Payg‘ambarimiz alayhissalom Ramazon oyida barcha odamlarga mehribon bo‘lib, eng ko‘p saxovatli bo‘lganlar. Ibn Abbos (r.a.) rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli inson edilar. Ayniqsa, Ramazonda saxovatlari yanada oshardi. Rasululloh (s.a.v.) Ramazonda esayotgan mo‘tadil shamol kabi odamlarga saxovat ko‘rsatardilar”, deyilgan.
Davlatimiz rahbarining "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda. Imom-xatiblar sa’y-harakati bilan aholining ma’naviy-moddiy ko‘makka muhtoj qatlamiga ko‘rsatilayotgan yordamlar salmog‘i tobora ortmoqda. Muborak oyda marg‘ilonlik imom-xatiblar ham targ‘ibot guruhi faollari bilan shahardagi nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy ko‘mak va himoyaga muhtoj shaxslar, o‘zga din va millatga mansub kishilar holidan xabar oldilar. Ular bilan muloqot o‘tkazib, muammolari o‘rganildi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tilga olindi, turli millat va din vakillari bag‘rikenglik ruhida va do‘stona munosabatda yashayotganlar e’tirof etildi.
Darhaqiqat, qaysi jamiyatlarda ahillik, birodarlik, o‘zaro hamjihatlik joriy bo‘lsa, taraqqiyot, ravnaq va el osoyishtaligi-yu xalq farovonligi hukm surgan. Aksincha, qay bir jamiyatda murosasizlik, o‘zaro xusumat kuchaysa, bunday jamiyatlarda urush va mojarolar avj olgan, yurt vayron, el parokanda bo‘lgan. Alloh taolo bandalarini urushishga, bir-birlarining qonini to‘kishga, mojarolar chiqarishga emas, qanday din va e’tiqodda bo‘lishdan qat’iy nazar ahillikda, bir-birlariga bag‘rikenglikda, o‘zgalarning haq-huquqlarini hurmatlagan holda yashashga buyurgan.
Tashrif davomida xalqimizni Ramazon oyi bilan muborakbod etildi, tinchlik va xotirjamlikka yana bir bor shukrona keltirib, duo qilindi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Yil yakuni munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vaklligi tizimidagi masjidlarda faoliyat yuritib, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan, mas’uliyat bilan bajarib kelayotgan moliyaviy hisobchi (mutavalli)larga minnatdorlik bildirildi hamda ular munosib taqdirlandilar.
Tadbirda moliyaviy hisobchi (mutavalli)larning masjidlar faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy hisob-kitoblarni belgilangan tartib va qonun-qoidalar asosida olib borishdagi mehnatlari alohida e’tirof etildi. Shuningdek, ularning kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilab, ezgu niyatlar bildirildi.
Ushbu tadbir tizimda xizmat qilayotgan xodimlarni rag‘batlantirish, ularning mehnatini qadrlash hamda mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati