Allohdan qo‘rqish – taqvoning eng yuksak darajasi
Barcha hamdlar Allohga, U Zot bizni yaratib, to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildi. Salavotu durudimiz Uning oxirgi elchisi, rahmat payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va u zotning ahli oilasi, sahobalariga bo‘lsin.
Allohdan qo‘rqish nima?
Allohdan qo‘rqish – bu Undan hadiksirash, gunohlardan saqlanish, Uning buyurganini bajarish va qaytarganidan chetlanish demakdir. Bu qo‘rquv dunyoviy qo‘rquvlardan farqli bo‘lib, u muhabbat va taqvoga asoslangan.
Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi: “Mo‘min bandalarga ayt: “Allohdan qo‘rqinglar!” (Zumar, 53).
Allohdan qo‘rqish – iymonning alomati va iymon sohiblarining yuksak fazilatidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Men sizlarning ichingizda Allohdan eng ko‘p qo‘rquvchi va Unga eng taqvodor odamman” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bu hadisdan anglashiladiki, haqiqiy iymon sohibi bo‘lish uchun Allohdan qo‘rqish zarur.
Allohdan qo‘rqishning fazilatlari
1. Gunohlardan tiyilish.
Allohdan qo‘rqqan banda harom ishlardan saqlanadi. Qur’onda bunday deyiladi: “Kim Allohdan qo‘rqsa, U Zot unga chiqish yo‘lini beradi va uni o‘ylamagan joyidan rizqlantiradi” (Taloq, 2-3).
Demak, taqvodor odam har qanday qiyinchilikdan Allohning marhamati bilan qutulib ketadi.
2. Qalbning poklanishi.
Allohdan qo‘rqish insonning qalbini poklaydi. Ulamolar aytishganki: “Allohdan qo‘rqqan insonning qalbi nurlanadi”.
3. Oxiratda najot topish.
Qiyomat kuni Allohning g‘azabidan faqat taqvodorlar najot topadi. Qur’onda bunday aytilgan: “Qiyomat kuni Allohdan qo‘rqqan kishilar najot topadilar” (Naba, 31).
4. Dunyo va oxiratda muvaffaqiyat.
Alloh taolo yana bunday marhamat qiladi: “Agar qishloq ahli iymon keltirib, taqvodor bo‘lganlarida edi, albatta, ularga osmon va yer barakotlarini ochib qo‘yar edik” (A’rof, 96).
Allohdan qo‘rqishni qanday kuchaytirish mumkin?
1. Qur’on va hadis o‘qish – Allohning kalomi inson qalbiga qo‘rquv va muhabbat olib kiradi.
2. Zikr va duo qilish – Allohni ko‘p eslab, gunohlardan mag‘firat so‘rash.
3. Oxirat haqida tafakkur qilish – Qiyomat, qabr hayoti va hisob-kitobni o‘ylab yashash.
4. Solih insonlar bilan birga bo‘lish – Taqvodor odamlar bilan birga bo‘lish qalbda Allohdan qo‘rqishni mustahkamlaydi.
Allohdan qo‘rqish – mo‘min uchun eng katta fazilatdir. Kim U Zotdan qo‘rqib yashasa, Alloh uni dunyo va oxiratda muvaffaqiyatli qiladi.
Allohdan duo qilib so‘raymizki, qalblarimizni taqvo va muhabbat bilan to‘ldirsin va bizni O‘z g‘azabidan asrasin! Omin!
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.
Akbarshoh Rasulov