1 qism / 2 qism
Ular: “Ho'p yaxshi. Demak, to'rt imomlarning barchasi to'g'ri ekan, bordiyu to'rt imomdan uchtasi bir xil fikrda bo'lishsa-yu, lekin bittasi boshqa fikrda bo'lsa, ulardan qaysi biriga ergashamiz?” deb yana so'radilar.
Men: “Bir imomga”, deb javob berdim.
Ular: “Nima uchun, axir ko'pchilikka ergashish kerak emasmi?”, deyishdi.
Men: “Alloh taolo 124 ming payg'ambarlarini yubordi. Ularning adadini Alloh taoloning O'zi biladi. Biz barchalariga iymon keltiramiz.
Qur'oni karimda Yusuf alayhissalomga akalari sajda qilganlari haqida oyat kelgan. Ulamolar ushbu oyatning tafsirida: “Insonlarning bir-biriga hurmat ma'nosida sajda qilishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha o'tgan barcha payg'ambarlar davrida ruxsat etilgan”, deydilar. Ammo Payg'ambarimiz alayhissalom bizni bunday qilishdan qaytarganlar. Lekin o'tgan 123 ming 999 nafar payg'ambar bundan qaytarishmagan. Siz o'tgan payg'ambarlarga ergashasizmi yoki oxirgi zamon payg'ambari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgami?” deb so'radim.
Ular: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashamiz”, dedilar.
Men: “Huddi shuningdek biz ham bir imomga ergashamiz”, dedim.
Ular: “Islom dini Makka, Madinada nozil bo'lganmi yoki Kufadami?”, deb yana savol so'radilar.
Men: “Makka, Madinada”, dedim.
Ular: “Unda Kufadagi Abu Hanifaga ergashmasdan, Makka, Madinadagi imomlarga ergashimiz kerak emasmi?” dedilar.
Men: “To'g'ri, Qur'oni karim oyatlari Makka va Madinada nozil bo'ldi. Lekin etti qorilardan biri Makkalik, boshqasi Madinalik, yana biri Basralik bo'lgan. Sizlar ham kufalik Imom Osimning qiroatiga ergashasizlarku. Nega unda Qur'on Makka, Madinada nozil bo'lgan bo'lsa, kufalik qorining qiroatiga ergashyapsizlar?” deb savollariga savol bilan javob berdim.
Ular: “Chunki kufalik qorilar Qur'onni o'zlari o'ylab topishmagan. Ular kufaga Makka, Madinadan borgan ko'plab sahobalardan ta'lim olishgan. Sahobalar ularga Qur'onni o'rgatishgan”, dedilar.
Men: “Sahobalar Kufaga kelishganida ibodatlarni ham o'rgatishganmi? Hususan, qanday namoz o'qishni ham ko'rsatib berishganmi? Nima deb o'ylaysiz?” deb so'radim.
Ular: “Ha, sahobalar qanday namoz o'qishgan bo'lsa, uni kufa ahliga ham o'rgatishgan”, deyishdi.
Men: “Demak, sahobalar Qur'ondan ta'lim berishgan ekan, albatta namozni ham o'rgatganlar. Demak, bir mazhabga ergashsak sahobaga ergashayotgan bo'lamiz. Sahobalardan ko'ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishda kim go'zalroq namuna bo'lishi mumkin?” dedim.
Hulosa o'zingizdan.......
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan