Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2025   |   26 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
22 Iyun, 2025, 26 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Usmon Mus'haflarining soni, ularning yozilish usuli va xat turi

05.05.2025   6577   17 min.
Usmon Mus'haflarining soni, ularning yozilish usuli va xat turi

 

Ulamolar Usmon (roziyallohu anhu) turli yurtlarga yuborgan Mus'haflarning soni to‘g‘risida har xil rivoyatlar aytganlar. Masalan, Hamza bin Habib az-Zayyyot: «Ular to‘rtta edi», deydilar. Abu Hotim as-Sijistoniy esa yettita bo‘lgan deydilar. Eng to‘g‘ri rivoyat oltitadir: Makkiy, Shomiy, Basriy, Kufiy, Madina ahli uchun umumiy bo‘lgan madaniy va xalifaning o‘zlari uchun xos bo‘lgan madaniy Mus'haflardur. Oxirgisini hazrati Usmon(roziyallohu anhu) o‘zlari uchun olib qolganlar. Ul zot bu mus'haflarning birortasini ham o‘z qo‘llari bilan yozmaganlar, balki ularni yozishga buyurganlar, xolos.


Tarix ulamolari nazdida qurayshlardan birinchi bo‘lib xat yozishni o‘rgangan va o‘rgatgan kishi Harb bin Umayyadir. O‘sha paytdagi xat turi anboriy-himyoriy deb atalardi. U Hijozda tarqagandan so‘ng, Hijoziy deb atala boshladi. Islom dini kelgan paytda arablar orasida mana shu xat turi qo‘llanilar edi va shu yozuv bilan vahiyni, Abu Bakr sahifalarini, Usmon Mus'haflarini yozdilar. Usmon Mus'haflari har xil yordamchi shakl va nuqtalardan holi yozilgan. Unga juz’lar, hizblar va boshqa ko‘rsatgichlarning alomatlari qo‘yilmagan. To Kufa yozuvi paydo bo‘lguncha Mus'haf va boshqa hujjatlar ana shu xatda yozilar edi. Keyinchalik bir guruh xattotlar Kufa yozuvi bilan nusxalar ko‘chira boshladilar. Bu yozuv arab xatining tajvidini va uning yaxshilanishini ko‘zda tutar edi. Bora-bora Kufa ahli yozuvi o‘zining shakli jihatidan hijoziy xatdan qulay ekanligi ma’lum bo‘ldi va kufiy xat deb ataldi. Ana shu vaqtdan e’tiboran Qur’on va boshqa yozuv asarlari qufiy xatida bitila boshladi.


O‘sha zamonda bitiklar terilarga kufiy xat bilan yozilar edi. Bundan boshqa turda xat bitishni arablar bilmas edilar. Islomdan keyin eng qadimiy yozuv bo‘lgan bitiklarni ham terilarga yozdilar. Ular matolarga, xususan, bo‘zdan to‘qilgan Misr matosiga, shuningdek taxta, suyak, tosh va sopollarga yozar edilar.


Abbosiylar davriga kelib, qog‘oz deb ataladigan yangi ashyo paydo bo‘ldi. U yuziga mum surtilgan varaqlardan iborat bo‘lib ko‘rinishidan teriga o‘xshab ketar edi. Qog‘oz yasashni arablar xitoyliklardan olganliklari haqiqatga yaqinroqdir. Chunki xitoylar miloddan oldin ham qog‘oz yasash sohasida mohir bo‘lganlar. Arablar Samarqandni fath qilganlarida bu sinoatni o‘sha yerdan o‘rgandilar, lekin, u Abbosiylar davrining birinchi asridagina keng tarqaldi. Bu paytga kelib terilar kamayib, yozishma va bitiklar uchun yetishmay qolgan edi.(«Qohiradagi Husayn masjidlaridagi Payg‘ambardan qolgan osorlar» kitobi.126-bet («Muxall Efotur-Rasul»)


Arablar ajamlar bilan aralashib, quda-anda bo‘lib, ulardan yangi avlod paydo bo‘lganda, bu avlodning talaffuzida har xil ohanglar vujudga keldi. Bu holat arab tilining buzilishi va Qur’on qiroatiga futur yetishi xavfini tug‘dirdi. Shuning uchun yozuvda qisqa unlilarni ifodalovchi harakat belgilarini (harakatlarni) ishlab chiqish qat’iy zaruriyatga aylandi. Natijada, 67-hijriy yilda Iroq voliysi Ziyod ibn Abihi Abul-Asvad Duvaliyga nahv(sintaksis) darsligini ishlab chiqishni buyurdi. Buning uchun Abul-Asvad e’rob (so‘zlarning jumladagi holatini ifodalash) harakatlarini bildiruvchi nuqtalardan foydalandi. U quyidagicha yo‘l tutdi. Bir kotibni olib kelib, unga: «Agar biror harfdan keyin «a» qisqa unlisini talaffuz qilsam, o‘sha harfning tepasiga nuqta qo‘yasan(fatha), agar «u» qisqa unlisini aytsam, o‘rtasiga (zamma), agar «i» qisqa unlisini qo‘shsam, harfning tagiga nuqta(kasra) qo‘yasan», − dedi. Bunda nuqtalar matn yozuvi siyohidan boshqacha rangdagi siyohlar bilan yozilar edi. Bu arab yozuvining takomillashtirishdagi birinchi isloh edi. Ikkinchi isloh umaviy xalifalardan Valid bin Abdul Malik bin Marvon (86-96 h.) davrida, arab tili ona tillari bo‘lmagan ajam qoriylari ko‘payib, noto‘g‘ri talaffuz tufayli odamlarning qiroatni tushunmay qolish hollari ziyodalashganda amalga oshirildi. Ular «jim», «ho» va «xo»; «yo», «to» va «so»; «sod» va «zod»; «to» va «zo»; «sin» va «shin» kabi shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratishda qiynalar edilar.


Ibn Xallikon «At-Tas'hif» (Noto‘g‘ri talaffuz) kitobida Abu Ahmad al-Askariydan shunday hikoya qiladilar: Odamlar qirq yildan ziyod, to Abdu-Malik bin Marvon zamonigacha Usmon Mus'haflarini o‘qishda davom etdilar. Iroqda noto‘g‘ri tallafuz qilish ko‘payib ketgandan keyin, Hajjoj o‘z kotiblarini chaqirib, ularga shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratish uchun belgilar ishlab chiqishni buyurdi.


«Aytishlaricha, Nasr bin Osim bu vazifani o‘z zimmasiga oldi va nuqtalar qo‘yishni odat qildi»( Marokkoda chiqadigan «Al-Lisonul-arabiy»( «Arab tili») majallasi, 43-bet, 6-son 1388y.h.


U nuqtalarni bitta yoki ikkita qilib, harfning ustiga yo tagiga qo‘ydi. Nuqtalar harf bilan bir xil siyohda yozilar edi, chunki ular harfning bir bo‘lagi, deb sanaladi. Bundan kelib chiqadiki, arablar nuqta va harakat belgilarini hijriy birinchi asrning ikkinchi yarmidan, ya’ni umaviylar zamonida ishlata boshladilar. Abul-Asvad Duvaliy harakat belgilarini va Nasr bin Osim nuqtalarni ixtiro qilmaguncha, ular arab yozuvida mavjud emasdilar. Johiliyatdagi yoki hijriy asrning birinchi yarmidagi asarlarda harflar nuqta va harakat belgilari, shuningdek, tovushni qisqa va uzun cho‘zish (madd) alomatlaridan holi edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning maktublari (ularni yozishda kotiblar o‘zlarining yozuv san’ati va tajvid bobidagi bor mahoratlarini ishga solar edilar, chunki, ular Payg‘ambar (alayhissalom)) dan podshohlarga, amiru umarolarga yuborilgan bo‘lib, o‘z vazifasini to‘la ado etishi uchun xati aniq va harflarning shakli to‘liq bo‘lishi kerak edi) ham nuqta va belgilarsiz edi. Usmon Mus'haflarida ham ular yo‘q.(«Muxallafotur-Rasul» 124-bet)


Uch harakat belgilari (i’jom)ni esa Abbosiylar davrining boshlarida yashagan arab tili fanining ustozlaridan biri Xalil Ahmad Farohidiy (vafoti 170 h va 786 m.y.) yo‘lga qo‘ydi.


Bayhaqiy «Shu’abul-iymon»da yozishlaricha, Usmon Mus'haflari keyinchalik tilshunos (nahviy) lar tomonidan ishlab chiqilgan imlo qoidalaridan farq qiladigan, o‘ziga xos shaklda yozilgan. Bu farq olti joyda namoyon bo‘ladi: hazf (yozuvda biror narsani tushirib qoldirish), ziyoda (qo‘shimcha), hamza (arab tilida o‘ziga xos tovushni ifodalovchi belgi), ibdol (bir harfni yoki so‘zni ikkinchisi bilan almashtirish), vasl (birini ikkinchisiga qo‘shib o‘qish), fasl (birini ikkinchisidan bo‘lib o‘qish) belgilari va ikki xil o‘qilishi mumkin bo‘lgan joylar. Isloh natijasida bir xil qoidaga muvofiq yozuv paydo bo‘ldi. Natijada Qur’onning xati muqoyasa qilinmaydigan, o‘zgartirilmaydigan, ixtilof qilinmaydigan va unga qat’iy amal etiladigan yozuvga aylandi. Bu qoidalarni bilish Qur’onga taalluqli ilmlarning biridir.


Usmon Mus'haflari haqida xabarlar

 

Yuqorida Usmon Mus'haflari oltita edi, dedik. Ulardan biri Basraga, ikkinchisi Kufaga, uchinchisi Shomga, to‘rtinchisi Makkai mukarramaga, beshinchisi Madina ahliga yuborildi va oltinchisi hazrati Usmonning o‘zlarida qolgan edi. Mana shu oltinchi Mus'hafning ustida hazrati Usmon shahid bo‘ldilar va muborak qonlari quyidagi oyat ustiga to‘kildi, degan rivoyat mashhurdir:


Ya’ni «Ularning yomonligidan sizga (ey Muhammad), Allohning o‘zi yetarlidir. U eshitguvchi va bilguvchidir», («Baqara» - 137).


Hazrati Usmon (roziyallohu anhu)) tilovatdan bir xil ta’lim berishni nazarda tutib, o‘sha mus'haflarning har biriga bittadan olim qo‘shib, turli o‘lkalarga yuborgan edilar. Masalan, Zayd bin Sobitga Madina ahliga, Abdulloh bin Soibga esa Makka ahliga qiroatni o‘rgatishni amr etgandilar. Mana shu yo‘l bilan bir xil qiroat hamma tomonga yoyildi va Usmon Mus'haflaridan nusxalar olindi. Usmon Mus'haflari bosh kitob va murojaat qilinadigan asl manba’ sifatida mo‘tabar va muqaddas sanalar, shuning uchun ham ular qo‘riqlanadigan joylarda, nihoyatda ehtiyotkorlik bilan saqlanar edi. Bora-bora ular qimmatbaho yodgorlik sifatida xalifa va podshohlarning xazinalariga ko‘chirilib, odamlar ko‘zidan uzoqlashdi. Agar kimning qo‘liga undan biror nusxa tushib qolsa, hech kimga ko‘rsatmaslikka harakat qilar edi. Davlat to‘ntarishlari, turli ixtilof va talon-tarojlar oqibatida bu Mus'haflarning ba’zilari boshqa mamlakatlarga olib ketildi. Ba’zilari har xil shaxslarning qo‘liga tushdi, taqdiri esa noma’lum bo‘lib qoldi.


Muhammad Tohir bin Abdul-Qodir Kurdiy o‘zining «Tarixul-Qur’on» nomli kitobida shunday yozadi: «Biz Hijoz va Misr kutubxonalarida ko‘p izlanishlar olib bordik, lekin ularning mavjudligi haqida bizlarni qoniqtiradigan hujjatlar topmadik, faqatgina Qohirada chiqadigan «Ad-dunya va kullu shay’» («Dunyo va har bir narsa») majallasining 1937 yil 24 avgust sonida bosilgan «Olmoniya olti oy ichida Hijoz podshosi hukumati bilan tuzilgan bitimga muvofiq, xalifa Usmon Mus'hafining asl nusxasini qaytarib beradi», degan xabarga yo‘liqdik, xolos. Bu xabarga ko‘ra, mazkur Mus'haf Madinadan turk qurolli kuchlari tomonidan olib ketilgan bo‘lib, keyinchalik sobiq imperator Gilyom II ga- topshirilganligi isbot bo‘lgan».(«Tarixul-Qur’on» 119-bet.)


Madina Mus'hafi

 

Usmon Mus'haflarining ulamo va qoriylar tomonidan eng ko‘p zikr qilinadigani Madina Mus'hafidir. Uning to‘g‘risida imomi Nofi’ ko‘p naql qilganlar.


Ibn Jubayr o‘zining sayohati pirovardida shunday yozadi (uning Madinaga qilgan ziyorati 580-hijriyda bo‘lgan): «Masjidi Nabaviyda saqlanayotgan mus'haf, ustida hazrati Usmon shahid bo‘lgan Mus'haf emas, balki har tomonga yuborilgan Mus'haflarning biridur».


Mavlono Shibli Nu’moniy aytadilar: «Madina Mus'hafini 735 h. yilda Madinai munavvarada ko‘rganlar, uning orqasida shunday yozuv bor edi: «Bu Mus'haf bir guruh sahobalar, shu jumladan, Zayd bin Sobit, Abdulloh bin Zubayr va Said bin Os qarorlari bilan yozildi». Kitobning boshqa tomonida hazrati Usmon Mus'hafni yozish uchun yiqqan boshqa sahobalarning nomlari bor edi. Mana shu sanada Makka Mus'hafi ham mavjud edi».


Samhudiyning «Xulosatul-vafo» kitoblarida, «654-hijriyda Masjidi Nabaviyda sodir bo‘lgan birinchi yong‘in paytida yonib ketgan narsalar ichida kitob va mus'haflar ham bor edi. Ba’zi bir narsalar va Usmon Mus'hafidan boshqa hech narsa omon qolmadi»,— deyiladi. Shunga binoan Usmon Mus'hafi shu sanada Madinada mavjud edi, keyinchalik qayoqqa ketgani ma’lum emas. Ba’zi bir zamondoshlarimiz: «U to turklar Madinadan 1334 yilda chiqib ketgunlaricha mavjud edi. Ehtimol, Ostona (Konstantinopol)ga olib ketilgan bo‘lsa kerak»,− deydilar.(«Tarixul-Qur’on» kitobi)


Bosh Mus'haf

 

Hazrati Usmonning o‘zlariga xos bo‘lgan Mus'hafga keladigan bo‘lsak, u to‘g‘rida Shotibiy Molikdan shunday rivoyat qiladilar: «Mazkur Mus'haf g‘oyb bo‘lgan, u to‘g‘rida mashoyixlardan hech bir xabar ololmadik».


Ibn Qutayba: «Usmon (roziyallohu anhu) tilovat qilib turib, tepasida shahid bo‘lgan Mus'haf, keyinchalik o‘g‘illari Xolidda edi, undan so‘ng uning avlodlariga qoldi, ular esa birin-ketin olamdan o‘tib ketdilar. Shomning ba’zi mashoyixlari, Mus'haf Tus zaminida, deydilar», − deb xabar beradi.


Umar Rizo hazratlari «Qur’on nima?» nomli kitoblarida shunday yozadilar: «Bir rivoyatda, Usmon (roziyallohu anhu)ning xos Mus'haflari umaviylar qo‘lida edi, deyilgan. Umaviylar Andalusga hijrat qilganlarida uni o‘zlari bilan olib ketgan edilar. Andalusda musulmonlar davlati ag‘darilgandan keyin Mus'haf Fos (Mag‘rib)ga olib kelingan».


Ibn Batutaning aytishicha, VIII hijriy asrda u Fosda mavjud edi va unda qon dog‘lari bo‘lgan.


Samhudiy Madina Mus'hafining Usmon Mus'hafi emasligi to‘g‘risidagi rivoyatning sharhida shunday degan: «Mutaqaddim (avvalgi avlod)larning hech biri u to‘g‘rida zikr qilganini ko‘rmadim, ularning rivoyatlari o‘sha paytda Mus'hafning masjidda bo‘lmaganini taqozo qiladi. Hatto mutaaxxir (keyingi avlod)lardan birinchi bo‘lib tarixni yozgan Ibn Najjor asarlarida ham u to‘g‘rida zikr qilinganini ko‘rmadik».


Barzanjiy hazratlarining «Nuzhatun-nozirin» kitobidagi «Madina tarixi» bobida shunday deyiladi: Hozirgi kunda Madinada mavjud bo‘lgan Mus'hafni sayyidino Usmonga nisbat qilinganini, Al-Matariy va undan keyingilarning Masjidi Nabaviyning o‘rtasida bo‘lgan qubbaning birinchi yong‘indan omon qolganligi to‘g‘risidagi rivoyatdan boshqa rivoyatlarda uchratmadim».


Shom Mus'hafi

 

Ibn Kasir o‘zining «Fazoilul-Qur’on» kitobida (49-bet) «Bugungi kunda Usmon Mus'haflarining eng mashhuri Shomdagi Damashq jome’ining sharq tomonidagi xonada saqlanayotgan Mus'hafdur. U qadimda Tabariyya (Tiveriada) shahrida edi, so‘ngra taqriban 518-yilda Damashqqa olib kelingan. Men uni ravshan siyoh va chiroyli husni xat bilan teriga yozilgan katta, ulug‘ kitob ekanligini ko‘rdim. Bu tuya terisi bo‘lsa kerak, vallohu a’lam», − deb yozadi.


Mavlono Shibli Nu’moniy o‘zining «Tahzibul-axloq» kitobida shunday deydi: «Abul-Qosim Sabtiy Shom Mus'hafini 657-yilda umaviylar jome’ining xonasida ko‘rgan. Shuningdek, Ibni Abdulmalik uni 725-yilda ko‘rgan edi».


Ba’zi tadqiqotchilar bu (shomiy) Mus'haf bir qancha muddat Peterburgda Rusiya podshohlari qo‘lida bo‘lib, so‘ngra Angliyaga olib ketilgan, keyingi taqdiri nima bo‘lganini hech kim bilmaydi, degan fikrga moyillik bildiradilar. Kimki qo‘lyozma mus'haflar va ular haqida biror manba’ga ega bo‘lgan kutubxonalar to‘g‘risida chuqurroq ma’lumot olmoqchi bo‘lsalar, Shufan kitobining 10-jildiga murojaat qilsin.(Professor Subhi Solih. «Mubohasot fi ulumil-Qur’on» (Qur’on ilmlari to‘g‘risida bahslar), 103-bet.)
 

Basra Mus'hafi

 

Ibn Batutaning sayohati to‘g‘risidagi kitobda Basra shahri haqida shunday satrlar bor: «Basra shahrida Ali ibn Abu Tolib masjidi bor. Bir paytlar u shahar o‘rtasida bo‘lib, hozirda markazdan ikki mil (1 mil-750 metr) uzoqlikdadir. Unda jum’a namozlari o‘qiladi va ikki jum’a orasida yopiq bo‘ladi. Mazkur masjidda Usmon (roziyallohu anhu) tilovat chog‘ida qatl etilganlarida qonlari tomgan Mus'haf saqlanadi».


Shahobuddin Marjoniy-Qozoniy hazratlari, qiroatlar xususida tasnif qilganlarning birinchisi Abu Ubayd Qosim bin Sallom Bag‘dodiydur, ikkinchisi Ahmad bin Jubayr Kufiy, deydilar. Qiroatlar xususida har bir yurtdan bittadan imomni sanab beshtaga yetkazganlar. Bular aniqlangan Mus'haflar soniga muvofiqdur, chunki boshqa ikki Mus'haf to‘g‘risida hech qanday xabar eshitilmagan.(«Vafiyya»ning muqaddimasi, 2-bet.)


Qohiradagi Usmon Mus'hafi

 

Qohiradagi «Sayyiduno Husayn» masjidida ikkita qadimiy mus'haf bor. Ulardan biri sayyiduno Usmon (roziyallohu anhu) va ikkinchisi sayyiduno Ali (roziyallohu anhu)ga tegishli deb hisoblanadi. Barzanjiy aytadilar: «Qohiradagi Mus'hafda xuddi hozirgi kunda Madinai munavvarada mavjud bo‘lgan Mus'hafdagi kabi «fasayakfikahumulloh» oyatining ustida qon izlari bor. Makkadagi Mus'hafda ham shunday. Bundan kelib chiqadiki, kimdir ataylab, mazkur oyat ustiga, Bosh Mus'hafga o‘xshatish maqsadida, qon izlarini tushirgan. Vaholanki, hazrati Usmon qonlarining izi faqat bitta Mus'hafda bo‘lgan. Ehtimol, bular Ibn Jubayr rivoyatida aytilgan, hazrati Usmon har xil yurtlarga jo‘natgan Mus'haflarning ba’zilari bo‘lsa kerak».


Shuningdek, Berlin muzeyida ham bir qadimiy mus'haf bor, yana biri Turkiyada mavjud. Mag‘rib podshohlari yurishlarda hazrati Usmon Mus'haflarini qo‘shindagi birinchi tuyaga yuklab qo‘yar edilar.(«Nafxut-tiyab», 1-jild, 263 -bet.)


Ba’zi sharqshunos olimlar bir qancha tarixiy rivoyatlarni to‘plaganlarki, ularni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu rivoyatlar qadimgi ulamolarning Mus'haflarni yoki ularning suralarini musulmon mamlakatlarda ko‘rganliklarini ta’kidlaydi. Mazkur sharqshunos olimlarning boshida professor Kazimirovni tilga olish mumkin. Ushbu rivoyatlardan biz Usmon Mus'haflaridan biri IV hijriy asrning boshlarida mavjud ekanligini bilib olamiz. («Mubohasot» 101-bet).

 

Shayx Ismoil Maxdumning 
«Toshkentdagi Usmon Mus'hafining tarixi»nomli kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Tabiat ham Sizni halok etmasin

20.06.2025   8611   6 min.
Tabiat ham Sizni halok etmasin

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.

Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.

Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.

Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.

Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).

Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.

Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:

«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».

O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...

Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.

Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.


«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan