Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447
Yangiliklar

Indoneziya din ishlari vaziri: Samarqand shahri Makka va Madinaga olib boruvchi asosiy darvoza

29.04.2025   13977   3 min.
Indoneziya din ishlari vaziri: Samarqand shahri Makka va Madinaga olib boruvchi asosiy darvoza

Indoneziya poytaxtida O‘zbekiston turizm salohiyatining taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 
 

Tadbirda Indoneziya sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, Turizm va Din ishlari vazirliklari mas’ul xodimlari hamda matbuot vakillari ishtirok etdi.

 

"Qanot Sharq" aviakompaniyasi rahbariyati joriy yilning kuzgi mavsumidan boshlab Jakarta-Samarqand-Jidda yo‘nalishida havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi. Samarqand shahri va "Umra+" dasturi doirasida indoneziyalik sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqidagi videofilm namoyish etildi.   

 

Anjumanda so‘zga chiqqan Indoneziya din ishlari vaziri Nasiruddin Umar O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, ushbu zamindan yetishib chiqqan buyuk zotlar, mutafakkir va ulamolar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

 

–O‘zbekiston – muqaddas zamin. Samarqand shahri esa Makka va Madinaga olib boruvchi asosiy darvoza, – dedi vazir Nasiruddin Umar. – Movarounnahr ulamolari Indoneziya orollarida islom dini ta’limotini qaror toptirishda alohida o‘rin tutadi. Islom olamining buyuk dahosi, Qur’ondan keyingi o‘rinda turuvchi "Al Jomiy as-Sahihi" kitobining muallifi Imom Buxoriy O‘zbekiston zaminida tavallud topgan. O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan taniqli muhaddisning qabri joylashgan Samarqand yonidagi Xartang qishlog‘ida ulug‘vor yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda. Ziyoratgoh dunyo musulmonlari uchun eng ahamiyatli tuhfa bo‘lishi muqarrar. Shubhasiz, ushbu voqea nafaqat Yangi O‘zbekiston tarixida balki islom dini rivojlanishi tarixida ham munosib o‘rin egallaydi.

 

Imom Buxoriy indoneziyaliklar uchun nihoyatda qadrli shaxs. Uning maqbarasini ziyorat qilish har bir musulmonning orzusi. Mamlakatimiz birinchi Prezidenti Sukarno ham bundan 70 yil muqaddam ya’ni 1956 yilda muhaddisning qabrini ziyorat qilgan.

 

Har yili 1 million 200 mingdan ortiq vatandoshimiz Umra amallarini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi. Ziyoratchilarimiz aksariyat hollarda Istambul, Qohira, Doha, Ammon shaharlarida to‘xtab o‘tishadi. Samarqand shahri o‘zining boy tarixi, yuksak madaniyati, islomiy obidalari, tamaddun maskanlari, o‘zbeklarga xos mehmondo‘stlik qadriyatlari, aholisining indoneziyaliklarga bo‘lgan iliq munosabati nuqtayi nazaridan qayd etilgan shaharlardan ko‘p marotaba afzaldir.  

 

Indoneziya tomoni, shuningdek, "Umra+Samarqand" dasturini ommalashtirishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirib, bugungi nutqi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarida joylashtirilishi va keng jamoatchilikka yetkazilishini urg‘uladi.

 

Shuningdek, targ‘ibot va tashviqot qilish orqali "Umra+Samarqand" turpaketini ommalashtirish va Indoneziyadan O‘zbekistonga turistlar sonini keskin oshirish imkoniyati mavjud ekanligini ta’kidlandi.

 

Tadbir doirasida "Qanot Sharq" aviakompaniyasi vakillari va Indoneziyaning "ASITA" turizm agentliklari tashkiloti raisi Rusmiati Nunung o‘rtasida Jakarta - Samarqand - Jidda yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va indoneziyalik turistlarga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida hamkorlik memorandumi imzolandi.  

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Yetkazib berish kechikkani sababli qo‘shimcha taom berish

07.07.2025   536   1 min.
Yetkazib berish kechikkani sababli qo‘shimcha taom berish

Savol: Ba’zi yemakxonlar taom yetkazib  berishni kechiktirgani uchun buyurtmadan tashqari qo‘shimcha taom taqdim etar ekan. Shu ish joizmi? Agar reklamada qo‘shimcha bepul taom berish emas, balki yetkazib berilgan taomning pulini olmaslik aytilgan bo‘lsa, hukm qanday bo‘ladi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

1. Taomga buyurtma berish bitimi shariatdagi istisno’, ya’ni buyurtma asosida ma’lum mahsulotni tayyorlab berish shartnomasiga to‘g‘ri keladi. Agar savoldagi shart faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida alohida bunday shart qo‘yilmasa, sotuvchi tarafidan berilgan bu va’da joiz hisoblanadi va unga vafo qilishi kerak bo‘ladi.

Agar buyurtma berishda yetkazib berish kechikishi sababli qo‘shimcha taom berish sharti qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Bitimdagi bunday shart moliyaviy jarima sanaladi. Mahsulot tayyorlab berish (istisno’) bitimida sotuvchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llashga ruxsat etiladi.

Demak, qo‘shimcha bepul taom berish va’da ko‘rinishida bo‘lsa ham, shartnomada aks etgan bo‘lsa ham joiz ekan.

2. Yetkazib berish kechiksa, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida bunday shart qo‘yilmasa, bu ham sotuvchi tarafidan berilgan va’da bo‘ladi va joiz hisoblanadi. Ammo buyurtma berish jarayonida yuqoridagi shart qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Shartnomada esa buyurtma summasidan voz kechish shartini qo‘yish durust emas.

Demak, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik va’da ko‘rinishida bo‘lsa joiz, bitimda shart qilinsa, joiz emas. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi