlarining duosi sababli ota-onalarning oxiratdagi maqomlari yuqori bo‘lar ekan.

عَنْ سَعِيدِ بْنِ الْمُسَيَّبِ، مِثْلَهُ.

Sa’id ibn Musayyabdan xuddi shunga o‘xshashi rivoyat qilinadi.

Ushbu rivoyatda ham xuddi yuqoridagi ma’noning o‘zini Sa’id ibn Musayyab roziyallohu anhudan endi boshqa bir roviylar rivoyat qilgan ekan. Demak, bu mashhur gap, bir necha taraflardan rivoyat qilingan kuchli bir dalil hisoblanar ekan.

عَنِ الثَّقَفِيِّ قَالَ: سَمِعْتُ يَحْيَى بْنَ سَعِيدٍ يَقُولُ: كُنَّا نَسْمَعُ أَنَّ الْمَيِّتَ يُجْرَى لَهُ ثَلَاثُ خِصَالٍ: صَدَقَةٌ تَمْضِي بَعْدَهُ، أَوْ عِلْمٌ وَرَّثَهُ يُعْمَلُ بِهِ بَعْدَهُ، أَوْ وَلَدُهُ يَدْعُو لَهُ».

Saqafiydan rivoyat qilinadi:

«Yahyo ibn Sa’idning shunday deganini eshitdim: «Eshitishimizcha, mayyitga uchta xislat joriy bo‘lib turadi: ketidan boradigan sadaqa, u meros qoldirgan ilmga uning ortidan amal qilinsa va unga duo qiladigan bolasi».

Sharh: Birinchisi: Birov ko‘pchilikka foyda beradigan ishni qilib qo‘ygan bo‘lsa, uning qilgan ishidan mo‘min-musulmonlarga manfaat yetib tursa, o‘sha sadaqai joriya bo‘lgan ishning foydasidan, ya’ni savobidan egasiga o‘limidan keyin ham borib turadi.

Ikkinchisi – vafot etgan odam o‘zining ketidan manfaat beradigan bir ilm qoldirgan bo‘lsa. Odamlar ana shunga amal qilib, foydalanib tursa, olim o‘tib ketganidan keyin ham ortidan o‘zi qoldirgan ilm tufayli savobga erishib turadi.

Uchinchisi – vafot etgan odamning ortidan farzandining duo qilib turishi. Bunda ham vafot etgan odamning ortidan yaxshilik, xayr-baraka yetib turadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Vafot etganidan keyin bir mayyitning darajasi ko‘tariladi. Shunda u: «Robbim! Bu nima?» deydi.

«Farzanding senga istig‘for aytdi», deyiladi».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Albatta, inson vafotidan keyin amal qilish imkonidan mahrum bo‘ladi. U hech narsa qila olmay, kutib turishdan boshqa narsaga yaramaydigan holda bo‘ladi.

Ammo bir kishi vafotidan keyin darajasi ko‘tariladi. Bundan o‘sha bandaning o‘zi ham hayron. Qanday qilib vafotidan keyin uning darajasi ko‘tarilishi mumkin? Bu ajablanish uni Alloh taologa savol berishga undaydi. Shunda u: «Robbim! Bu nima?» deydi. Uning hayrat ila bergan bu savoliga: «Farzanding senga istig‘for aytdi», deya javob beriladi».

Abu Hurayra roziyallohu anhuning bu gaplaridan farzandning istig‘fori – mag‘firat so‘rashi tufayli uning vafot etib ketgan ota-onasining oxiratdagi darajasi ko‘tarilishi bilib olinadi.

Shuning uchun ota-onasiga ularning vafotidan keyin yaxshilik qilishni, ularning ortidan savob yetkazishni va oxiratdagi maqomlari yaxshilanib, darajalari yuqorilashini istagan farzand doimo ularga mag‘firat so‘rab, duoda bo‘lishi lozim.

Ushbu rivoyatlardan olinadigan foydalar:

1. Vafotidan keyin ham mayyitning darajasi ko‘tarilishi mumkinligi.
2. Mayyit oxiratda o‘zining darajasi ko‘tarilganidan o‘zi hayratga tushib, Robbidan bu haqda so‘rashi.
3. Farzandning duosi mayyitning oxiratdagi darajasining ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi.
4. Ba’zi mayyitlar Robb bilan gaplashishi mumkinligi.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi O‘zbekistonga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi

07.07.2025   4353   1 min.
Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi O‘zbekistonga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov  Indoneziyaning yangi tayinlangan elchisi Siti Ruhaini Juhayatinni qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

 

"Indoneziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Siti Ruhaini Juhayatin xonimdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Siyosiy muloqotdan tortib iqtisodiy diplomatiyagacha bo‘lgan barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik. Shubhasiz, O‘zbekiston-Indoneziya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun ko‘plab sohalarda keng imkoniyatlar mavjud.

 

Elchi xonimning boy tajribasini qadrlaymiz va mamlakatimizdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz".

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 23 iyunda o‘rnatilgan. O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi yangi elchisi Oybek Eshonov 2024 yilning 4 noyabr kuni Indoneziya Prezidenti Subianto Prabovoga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

 

"Dunyo" AA olgan surat

O'zbekiston yangiliklari