Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Mart, 2025   |   19 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:10
Quyosh
06:28
Peshin
12:36
Asr
16:46
Shom
18:37
Xufton
19:50
Bismillah
19 Mart, 2025, 19 Ramazon, 1446

Ramazonga oz qoldi

27.02.2025   4351   2 min.
Ramazonga oz qoldi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

O‘n ikki oyning sultoni, muborak mohi Ramazonga ham oz fursat qoldi. Ushbu oy qadimdan yurtimizda xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. O‘tgan solihlardan: «Ramazon oyini qanday kutib olardinglar?» deb so‘ralganida, ular: «Biz yangi oyni boshqa musulmonlarga nisbatan zarracha ham gina adovat, kek saqlamagan holda, qalbimizni poklagan tarzda qarshilar edik», deya javob bergan ekanlar.

Ramazon oylarning sultonidir.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir», deganlar (Imom Tabaroniy rivot qilgan).

Bu haqiqatni quyida keladigan satrlar ham tasdiqlaydi.

Ramazon Qur’on oyidir. Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘ngi kitobi, Qiyomatga boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘jiz kalomi Qur’oni Karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi: «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir» (Baqara surasi, 185-oyat).

«Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik» (Qadr surasi, 1-oyat).

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Qur’onni avval Lavhul-mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilgan va bu Ramazon kechalaridan birida – Qadr kechasida bo‘lgan. Vaqti-soati kelib, Qur’onning Yer yuziga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari Qur’onni Jabroil alayhissalomga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda «arzai oxir» - «so‘ngi o‘qib o‘tkazish» degan nom bilan mashhurdir.

Allohim, yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyini bizlarga muborak qil!

Boshqa maqolalar

Qur’onni tadabbur bilan o‘qing va tinglang!

12.03.2025   4976   3 min.
Qur’onni tadabbur bilan o‘qing va tinglang!

Alloh taolo O‘z Kalomida tadabbur qilish haqida bunday marhamat qiladi:

﴿كِتَٰبٌ أَنزَلۡنَٰهُ إِلَيۡكَ مُبَٰرَكٞ لِّيَدَّبَّرُوٓاْ ءَايَٰتِهِۦ وَلِيَتَذَكَّرَ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ ٢٩﴾

Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir(Sod surasi, 29-oyat).

﴿أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا﴾

“Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar” (Niso surasi, 82-oyat).

Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni, uni chuqurroq anglashga intilish juda zarur ishdir. Mo‘minlar Qur’on tilovat qilar ekanlar uning oyatlari borasida tafakkur yuritib, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat olishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon Qur’on tilovat qilsalar uni tartil bilan tilovat qilib, uning har bir oyatini tadabbur etar edilar. Tafakkur ila o‘qilgan suralar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlarini oqartirgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochingizga oq tushibdimi?” deb so‘radi. Shunda u zot alayhissalom: “Mening sochimni Hud, Voqea, Mursalot, Naba’ va Takvir (suralari) oqartirdi”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Hokim, Imom Bayhaqiy, Imom Abu Ya’lo rivoyati).

Hud surasining ikki oyati Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sochlarini oqartirgan oyatlardan hisoblanadi.

Imom Bayhaqiy “Shu’ab al-iymon” nomli asarida Ali Shatoriydan quyidagilarni bayon qiladi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochimni Hud surasi oqartirdi deb aytganingizni eshitdim, dedi.

Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ha shunday, deb javob berdilar.

Yo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suradagi payg‘ambarlar qissasi-mi yoki ularning ummatlarining holimi sizning sochingizni oqartirdi.

Yo‘q, payg‘ambarlar ham ularning ummatlari haqidagi oyatlar ham sochimni oqartirgani yo‘q. Balki suradagi Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! oyati sochimni oqartirdi, dedilar.

Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning o‘zidan to‘g‘ri yo‘lda mustaqim qilishini so‘rab ko‘p duo qilar edilar. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ya, muqallibal qulubi sabbit qalbiy a’la diynik (Yo, Qalblarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni o‘zingning diningda sobit qil)” deb duo qilar edilar.

Qur’onni ko‘p tilovat qilishlik bizni Allohga yaqin qiladi. Qur’onni o‘qish qanchalik savobli bo‘lsa, uni tinglash ham shunchalik savobli amallardandir.

Shunday ekan, Qur’onga muxlis bo‘lib, uni tilovat qilganimizda ham, tinglaganimizda ham tadabbur qilaylik.

Davron NURMUHAMMAD