Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh aytadilar: "Kimki besh vaqt namozni ado qilsa, darhaqiqat, Allohga shukr qilibdi. Endi kimki besh vaqt namoz ortidan ota-onasining haqqiga duo qilsa, darhaqiqat, ota-onasiga shukr qilibdi".
رَبَّنَا اغْفِرْ لِي وَلِوَالِدَيَّ وَلِلْمُؤْمِنِينَ يَوْمَ يَقُومُ الْحِسَابُ
O‘qilishi: "Robbanag‘fir liy va livaalidayya va lil muminiyna yavma yaquumul hisaab".
Ma’nosi: "Robbimiz, meni, ota-onamni va mo‘minlarni hisob qilinadigan kuni mag‘firat aylagin" (Ibrohim surasi, 41-oyat).
رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا
O‘qilishi: "Robbirhamhumaa kamaa Robbayaaniy sog‘iyro".
Ma’nosi: "Robbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!" (Isro surasi, 24-oyat).
Ba’zida dunyoning turli mintaqalarida chigirtkalar ko‘payib, shahar va qishloqlarni, ekin maydonlarini qoplaydi. Sonini aniqlab bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lgan chigirtkalar galasi odamlar ongida turli fikrlarni paydo qiladi.
Chigirtkalar Alloh taolo tomonidan yuborilgan “alamli azob” yoki Qiyomat alomati” emasmi degan fikrlar ham bo‘ladi. Tabiatning bunday hodisasi tarixda ko‘plab kuzatilgan bo‘lsa-da, bugungi avlod uchun yangilik bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, avvalgi qavmlarning ba’zilari “chigirtka balosi” bilan jazolangan.
Alloh taolo Qur’oni karimda chigirtkalar haqida shunday marhamat qiladi:
“...Qabrlardan ko‘zlari qo‘rqinchga to‘lgan holda, xuddi yoyilgan chigirtkaga o‘xshab chiqib kelurlar.” (Qamar surasi, 7-oyat).
Bundan tashqari, ularning harakat yo‘nalishi keyingi oyatda bayon qilingan:
“Chaqiruvchiga qarab bo‘yinlarini cho‘zib, shoshilib borurlar...” (Qamar surasi, 8-oyat).
Qiyomat kunidagi qayta tirilishni tushuntirish uchun Alloh taolo tomonidan chigirtka misolining keltirilishi bejiz emas. Zero, bu hasharotlar yerdan ko‘tarilganda so‘ng ulkan galalarga aylana boshlaydilar. Birgina chigirtka to‘dasi 1200 kvadrat kilometr maydonga yoyilish xususiyatiga ega. Shundan so‘ng, ular yagona bir yo‘nalishni tanlab, birgalikda ucha boshlaydilar.
Ularning ulkan jamoasi butun osmonni qoplab olishga qodir. Bu holat Qiyomat kunidagi manzarani eslatadi. O‘sha kuni vafot etgan behisob insonlar xuddi shu kabi yer ostidan chiqib keladilar va muayyan bir yo‘nalish bo‘ylab gala-gala bo‘lib yuguradilar.
Xulosa qilib aytganda, bu voqeani Qiyomatning ko‘rinishlaridan bir lahza deb tafakkur qilish mumkin.
Mo‘minlar uchun Qiyomat qoim bo‘lmasdan avval o‘z amallarini qayta taroziga tortib ko‘rish uchun Alloh taolodan berilgan bir ibratdir. Garchi chigirtka bir hashorat bo‘lsa-da, aqlli odamlarni tafakkurga chorlaydi.
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev