Folbinlik – bu kelajakni bashorat qilish, noyob bilimlarga ega ekanligini da’vo qilish yoki g‘ayrioddiy usullar bilan kimnidir davolash iddaosi. Ba’zilar qo‘llar, kaft chiziqlari yoki karta bilan, boshqalari esa turli sehrli amaliyotlar bilan odamlarni ishontiradi.
Islom dinida folbinlik va sehrdan qat’iy qaytarilgan. Alloh taolo Qur’onda bunday ishlardan qaytargan: “...Senga zarar ham, foyda ham yetkaza olmaydigan narsalarga duo qilma. Agar shunday qilsang, albatta zolimlardan bo‘lasan” (Yunus surasi, 106-oyat).
Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim folbin yoki ko‘zboylog‘ichga borib, uning so‘zini tasdiqlasa, u Muhammadga sollallohu alayhi vasallam nozil qilingan narsaga kofir bo‘libdi” (Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Bu hadis folbinlarga ishonish qanchalar og‘ir gunoh ekanini ko‘rsatadi.
Ba’zilar qiyinchiliklardan chiqish yo‘lini qidirib, hech qanday dalilsiz folbinlarga yuguradi.
Ko‘pincha inson o‘z hayoti haqida “maxfiy ma’lumot” bilishni xohlaydi va buni folbinlardan izlaydi.
Kimdir folbinlarning so‘zlariga ishonib, ularni haqiqat deb qabul qiladi. Vaholangki, folbinga borish dunyo va oxirat uchun xatarlidir.
1. Iymonni zaiflashtiradi – Folbinlarga ishonish Allohga bo‘lgan tavakkulni kamaytiradi.
2. Odamlarni aldaydi – Folbinlar ko‘pincha yolg‘on aytadi va odamlarning pullarini nohaq yo‘llar bilan oladi.
3. Jamiyatni buzadi – Folbinlarga ishongan odamlar o‘z hayotlarini ularning gaplariga qarab yo‘naltiradi va haqiqatdan uzoqlashadi.
Folbinlardan himoyalanishning yo‘llari:
1. Qur’on va hadislarni o‘rganish – Islomda taqdir va tavakkul haqidagi tushunchalarni bilish folbinlarga ishonishdan saqlaydi.
2. Istig‘for va duo qilish – Qiyinchilikda Allohga yuzlanish kerak, chunki haqiqiy yordam faqat Undan keladi.
3. Sahih ilmga tayanish – Har qanday masalada ilmli ulamolardan maslahat olish kerak.
Folbinlarga ishonish nafaqat odamning aqliga, balki iymoniga ham zarar yetkazadi. Haqiqiy hidoyat faqat Allohning kalomi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatidandir. Shuning uchun hamma vaqt Allohga tavakkul qilib, Undan yordam so‘raylik.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taoloning bu dunyoda joriy qilgan qonunlari bor. Biz o‘z mantig‘imizdan kelib chiqib «Alloh taolo kofirlarni halok qilib yuborsa edi», deymizu, ammo eng biluvchi zot Allohning hikmatlarini anglamaymiz. Oddiy bir misol, kofirlar darhol halok bo‘lganida biz ham bu dunyoda yo‘q bo‘lar edik, chunki bizning ham 14-15 asr oldingi bobolarimiz, tabiiyki, musulmon bo‘lishmagan. Kofirlar yo‘q bo‘lib ketmasligida bizning qosir aqlimizga ma’lum bo‘lgan quyidagi hikmatlar bor:
لَا يُسْأَلُ عَمَّا يَفْعَلُ وَهُمْ يُسْأَلُونَ
U qilgan narsasidan so‘ralmas. Holbuki, ular so‘ralurlar (Anbiyo surasi, 23-oyat).
(U) istagan narsasini amalga oshirguvchidir (Buruj surasi, 16-oyat).
Musulmon bo‘lishlari uchun ularga imkoniyat beradi.
وَمِنۡهُم مَّن یَسۡتَمِعُ إِلَیۡكَۖ
«Ulardan sizga quloq tutadiganlari ham bor» (An’om surasi, 25 oyat).
أَوَلَم نُعَمِّركُم مَّا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَن تَذَكَّرَ وَجَاءَكُمُ النَّذِيرُۖ
Axir Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! (Fotir surasi, 37-oyat).
مَنْ كَانَ يُرِيدُ الْعَاجِلَةَ عَجَّلْنَا لَهُ فِيهَا مَا نَشَاءُ لِمَنْ نُرِيدُ ثُمَّ جَعَلْنَا لَهُ جَهَنَّمَ يَصْلاهَا مَذْمُوماً مَدْحُوراً * وَمَنْ أَرَادَ الآخِرَةَ وَسَعَى لَهَا سَعْيَهَا وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَأُولَئِكَ كَانَ سَعْيُهُمْ مَشْكُوراً * كُلاً نُمِدُّ هَؤُلاءِ وَهَؤُلاءِ مِنْ عَطَاءِ رَبِّكَ وَمَا كَانَ عَطَاءُ رَبِّكَ مَحْظُوراً
(Ey Muhammad alayhissalotu vassalom, bu dunyoda odamlarning) barchalariga — mana bu (mo‘min)larga ham, anavi (kofir)larga ham Parvardigoringizning ne’matidan ato eturmiz. Parvardigoringizning ne’mati (hech kimdan) man’ qilinmas (Isro surasi, 18-20).
قال شداد بن أوس رضي الله عنه : ( إن الدنيا عرض حاضر ، يأكل منها البر والفاجر ، والآخرة وعد صادق ، يحكم فيها ملك قاهر ، ولكل بنون ؛ فكونوا من أبناء الآخرة ، ولا تكونوامن أبناء الدنيا ) صفة الصفوة (1) 709
Shaddod ibn Avs roziyallohu anhu anhu aytadilar: «Bu dunyo naqd mahsulotdir: yaxshi ham, yomon ham undan ulushini yeyaveradi. Oxirat esa rost va’dadir: unda o‘z hukmini o‘tkazuvchi Podshoh hukm qiladi. Ikkovining ham o‘z farzandlari (muxlislari) bor. Sizlar oxirat farzandi bo‘ling, dunyo farzandlari bo‘lmang. (Sifatus sofva kitobi, 1, 709)
وَلا يَحْسَبَنَّ الَّذِينَ كَفَرُوا أَنَّمَا نُمْلِي لَهُمْ خَيْرٌ لأَنْفُسِهِمْ إِنَّمَا نُمْلِي لَهُمْ لِيَزْدَادُوا إِثْمًا وَلَهُمْ عَذَابٌ مُهِينٌ )
Kufr yo‘lini tutgan kimsalar ularga bergan muhlatimizni zinhor o‘zlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar!Balki Biz ularga faqat gunohlarini ziyoda qilishlari uchungina muhlat beramiz. Ular uchun xor qilguvchi azob bordir» (Oli Imron surasi, 178-oyat).
فَلا تَعْجَلْ عَلَيْهِمْ إِنَّمَا نَعُدُّ لَهُمْ عَدًّا
"Bas, siz ular ustida shoshqaloqlik qilmang (ya’ni, nega azobga giriftor bo‘la qolmayaptilar, deb hayron bo‘lmang)! Hech shak-shubhasiz, Biz ularning (qolgan oy, kunlarini ham, qilayotgan gunohlarini ham) aniq hisob-kitob qilib tururmiz" (Maryam surasi, 85-oyat).
روى البخاري (4686) ومسلم (2583) عَنْ أَبِي مُوسَى قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ يُمْلِي لِلظَّالِمِ فَإِذَا أَخَذَهُ لَمْ يُفْلِتْهُ ثُمَّ قَرَأَوَكَذَلِكَ أَخْذُ رَبِّكَ إِذَا أَخَذَ الْقُرَى وَهِيَ ظَالِمَةٌ إِنَّ أَخْذَهُ أَلِيمٌ شَدِيدٌ.
Abu Muso roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Albatta, Alloh taolo zolimga qo‘yib beradi. Uni ushlagach siraqo‘yib yubormas, dedilar va (quyidagi oyatni) o‘qidilar:«Parvardigoringiz (ahli-egalari) zolim bo‘lgan shaharlarni ushlaganida, mana shunday ushlar. Uning ushlashi-azobi alamli va qattiqdir» (Hud surasi, 102-oyat).
لا يَغُرَّنَّكَ تَقَلُّبُ الَّذِينَ كَفَرُوا فِي الْبِلادِ . مَتَاعٌ قَلِيلٌ ثُمَّ مَأْوَاهُمْ جَهَنَّمُ وَبِئْسَ الْمِهَادُ
Sizni kofirlarning shaharlarda kezishlari (ya’ni, ularning har joyda kerilib yurishlari) aldab qo‘ymasin! (Bu yelib-yugurish, g‘olibona kezishlar)ozgina matodir. So‘ngra joylari jahannam bo‘lgay!Naqadar yomon joy u! (Oli Imron surasi, 196-197).
Kim Mening eslatmamdan yuz o‘girsa, bas, albatta uning uchun tang — baxtsiz hayot bo‘lur va Biz uni Qiyomat Kunida ko‘r holda tiriltirurmiz» (Toha surasi, 124-oyat).
في أثر ذكره الإمام أحمد في الزهد: “أن موسى قال يا رب هلا سويت بين عبادك؟ قال إني أحببت أن أشكر
Imom Ahmad «Zuhd» kitobida zikr qilgan xabarda keladi: Muso alayhissalom: «Ey Robbim, nega bandalaring orasini (iymon va kufrda) bir xil qilib qo‘ymaysan», dedi. Alloh unga: “(Iymonlilari kofirlariga qarab) Menga shukr qilishlarini istadim» degan ekan.
Alloh taolo aytadi: “Albatta Biz, to sizlarning orangizdagi (Bizning yo‘limizda molu-jonlari bilan) jihod qilguvchi va (yaxshi-yomon kunlarda) sabr qilguvchi zotlarni bilgunimizcha, hamda sizlarning holi-xabarlaringizni tekshirib — yuzaga chiqargunimizcha, sizlarni imtihon qilurmiz» (Muhammad surasi, 31-oyat).
Albatta, bular qosir aqlimizga kelgan hikmatlar. Allohning huzurida, albatta, juda ko‘p hikmatlar bordir.
Abdulbosit Abdulvohid,
Hadis ilmi maktabi talabasi.