Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida Toshkent shahrida ham saxovat tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilyapti.
Ramazonning to‘rtinchi kuni (4 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Bektemir tumaniga tashrif buyurdilar.
Tumandagi 5 ta nogironligi bor, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Muruvvat ko‘rsatilgan oilalardan birida rus millatiga mansub yoshi ulug‘ onaxon yashaydi. Onaxon saxovatdan mamnun bo‘lib, bu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqadi.
Islom bag‘rikeng, o‘zga millat va boshqa din vakillariga mehr-saxovat ko‘rsatadigan dindir.
Zotan, qaysi jamiyatda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga rioya qilinsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi diniy bag‘rikengliksiz tinchlik barqaror emas.
Alloh taolo ehsonlarni qabul aylasin!
Bu kabi xayr-saxovat tadbirlari shahrimizning boshqa tumanlarida ham davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Amerikalik tarixchi va jurnalist Frederik Star qalamiga mansub “Yo‘qolgan tamaddun” (Lost Enlightenment) nomli ushbu kitobda O‘rta Osiyo tarixi va madaniyatining qadim davrlardan Temuriylar davrigacha bo‘lgan taraqqiyoti keng yoritilgan.
Ayniqsa, IX-XII asrlarda mintaqada kuzatilgan madaniy va ilmiy yuksalish jarayoniga alohida e’tibor qaratilgan. O‘rta Osiyo tarixning har bir davrida dunyo tamaddunining beshiklaridan biri bo‘lib kelganiga urg‘u berilgan.
Muallif o‘z asarida O‘rta Osiyo sivilizatsiyasining shakllanish va rivojlanish bosqichlarini chuqur tahlil qilib, bu mintaqaning jahon ilm-fani va madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasini faktlar asosida ochib bergan. Ahmad Farg‘oniy, Muso Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi buyuk olimlarning hayoti, ilmiy faoliyati va madaniy merosi xususida muhim qarashlar ilgari surilgan.
Asar mintaqa ilm-fani va madaniyatining muhim jihatlarini ochib berishi bilan birga uning jahon tamaddunida tutgan o‘rnini anglashga ham yordam beradi.
Kitobni nashrga tayyorlash jarayonida O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ko‘magida muallif bilan muloqot o‘tkazilib, rasmiy nashr uchun rozilik olindi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etiladigan kitobni O‘zbekistondagi barcha ta’lim muassasalariga tarqatish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, “Yo‘qolgan tamaddun” asari ilmiy jamoatchilik barobarida O‘rta Osiyo tarixi va madaniyatiga qiziquvchi barcha kitobxonlar uchun muhim va foydali manba sifatida xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA