Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kecha Qur’oni karim nozil etila boshlagan. “Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik” (Qadr surasi, 1-oyat).
Bu kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uxlamay, tunni ibodat bilan o‘tkazardilar.
Bu kecha “...ming oydan yaxshiroqdir” (Qadr surasi, 3-oyat).
Bu kecha qilingan amallar 1000 oyda qilingan amallardan afzal va savobi ko‘pdir.
Bu kecha farishtalar tinimsiz mo‘min-musulmonlar haqqiga salavot va salomlar aytishadi.
Bu kecha haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini iymon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati) deganlar.
Bu kecha Alloh taolo bedor bo‘luvchi bandalarini boshqa oylardan ko‘ra ko‘proq ajru savoblar bilan mukofotlaydi.
Bu kecha issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Uning tongida quyosh qizg‘ish bo‘lib chiqadi.
Bu kechada quyosh chiqquniga qadar tinchlik va sokinlik hukm suradi. "U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir" (Qadr surasi, 5-oyat).
Bu kecha haqida Oisha onamiz roziyallohu anho: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o‘qishni aytdilar:
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
O‘qilishi: “Allohumma innaka a’fuvvun kariymun tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy”
Ma’nosi: “Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin” (Imom Termiziy rivoyati).
Bu kechada qilingan amallar salkam 84 yil beto‘xtov qilingan ibodatga teng. 84 yil esa taxminan 30 ming-u 295 kunga teng. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning umrlari oltmish bilan yetmish o‘rtasidadir. Ozlarigina undan tashqarida bo‘ladilar”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Bu kecha gina-adovat, nafrat-arazlar, xafagarchiliklar unutiladigan, hamma bir-biridan rozilik hamda kechirim so‘raydigan kechadir.
Bu kecha barcha mo‘min-musulmonlarga muborak bo‘lsin! Fazilatli oy va muborak kunning fazilatidan Alloh taolo to‘liq bahramand etsin!
Davron NURMUHAMMAD
Joriy yil 27 dekabr kuni Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan shahar-tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining "Inson qadri" nomli kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Kitob taqdimotida viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov tomonidan ushbu kitobda islom ta’limotiga ko‘ra insonning haqiqiy qadri uning tashqi ko‘rinishi, boyligi yoki mansabi bilan emas, balki qalb pokligi, niyati, odob-axloqi va ezgu amallari bilan o‘lchanishi Qur’on va sunnat asosida yoritib berilganligi, asarda inson qadri, tarbiya, ilm-ma’rifat, sog‘lom turmush tarzi, halol mehnat va kasb-hunarning hayotdagi o‘rni sodda va xalqchil uslubda bayon etilganligi ta’kidlab o‘tildi.
Andijon viloyat vakilligi matbuot xizmati