Toshkent islom institutida “Fevral – Qur’on qiroati va ilmlari fan oyligi” deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan Qur’on ilmlari kafedrasi tomonidan Oliy ma’had talabalari o‘rtasida “Qur’on musobaqasi – 2025” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tadbirni Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov ochib berdi va ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi. So‘ngra “Qur’on ilmlari” kafedrasi mudiri, musobaqa hakamlar hay’ati raisi Jahongir qori Ne’matov musobaqa shartlari bilan tanishtirdi. Ishtirokchilarni “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchilari baholab borishdi.
Hakamlar hay’ati qo‘ygan ballar asosida chiqarilgan yakuniy xulosaga ko‘ra 1-o‘ringa 4-kurs talabalari Sayyidburxon Faziliddinov va Ubaydulloh Habibullayev loyiq ko‘rildi. 2-o‘rin 2-kurs talabasi Muhammad Aminxon Najmiddinovga, 3-o‘rin 3-kurs talabasi Saydullo Solijonovga nasib etdi.
Musobaqa g‘oliblariga Toshkent islom instituti tomonidan qimmatbaho hadya va diplomlar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Poytaxtimizning Uchtepa tumanida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ishtirokida "Jaholatga qarshi ma’rifat" shiori ostida aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tumandagi 229-maktabning faollar zalida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda ne’matlar shukri ila ziyoda bo‘lishi, ilm olishning qanchalik muhimligi to‘g‘risida so‘z bordi.
Ma’ruza davomida farzandlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash, sog‘lom e’tiqodli qilib tarbiyalashda har bir ota-onaning vazifalari haqida aytib o‘tildi.
Savollarga atroflicha javoblar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati