Masjidlardagi taroveh namozlari, xatmi Qur’onlardan keyin mo‘min-musulmon xalqimiz jamoat bo‘lib qilayotgan duolar sharofatidan o‘lkamizga osudalik, fayz-baraka yog‘ilmoqda. Zero, Qur’on o‘qilgan joyda farovonlik bo‘ladi. U joylarga Allohning rahmati, barakasi yog‘iladi, balo-ofatlar ariydi. Payg‘ambar alayhissalom: «Bir qavm jamlansa, ba’zisi duo qilsa va qolganlari “omin”, desa, albatta, Alloh taolo ularni ijobat qiladi», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bugun, 3 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari poytaxtimizdagi "Kulolqo‘rg‘on" jome masjidida jamoatga yoshlarni ilm va kasbga yo‘naltirishning ahamiyati mavzusida ma’ruza qilib berdilar. Muftiy hazratlari farzandning yaxshi, odobli, mehnatsevar, sog‘lom bo‘lib o‘sishi ko‘p jihatdan ota-onasiga bog‘liqligi, shunday ekan, har bir ota-ona farzandi yoshlik chog‘ini chiroyli, namunali, foydali va savobli ishlar bilan o‘tkazishiga yordamchi bo‘lishi lozimligi borasida oyat va hadislarga tayangan holda so‘zladilar.
Ta’kidlash joizki, bunday ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar yurtimizning barcha masjidlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosarlari, imom-domlalarimiz tomonidan o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Imom Termiziyning hayoti va ilmiy merosini keng ommalashtirish maqsadida ilmiy-ommabop hujjatli film va spektakl saxnalashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan edi.
Shu munosabat bilan shu yil 5 mart kuni Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrida dramaturg Shavkat Pardayev qalamiga mansub Imom Termiziyning ibratli hayoti va ilmiy merosini o‘z ichiga olgan “Imom Termiziy” nomli asar saxnalashtirildi.
Ushbu spektakl Jamoatchilik kengashi tomonidan maqullandi va tomoshabinlarga namoyish etishga tavsiya etildi.
Mazkur asarning saxnalashtirilishi, Imom Termiziy shaxsining tarixiy ahamiyatini yanada ochib berish va yosh avlodga uning ilmiy merosini tanitishda katta ahamiyatga ega.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy
tadqiqot markazi
Matbuot xizmati