“Qur’on tilovat qilinganda uni tinglanglar va jim turinglar, shoyad rahmatga erishsangiz” (A’rof surasi, 204-oyat).
Imom jahriy o‘qiganida ham, maxfiy o‘qiganida ham muqtadiy qiroat qilmasligiga dalil Payg‘ambarimizning: “O‘zimga-o‘zim nimaga Qur’onda tortishyapman dedim-a (shu sababli ekan-da)”, degan so‘zlaridir.
Yuqoridagilardan, muqtadiy ovoz chiqarib qiroat qilmasligi ma’lum bo‘ladi. Shunday ekan, Payg‘ambarimizning “tortishyapman” degan so‘zlarini “mashg‘ul bo‘lib qolyapman” deb ta’vil qilib bo‘lmaydi.
Demak, Rasulullohning: “O‘zimga o‘zim nimaga Qur’onda tortishyapman, dedim-a (shu sababli ekan-da)”, degan so‘zlari imom jahriy qiroat qiladimi yoki yo‘qmi, muqtadiy qiroat qilmasligiga ochiq-oydin hujjat, dalil bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan imom jahriy qiroat qilganida ham, maxfiy qiroat qilganida ham muqtadiy qiroat qilmasligi kerakligi to‘g‘risida rivoyatlar bor.
Imron roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sahobiylari bilan bomdod namozini o‘qidilar. Namozlarini ado qilib bo‘lganlaridan so‘ng: “Qaysi biringiz (Sabbihisma Robbikal a’la)ni o‘qidi?” dedilar. Odamlardan ba’zilari: “Yo Allohning rasuli, men”, dedi. Payg‘ambarimiz: “Sizlardan ba’zingiz unda diqqatimni tortganingizni bildim”, dedilar».
Imron ibn Husoyn: “U zot qiroatini maxfiy qilganlar”, deb bayon etadi. Bu ham Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda kelgan qaytariq maxfiy hol qolib, faqat jahriy holatga tegishli emasligini, balki iqtido qiluvchi barcha namozlarda imomning ortidan qiroat qilishdan qaytarilganini bildiradi.
Darhaqiqat, imomning ortida qiroat qilishdan qaytariq borasida Payg‘ambarimiz alayhissalomdan ko‘plab hadislar naql qilingan. Abu Hurayra va Imron ibn Husoyn roziyallohu anhumdan rivoyat qilingan mazkur hadislar ham shular jumlasidandir.
Shuningdek, Abdullohdan rivoyat qilingan xabar ham bor: «Biz Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ortlarida qiroat qilar edik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni menga chigallashtirdingiz”, dedilar».
“Ehtimol, ular Qur’oni karimni jahriy o‘qiyotgan bo‘lishlari va shuning uchun qiroat qilishdan qaytarilgan bo‘lishlari mumkin-ku?” deyilsa, bunga javoban: “Muqtadiylarning jahriy qiroati borasida biror naql yetib kelmagan. Ular jahriy qiroat qilgan bo‘lganlarida, qiroat qilganlari rivoyatlarda yetib kelgani kabi jahriy o‘qiganlari ham yetib kelgan bo‘lar edi”, deyiladi.
Bu hadisda faqat jahriy qiroatdan qaytarilmagan, balki imom ortida har qanday qiroat qilishdan qaytarilgan. Bunga boshqa dalillar ham bor. Abu Voildan rivoyat qilinadi: «Abdulloh ibn Mas’uddan imomning ortida qiroat qilish haqida so‘radim. U: “Jim turgin. Namozda mashg‘ul bo‘lish bor. Senga shu imomning o‘zi kifoya qiladi”, deb javob berdi».
Abdulloh ibn Shaddoddan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimning imomi bo‘lsa, imomning qiroati unga ham qiroatdir”, dedilar».
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam namoz o‘qidilar va u kishining ortida bir kishi qiroat qildi. Sahobiylardan biri uni namozda qiroat qilishdan qaytardi. Natijada ular bu borada tortishib qolishdi. Bu holat Payg‘ambarimizga aytildi. Shunda u zot: “Kim imomning ortida namoz o‘qisa, imomning qiroati uning uchun ham qiroatdir”, dedilar»
Abu Muso roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan quyidagilarni rivoyat qilgan: “Imom qiroat qilsa, sizlar jim turinglar”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imom ergashish uchun tayinlanadi. U takbir aytsa, takbir aytinglar, qiroat qilsa, jim turinglar”, dedilar». Bu va shu kabi boshqa hadislar ham mavjud.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning “Ummul Qur’onni o‘qimagan kishining namozi namoz bo‘lmaydi”, degan hadislari bizning nazdimizda kka o‘zi namoz o‘qigan kishiga tegishlidir.
Demak, mazkur hadisi sharif ehtimoliy ma’noga ega bo‘lib, uni imomning ortida qiroat qilishdan qaytarilgan hadisi shariflar tafsir qiladi. Ular: “Jahriy namozda muqtadiy Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisiga binoan qiroat qilmaydi. Maxfiy namozda esa, Ubodaning hadisiga binoan qiroat qiladi. Chunki Abu Hurayra va Uboda ibn Sobitning hadislari sahihdir”, deyishsa, bunday javob beriladi: “Ayni shu holatni yakka o‘zi namoz o‘qiyotgan kishiga tegishli qilsangiz bo‘lmaydimi?
Shunda Ubodaning hadisi ham, Imron ibn Husoynning hadisi ham sahihligicha qoladi. Chunki Imron ibn Husoynning hadisida maxfiy namozda muqtadiy qiroat qilishdan qaytarilgan bo‘lsa, Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisida jahriy namozlarda (muqtadiy) qiroat qilishdan qaytarilgan bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisini Uboda rivoyat qilgan umumiy ma’nodagi hadisdan chiqarib yuborsak, unda hadis imom jahriy qiroat qilganida ham, maxfiy qiroat qilganida ham muqtadiy qiroat qilmasligi kerakligini anglatadi”.
Ularga yana bunday deyiladi: “Namozning qaysidir farzi muqtadiyga bir holatda soqit bo‘lib, boshqa holatda vojib bo‘lganini ko‘rganmisiz?”. Ular: “Yo‘q”, deb javob berishsa, bunday deyiladi: “Jahriy namozda qiroatni muqtadiydan soqit qilishingiz sizga maxfiy namozda qiroatni bekor qilishni yuklamaydi”.
Ba’zi sahobalarimiz bunga yana quyidagi dalilni keltirganlar: “Bir kishi imomga rukuda ergashib, namozni takbir aytib boshlasa-yu, umuman qiroat qila olmasa, barcha olimlar uning namozi durust bo‘lishiga ijmo qilishganlar. Bu holat ham muqtadiyga qiroat farz emasligiga dalil bo‘ladi”.
Kimdir: “Bu holatda zarurat tufayli unga ruxsat berilgan”, desa, bunday javob beriladi: “Bir kishi imom sajdadaligida namozga kelib qo‘shilsa, garchi zarurat bo‘lsa-da, uning bu rakati e’tiborga olinmaydi. Zarurat biror farzni soqit qilganida, imomga sajdada ergashgan kishidan rukuni ham soqit qilgan bo‘lar edi.
Demak, zarurat imomga rukuda ergashgan kishidan qiroatni soqit qilmasligi kerak, biroq amalda (muqtadiyga) qiroat qilish farz bo‘lmagani uchun ham bu holatda muqtadiydan qiroat soqit bo‘lmoqda. Shuning uchun muqtadiy qiroat qilmasa ham, namozi joiz bo‘laveradi”.
Bir guruh sahobiylarning bunday deyishgani rivoyat qilingan: “Imomning orqasida namoz o‘qigan kishiga qiroat yo‘qdir”. Ular Ali, Ibn Mas’ud, Jobir, Sa’d, Abu Said, Ibn Umar, Ibn Abbos, Zayd ibn Sobit kabi sahobiylar roziyallohu anhumdir.
Ali roziyallohu anhu aytadi: “Kim imomning orqasida turib qiroat qilsa, fitratiga zid ish qilibdi”. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu: “Kim imomning ortida qiroat qilsa, uning namozi namoz bo‘lmaydi”, degan.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan: “Imomning orqasida turgan kishi qiroat qiladimi?” deb so‘raldi. U zot: “Yo‘q, sizlardan kim yakka o‘zi namoz o‘qisa, qiroat qilsin”, dedilar. Ibn Umar roziyallohu anhumo imomning orqasida qiroat qilmas edilar. Abu Said roziyallohu anhudan imomning ortidagi kishi qiroat qilishi haqida so‘raldi. Shunda u: “Unga imomning o‘zi kifoya qiladi”, dedi.
Abbos roziyallohu anhumodan bir kishi: “Imomning ortida qiroat qilamanmi?” deb so‘radi. U: “Yo‘q”, deb javob berdi. Hanafiy ulamolarimiz shu kabi hadislarga amal qilganlar. Qur’on, sunnat va sahobiylarning ijmolari ham shunga dalolat qiladi.
“Ta’vilotul Qur’on” asaridan
Abdulatif ALLOQULOV tarjimasi.
Bu kabi ezgu ishlar muborak Ramazon oyida yanada ko‘proq amalga oshirilayotgani insonlar qalbida shukronalik tuyg‘ularini uyg‘otishi tabiiy.
Jumladan, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali jamoasi ham saxovatli ishlarga baholi qudrat o‘z ulushlarini qo‘shib kelmoqda.
Aslida mamlakatimiz bo‘ylab bunday mehr-muruvvat va saxovat aksiyasi yil davomida amalga oshirilib kelinadi. Ayni kunlarda esa mazkur harakat marafon tarzida – keng miqyosda quloch yozgan. Turli darajadagi tibbiy ko‘makka muhtoj yuzlab hamyurtlarimizga shifo maskanida beg‘araz yordam ko‘rsatilyapti. Ular orasida oddiy fuqarodan tortib, Vatanimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari, oila a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylari bor.
Qo‘li yengil harbiy shifokorlar neyrojarrohlik, ko‘z jarrohligi, yurak-qon tomiri va urologik yo‘nalishdagi murakkab jarrohlik amaliyoti orqali ko‘plab insonlarning dardiga davo topmoqda.
Shuningdek, Markaziy harbiy klinik gospitalning yigirmaga yaqin davolash bo‘limlarida ham turli kasalliklardan aziyat chekayotgan hamyurtlarimizga tegishli muolajalar ko‘rsatilyapti.
Abdulla Barnoyev (Sariosiyo-Uzun voqealarida halok bo‘lgan Ulug‘bek Barnoyevning otasi), Husan Husanov, Bahrom Allayarov (Qurolli Kuchlar faxriylari), Sardor Toshpo‘latov (harbiy xizmatchi), Bahodir Isroilov, Shuhrat Xudoyorov kabi hamyutrlarimiz tajribali harbiy shifokorlarning xizmatlaridan mamnun. Ayniqsa, kasb taqozosi bilan xorijiy davlatlarda ko‘p bo‘lgan Bahodir Isroilov harbiy klinik gospitaldagi xizmat sifati va shart-sharoitlarni chet eldagidan zo‘rroq ekanligini e’tirof etdi.
Jarrohlik bo‘limlarida darddan forig‘ bo‘lgan bu insonlar Markaziy harbiy klinik gospitalida yaratilgan shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga, shuningdek tibbiy xizmat polkovnigi Tolib Siddiqov, tibbiy xizmat podpolkovniklari Farhod Umarov va Zuhriddin G‘aniyev, tibbiy xizmat mayori Ulug‘bek Yusupov kabi shifokorlarga cheksiz minnatdorliklarini izhor qilishdi.
Baxtsiz hodisa tufayli qattiq kuyish tashxisi bilan gospitalga olib kelingan buxorolik opa-singil Farangiz va Feruza Do‘stmurodovalarga ham klinika mutaxassislari tomonidan yordam ko‘rsatilyapti.
Asror RO‘ZIBOYEV,
“Vatanparvar” muxbiri.
O‘zA