Munosabat
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar bo‘lsin!
Xalqimizni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi va o‘z nomimdan Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etaman. Haq taolo ushbu fazilatli, fayzli damlarni dunyo mo‘min-musulmonlari uchun tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot va ikki dunyo saodatiga eltuvchi oy qilsin.
Bu borada kecha Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingani nur ustiga nur bo‘ldi, deyish mumkin. Unda xalqimiz uchun ezgulik, mehr-oqibat va shukronalik timsoli bo‘lgan qutlug‘ oyni bir qator tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir bir qancha chora-tadbirlar belgilangani yurtdoshlarimizni juda mamnun etdi.
Darhaqiqat, ushbu qutlug‘ oyda yaxshilik, xayru saxovat eshiklari yanada keng ochiladi. Allohning afv va mag‘firat xazinasidan har bir kishi
o‘z nasibasini olishga intiladi.
“Ramazon — saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” shiori ostida o‘tishi tavsiya etilgan mazkur oyda ehtiyojmandlar, ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oila rishtalarini mustahkamlash kabi xayrli ishlar olib boriladi. Shuningdek, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish, hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etish, atrof-muhitni asrab-avaylash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chat ekishdek dinimiz ham, an’analarimiz ham yoqlaydigan go‘zal ishlar bajariladi.
Iftorlik singari tadbirlarda me’yorga amal qilish, isrofga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor berish belgilandi. Bu esa fazilatli oyning shukuhli o‘tishida katta omil bo‘ladi, insha Alloh.
Yaratganga shukrki, yangi O‘zbekistonda barcha soha qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, emin-erkin ibodat qilish uchun keng imkoniyatlar berilayotgani, masjid-madrasalar obod qilinayotgani, haj-umra qiluvchilar soni oshayotgani mo‘min-musulmonlarni birday quvontirmoqda.
Eslab o‘tish o‘rinliki, o‘tgan yili yurtimizda o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarda qatnashgan xorijlik muftiylar, taniqli ulamolar va olim-professorlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Yaqin kelajakda zaminimizdan yana Buxoriylar, Termiziylar, Farobiylar, Beruniylar chiqishiga ishonch bildirdi.
Ayni maqsadlarni ko‘zda tutgan holda poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizdagi bir necha ming yillik o‘tmish va ulug‘vor maqsadlarimizni bir joyga jamlagan muhtasham majmua bo‘ladi. Ushbu maskan bilan tanishgan odam islom, avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini yaqqol anglaydi. Shuningdek, Samarqand viloyatida qaytadan ta’mirlanayotgan Imom Buxoriy majmuasi allomalarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromning oliy namunasidir.
Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, e’tiqod erkinligini ta’minlash, milliy qadriyatlarni e’zozlash, xalqimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning yorqin ifodasidir. Har yili Yurtboshimiz tomonidan Ramazon oyining kirib kelishiga, hayitlarga alohida e’tibor qaratilishi ham hamyurtlarimizning bu oyni yanada ko‘tarinki kayfiyatda, chin ixlos va o‘zgacha tayyorgarlik ila kutib olishlariga sabab bo‘lmoqda.
Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga mo‘min-musulmonlar ko‘pdan-ko‘p ajr-savoblarga ega bo‘ladi. Chunki tabarruk oyda Alloh taoloning rahmatu mag‘firati har qachongidan-da ko‘proq yog‘iladi.
Ramazon — xayru saxovat oyidir. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyrog‘i edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy bo‘lib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Muttafaqun alayh).
Shunday ekan, qo‘li ochiq insonlarimiz nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar hamda kam ta’minlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashishi, bemorlar holidan xabar olib, ko‘ngillarini ko‘tarishi eng savobli amal ekanini eslatib o‘tish o‘rinli.
Ta’kidlash kerakki, Yurtboshimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar, yetim bolalarga manzilli yordamlar ko‘rsatish, ularni o‘qitish, kasb-hunarga o‘rgatish, ishga joylashtirish borasida ham xayrli ishlar qilinmoqda.
Ana shunday savobli ishlarga hamohang ravishda hojilar ishtirokida o‘tkazilgan qariyb yetmish mingta targ‘ibot tadbirida 430 mingdan ziyod ehtiyojmand kishilarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berildi. Bunday xayrli ishlar qutlug‘ oyda yanada qizg‘in davom etadi. Chunki biz, ulamolar bu yil Ramazon oyini mehr-muruvvat, xayr-saxovat mavsumiga aylantirishni o‘zimizga shior qilib oldik. Toki qutlug‘ oyda har bir xonadon, har bir kishining qalbiga xursandchilik kirib borsin.
Ramazon — Qur’on oyidir. Alloh taoloning kalomi aynan shu oyda nozil bo‘lgan. Haq taolo Baqara surasining 185-oyatida bunday deydi: “Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat manbai va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”.
An’anaga ko‘ra bu yil ham mamlakatimizdagi jome masjidlarda taroveh namozlari boshlandi. Ularda 27 kun davomida xatmi Qur’on ado etiladi. Alloh nasib etsa, barcha masjidlarda Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi, ya’ni Qadr kechasida xatmi Qur’onlar yakunlanib, bir vaqtning o‘zida bir necha million xalqimiz Haq taologa duo qilishadi. Mana shunday jamuljam iltijolar ijobatidan, yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon bo‘ladi. O‘lkamizga ilohiy nur, baraka yog‘iladi, insha Alloh.
Ramazon — duo oyidir. Bu haqda Qur’oni karim va hadisi shariflarda bir qancha oyatu hadislar kelgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Qachon bandalarim sendan Men haqimda so‘rasalar, bas, albatta, Men yaqindirman. Duo qiluvchi Menga duo qilganda, duosini ijobat qilurman. Bas, Menga ijobat qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar. Shoyadki, to‘g‘ri yo‘lni topsalar” (Baqara surasi, 186-oyat).
Ulamolar mazkur oyatning ro‘za haqidagi oyatlardan keyin zikr qilinishida Ramazon oyining duo oyi ekaniga dalil va ishora bor, deyishadi. Quyidagi hadisi sharifda ham Ramazon duo oyi ekani aytilgan:
Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Ramazonning har kecha-kunduzida do‘zaxdan ozod qilingan (banda)lar bo‘lur. Ulardan har biri uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Mana shunday lahzalarda Haq taolodan mo‘min-musulmonlarimiz tutadigan ro‘zalari qabul, ibodatlari maqbul va duolari mustajob bo‘lishini so‘raymiz. Alloh taboraka va taolo ezgu maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimizni ro‘yobga chiqarsin!
Prezidentimiz sog‘-salomat, Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti bundan-da farovon, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik, hamjihatlik muhiti barqaror bo‘lsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning qurilish va ekspozitsiya ishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash direksiyasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov, Shayx Abdulaziz Mansur, xattot Habibullo Solih, akademik Akbar Hakimov kabi bir qator olimlar va tashkilotlar mas’ullari (zoom orqali) hamda Markaz xodimlari ishtirok etdi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi uchrashuvda binoning yangi bosqichdagi rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Unda Markaz ekspozitsiyasida namoyish etiladigan xattotlik asarlari, Qur’on oyatlari yozilgan gilamlar, bino fasadiga o‘rnatilgan hadislar tarjimasi, shuningdek, rassom Bahodir Jalolov va Sobir Raxmetov asarlari, “Bayram” nomli so‘zananing muzey ekspozitsiyasiga qabul qilinishi masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Shayx Abdulaziz Mansur Markaz Qur’on zali uchun tayyorlanayotgan 8 ta gilamda aks etishi belgilangan oyatlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
"Bizning asosiy maqsadimiz – gilamlarda aks etgan muqaddas so‘zlarni keng jamoatchilikka tushunarli va ravon tarzda yetkazishdir. Shu bois, ravoqlarda aks etgan har bir oyat va hadis o‘zbek tilidagi tarjimasi bilan ham berilishi kerak. Bu Markazga tashrif buyuruvchilarga islom ta’limoti va uning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini yanada chuqurroq anglash imkonini yaratadi. Shuningdek, tarjimalar aniq, mazmunan mukammal va diniy-ilmiy jihatdan izchil bo‘lishi shart. Bunda eng to‘g‘ri va ishonchli manbalardan foydalanish, mutaxassislar bilan maslahatlashish, olimlarimizning tajribasiga tayanish zarur. Islom sivilizatsiyasi markazi – islom ma’rifati, madaniyati va tamaddunining ulkan ilmiy-madaniy majmuasi bo‘ladi. Uning fasadi ham ma’naviy mohiyatini aks ettirishi kerak. Shu bois, ushbu 44 ta ravoqdagi yozuvlar Markazning umumiy konsepsiyasiga, islom ta’limotiga va tarixiy manbalarga to‘la mos kelishi lozim", – dedi Markaz katta ilmiy xodimi Abdulaziz Mansur.
Qurilish masalalari doirasida binoning to‘rtta asosiy kirish joyida o‘rnatiladigan marmar toshlarda aks etadigan yozuvlar, markaz eshiklari va suratlar galereyasi o‘rtasidagi yo‘lak dizayni, marmar taxtachada aks ettiriladigan matn mazmuni yuzasidan ham takliflar bildirildi.
"Biz bu yerda markazning asosiy g‘oyalarini aks ettiruvchi ramziy elementlar, yozuvlar va naqshlarni joylashtirishimiz kerak. Ushbu yozuvli toshlar islom ilm-fani, madaniyati, ma’naviyatining eng muhim jihatlarini yozib qo‘yish, ularni tarixiy manbalar asosida ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Chunki bu yerga tashrif buyuruvchi har bir kishi islom sivilizatsiyasining ulkan ilmiy va ma’naviy merosini his etishi kerak. Shuningdek, bu stelalar shunchaki yozuvlar bilan cheklanmasligi lozim", — dedi Markaz bo‘lim boshlig‘i Shoazim Minovarov.
Markaz ilmiy-innovatsion loyihalari, xususan, Maxdumi A’zam ilmiy-tadqiqot fondi bilan hamkorlik, ravoqlar bo‘yicha masalalar ham muhokama qilindi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi g‘alabasining 80 yilligiga bag‘ishlangan media-loyiha konsepsiyasi taqdim etildi.
"Bugungi Ilmiy kengash uchrashuvi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, har bir uchrashuvda biz ekspozitsiyani yanada boyitish va takomillashtirish uchun yangi takliflarni birgalikda muhokama qilib kelyapmiz. Ayni kunlarda ekspozitsiyani shakllantirishdagi eng muhim jihatlardan biri – uning ilmiy asoslanganligi va keng qamrovli bo‘lishidir. Shu bois, bugungi yig‘ilishda ilmiy tadqiqotlarga asoslangan takliflar muhokama qilindi, hamda ularni amaliy jarayonga tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ilmiy kengash – bu markazning yuragi, deb aytish mumkin.
Chunki aynan shu yerda ilmiy yondashuv asosida loyihalar shakllantiriladi, tarixiy haqiqatlar qayta tiklanadi va madaniy merosni asrash hamda keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinadi", — dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Ilmiy kengashning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi yakunida kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati