Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy rahimahullohning jajji o‘g‘li bor edi. Qachon bir narsa so‘rasa, onasi: «Bor, Allohdan so‘ra!» derdi. Shunda bolakay ma’sum qalbi ila sajdaga bosh qo‘yar va Robbidan istayotgan narsasini so‘rar edi. Ona esa, bu asnoda o‘sha narsani burchakka yashirib qo‘yib, hech narsa bilmaganday turardi. Bola iltijosini tugatgach, haligi narsasini topib olardi.
Bu hol bir qancha muddat davom etdi.
Bir kuni uyda hech kim yo‘qligida bolakayning ko‘ngli bir narsa tusadi va odatiga ko‘ra, sajdaga bosh qo‘yib, Allohga iltijo qila boshladi. Keyin esa, u narsani doim oladigan joyidan oldi.
Onasi uyga qaytganida, bolasining qo‘lidagi narsani ko‘rib, qayerdan olganini so‘radi. Sof qalb, sof tuyg‘ular sohibi bo‘lgan bolakay: «Hamisha oladigan joyimdan», deb javob berdi...
«Ko‘ngil sultonlari» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odamlarda turli xil qiziqish bo‘ladi. Bir odam zamonasida qancha ulug‘ zot bo‘lsa, hammasining huzuriga borib, «agar ertaga oxirgi kuningiz ekani ma’lum bo‘lsa, o‘sha kunda qanday amal qilasiz?» deb so‘rardi. Bu odamning maqsadi Allohning valiylari nazdidagi savobi eng ko‘p va najotga sabab bo‘ladigan amalni bilish edi. Shunday qilib, turli xil odamlarning oldiga borib, shu savolni berib yurdi. O‘sha paytdagi mashhur muhaddis Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh huzurlariga ham bordi va u kishidan ham shu savolni so‘radi: «Agar sizga ertaga vafot etishingiz ma’lum bo‘lsa, bugun qanday amal qilgan bo‘lar edingiz?».
Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh shunday deb javob berdilar: «Mening har kuni qiladigan amalim bor, o‘shani qilaman. Unga birorta amal qo‘sha olmayman. Chunki vaqtlarimni shunday tartiblab olganmanki, go‘yo har bir kun mening eng oxirgi kunimdir. Ertalabdan kechgacha hayotimni shunday tartibga solganmanki, go‘yo bugun hayotimning oxirgi kuni va men qaysi amalni qilishim kerak bo‘lsa, o‘sha amalni qilyapman».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan