Aziz vatandoshlar! Avvalo, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi, ustoz va ulamolar nomidan barchangizni Ramazon oyi bilan muborak etaman! Iloho, oylarning sultoni bo‘lgan Ramazon har galgidanda fayzli va barakali bo‘lsin!
Ramazon – bu musulmonlarning eng ulug‘ oyi bo‘lib, u Alloh taoloning marhamati va barakasi yog‘iladigan, savoblar ko‘payadigan, duo va tavbalar qabul bo‘ladigan mo‘tabar oydir. Ushbu oyni chin dildan e’zozlab o‘tkazish, ro‘za tutish, Qur’on o‘qish, xayr-ehson qilish va yaxshilikni keng yoyish har bir musulmon uchun sharafdir.
Ramazon oyining ulug‘ligini tasdiqlovchi oyatlar va hadislarda uning fazilatlari alohida ta’kidlangan. Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi:
“Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan” (Baqara surasi, 185-oyat).
Bu oy Alloh taolo tomonidan mo‘minlarga rahmat sifatida yuborilgan bo‘lib, unda Qur’on nozil bo‘lgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Ramazon oyining ulug‘ligi haqida shunday marhamat qilganlar:
“Ramazon ro‘zasini iymon va savob umidida tutgan odamning o‘tgan gunohlari kechiriladi”.
Bu hadisdan ham ko‘rinib turibdiki, Ramazon musulmonlarga gunohlardan poklanish, qalbini tozalash va Allohning rahmatiga erishish imkoniyatini beradi.
Ramazon – bu faqat och va tashna yurish oyi emas, balki mo‘minlarning o‘zini tarbiya qilish, gunohlardan tiyilish va jamiyatga foyda keltirish vaqti hamdir. Ayniqsa, xayr-ehson qilish bu oyda alohida ahamiyat kasb etadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida barcha odamlarga mehribon bo‘lib, saxovatda barchaga namuna bo‘lganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli inson edilar. Ramazonda Jabroil alayhissalom u zotning huzurlariga keladigan paytlarda esa yanada saxiy bo‘lib ketardilar. U zot sollallohu alayhi vasallam insonlarga esuvchi shamoldan ham tezroq saxiylik qilishga shoshardilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bu hadisdagi tasvir Payg‘ambarimizning xayr-ehson qilishdagi shijoat va mehribonliklarini ochiq-oydin namoyon etadi.
Tarixda Ramazon oyida xayr-ehson qilib, odamlarga foyda keltirgan buyuk insonlar juda ko‘p bo‘lgan. Bir necha ibratli voqealar:
Muallo ibn Fazl aytadilar: “Solih zotlar Ramazon oyi kirishidan olti oy oldin Alloh taolodan Ramazon oyiga yetkazishini so‘rab duo qilar edilar. Ramazondan keyingi besh oy mobaynida Ramazon oyida qilgan ibodatlari va solih amallarini qabul qilishini iltijo qilib so‘rardilar”.
Imom Zahabiy rahmatullohi alayh aytadi: “Hammod ibn Abu Sulaymon saxiy boy kishi edi. Ramazon oyida har kuni yuz kishiga iftorlik qilib berardi. Iyd namozi o‘qib bo‘lingandan so‘ng ularning har biriga yuz dirhamdan ehson berardi”.
Bu kabi ibratli holatlar bugungi kunda biz uchun ham namunadir. Agar har bir musulmon qo‘lidan kelganicha odamlarga yaxshilik qilsa, jamiyat yanada ahil va barakali bo‘ladi.
Ramazon oyi – bu nafaqat ro‘za tutish, balki insoniylik, saxovat va ezgulik oyidir. Har bir mo‘min bu oyda imkon qadar Qur’on o‘qib, Allohga yaqinlashishi, xayr-ehson qilib, muhtojlarga yordam berishi, oilasi, qo‘shnilari va jamiyat uchun foydali ishlarni qilishga harakat qilishi lozim.
Bu oyda qilingan har bir yaxshilik, ozgina sadaqa va hatto birovga mehr bilan muomala qilish ham katta savoblarga sabab bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: Kimki ro‘zadorni iftor qildirsa, bas, unga uning savobi mislicha berilur (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shunday ekan, ushbu muborak oyda vaqtimizni behuda o‘tkazmasdan, ibodat va yaxshiliklar bilan band bo‘laylik. Alloh taolo barchamizni Ramazon oyining barakalaridan bahramand qilsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi
Ushbu tabarruk oyda xayrli amallarni emin-erkin ado etish uchun Namangan viloyatida ham barcha sharoit muhayyo qilindi. Shahar va tumanlardagi 190 dan ziyod masjidda taroveh namozi o‘qilmoqda. Masjidlarimizda Qur’oni karim tilovati uchun O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tomonidan 300 nafarga yaqin qori jalb etilgan.
– Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga mo‘min-musulmonlar ko‘pdan-ko‘p ajr va savoblarga ega bo‘ladi. Chunki tabarruk oyda Alloh taoloning rahmati, maxfirati har qachongidan ko‘proq yog‘iladi, – deydi Namangan viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov. – Ramazon oyidagi xayr, saxovat ulug‘ligini ushbu hadis ham yana bir karra tasdiqlaydi.
Davlatimiz rahbarining qarori hamda Ramazon oyi munosabati bilan yo‘llangan tabrigidan kelib chiqqan holda atrof-muhitni muhofaza qilish, hududlarni obodonlashtirish, xayr va saxovat tadbirlari, shu jumladan, nogironligi bor kishilar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar va ehtiyojmand oilalarga mehr-muruvvat ulashish, bemorlar holidan xabar olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ramazon oyi munosabati bilan Namangan shahridagi “Royal” tantanalar majmuasida viloyat hokimligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida iftorlik dasturxoni tashkil qilindi. Unga Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlarida istiqomat qiluvchi nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar hamda boshqa diniy konfessiya vakillari taklif qilinib, hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.
Shunday tadbirlar viloyatning barcha tumanlarida muntazam tashkil qilinmoqda. Xususan, Uychi tumanida uyushtirilgan ana shunday iftorlikdan keyin mahalla xonadonlariga borilib, turli millatga mansub muhtoj kishilar holidan xabar olindi. Bu mamlakatimizda bag‘rikenglik va birdamlik tamoyillarining amaldagi ifodasi ekanligidan yorqin dalolat beradi.
Shunday shukuhli damlarda Namangan shahridagi “Mavlono” va “Mangulik” qabristonlarida tashkil qilingan hasharda mahallalar faollari, nuroniylar va yoshlardan iborat mingga yaqin hamyurtimiz ishtirok etdi. “Mavlono Mavlaviy” ziyoratgohi oldida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov viloyatdagi imom- xatiblar, nuroniylar bilan muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish, savobli ishlarni davom ettirish mavzusida suhbatlashdi.
Tadbir doirasida o‘tganlar xotirasi yodga olinib, ularning ruhiga Qur’on tilovat qilindi. Yurtimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida qurbonlik qilinib, xayr va saxovat ishlari amalga oshirildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri