Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Qachonki, Allohning yordami va g‘alabasi kelsa” oyati nozil bo‘lganidan keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam betob bo‘ldilar.
Payshanba kuni u zot alayhissalom boshlarini bog‘ich bilan bog‘lab, odamlarning oldiga chiqdilar. So‘ngra minbarga chiqib, o‘tirdilar. Ranglari sarg‘aygan, ko‘zlari yoshlanib turgan edi. Keyin Bilolni chaqirib, Madinada: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlariga to‘planinglar. Zero, bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sizlarga oxirgi vasiyatlari» deb nido qilishga buyurdilar.
Bilol roziyallohu anhu odamlarni chaqirdi, kattayu kichik – hamma to‘plandi. Uylarning eshiklari ochiqligicha qoldi, bozorlar ham o‘z holiga tashlab kelindi. Hatto bokira qizlar ham parda ortidan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlarini eshitish uchun chiqib keldilar. Masjid yig‘ilganlar uchun torlik qilib qoldi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Orqadagilarni ham sig‘diringlar”, dedilar. So‘ng u zot sollallohu alayhi vasallam yig‘lab: “Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’un”, dedilar. Allohga hamdu sano aytdilar, payg‘ambarlarga, jumladan o‘zlariga ham salovot yo‘lladilar. Keyin uzun xutba o‘qidilar, jumladan bunday dedilar:
«Ey odamlar! Alloh taolo sizlarni qiyomatda katta bir tepalikka to‘playdi. U kun og‘ir kundir. “U kunda molu-davlat va bola-chaqa foyda bermas”. Yetkazdimmi? Ey odamlar! Tillaringizni saqlanglar, ko‘zlaringizni yig‘latinglar, qalblaringizni bo‘ysundiringlar, badanlaringizni charchatinglar, dushmanlaringizga qarshi kurashinglar, masjidlaringizni obod qilinglar, iymoningizda ixlosli bo‘linglar. Birodarlaringizga xayrixoh bo‘linglar, o‘zingiz uchun oxiratga yaxshi amal qilib jo‘natinglar, farjlaringizni saqlanglar, mollaringizdan sadaqa beringlar. Bir-biringizga hasad qilmanglar, yaxshiliklaringiz ketib qoladi. Bir-biringizni g‘iybat qilmanglar, halok bo‘lasizlar. Yetkazdimmi?»
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki bir mo‘minning aybini yashirsa, qiyomat kuni Alloh taolo uning aybini yashiradi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim odamlarning (bir rivoyatda: musulmonlarning) obro‘sidan tilini tiysa, qiyomat kuni Alloh uning toyilishini (xatosini) kechiradi”.
Bir musulmonning obro‘sini to‘kmay, yaxshilik qilgani sababidan Alloh taolo ham uni kechirim deb atalmish ulkan yaxshilik bilan mukofotlaydi.
Yorqinjon qori FOZILOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yaxshi niyatda safar kilish ko‘plab ajru-savoblarga noil etadi. Qolaversa, safar qilish sog‘liqqa foyda, rizqni keng qiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Safar qilinglar. Sog‘lom bo‘lasiz. Rizqingiz keng bo‘ladi”, deganlar.
1. Safarga otlanayotgan kishi uning odoblarini o‘rganmog‘i lozim.
Dastlab, safarda ishlatiladigan zarur buyumlar tayyorlanadi. Oisha roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarda ham, hazarda ham yetti narsani olib yurardilar. Ular: shisha idish, taroq, surmadon, qaychi, misvok, igna va ip”, dedilar.
Boshqa bir rivoyatda: Oisha roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarda ham, hazarda ham besh narsani olib yurardilar. Ular: taroq, surmadon, oyna, misvok va uzun dastali ilgak[1]”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
2. Safarga tongda yo‘lga chiqish safarni barakali hamda xayrli bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Soxr ibn Vado’a G‘omidiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim, ummatimning tongiga baraka bergin”, deb duo qilardilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Soxr roziyallohu anhu savdogar bo‘lganlar va savdolarini doimo tongda jo‘natar edilar. U zot boy, davlatmand bo‘lganlar.
3. Ilmli, solih kishilarning nasihat va duolarini olish lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Safar qilmoqchi bo‘lgan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Yo Rasululloh, menga nasihat qiling”, dedi. U zot: “Allohga taqvo qilishingni va har bir tepalikka ko‘tarilganingda takbir aytishingni buyuraman” dedilar. U orqasiga burilayotgan edi “Allohim, yerni unga yaqin va safarini oson qilgin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
4. Xayrlashayotganda ham duo qilish xayrli amallardandir.
Quz’a ibn Yahyo Basriy aytadilar: «Ibn Umar roziyallohu anhu menga: Kel, sen bilan xuddi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam men bilan xayrlashganlaridek xayrlashaman: “Diningni, omonatingni va amaling xotimasini Allohga topshirdim”, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
5. Ulovga minayotganda duo o‘qish.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam safarga chiqayotganda tuyalariga minsalar uch marta takbir aytib, so‘ngra: “Bizga buni bo‘y sundirgan Zot pokdir. Biz bunga qodir emas edik. Albatta, Robbimizga qaytguvchilardanmiz. Allohim, ushbu safarimizda yaxshilikni, taqvoni va O‘zing rozi bo‘ladigan amalni so‘raymiz. Allohim, bu safarimizni bizga yengil qilib, uzoqligini yaqin qilgin. Allohim, safardagi yo‘ldosh ham, xonadonda qoluvchi o‘rinbosar ham O‘zingdirsan. Allohim, Sendan safar qiyinchiliklari va qayg‘ulari, ahlda va molda yomon oqibatlardan panoh so‘rayman”, der edilar (Imom Muslim rivoyati).
6. Safar davomida ko‘proq o‘zi va boshqalar haqqiga duo qilish.
Musofirning duosi mustajobdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishining duosi shubhasiz ijobatdir. Ular mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosidir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
7. Musofirlar oralaridan bir kishini ishlarni boshqarib turuvchi qilib tayinlashlari kerak.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar uch kishi safarga chiqadigan bo‘lsa, ulardan bir amir bo‘lsin”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Imom Navaviy rahmatullohi alayh: “Musofirlar jamoada o‘zlariga eng ziyrak, eng afzal kishini yo‘lboshchi qilib ta’yinlashlari mustahabdir”, deganlar.
Musofir tepalikka chiqayotganida takbir (“Allohu akbar”) va hamd aytishi (“Alhamdulillah”), pastga tushayotganda tasbeh (“Subhanalloh”) aytadi. Jobir roziyallohu anhu aytadilar: “Biz Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birgalikda safarga chiqardik. Agar tepalikka ko‘tarilsak takbir aytardik. Tushganda esa tasbeh aytardik” (Imom Ahmad rivoyati).
8. Safarda maqsad hosil bo‘lgach, tezda uyga qaytish lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Safar azob-uqubatning bir ko‘rinishidir. Sizlardan biringiz safarga chiqsa, taomi, ichimligi va uyqusidan to‘la baxra ololmaydi. Agar sizlardan biringizning (safarda) istagi hosil bo‘lsa, bas, u oila-ahliga shoshilsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Bu ilgak yog‘och yoki temirdan yasalgan bo‘lib, sochni tekislash va boshka narsalarda ishlatiladi.