Ikki nafar qizim bor. Biri etti, ikkinchisi to'rt yoshda. Hamma bolalarga o'xshab mening qizlarim ham urushib, talashib turishadi. Shunday paytda ularga “Qizaloqlarim, hozir shaytonni juda xursand qilayapsizlar-da. Chunki shayton odamlarni bir-biri bilan urishtirsa, ayniqsa, aka-uka, opa-singillar o'rtasida urush chiqarsa, juda xursand bo'lar ekan. Mana hozir ham sizlarni urishtirib qo'yib, ustinglardan mazza qilib kulib o'tiribdi” deyman. Ularga Yusuf alayhissalom bilan akalari o'rtasiga shayton qanday qilib nizo solganini, ularni bir-birlariga qanday gij-gijlaganini aytib beraman. Keyin ular biroz tinchlanishadi.
Shunda paytdan foydalanib “Kelinglar, endi ustimizdan kulgani uchun shaytonning adabini beramiz” deb qiziqtiraman. Tabiiyki, qizlarim “Qanday qilib?” deyishadi. Keyin men ularga qiblaga qarab 100 marta istig'for aytishni o'rgataman. O'zim ham ular bilan birga 100 marta istig'for aytaman.
Agar charchab qolishsa “Yigirmata qoldi, o'nta qoldi” deb ilhomlantirib turaman. Istig'for 100 ta bo'lgach, ikkovlariga “Mana biz shaytonning ta'zirini berdik, Robbimizni xursand qildik” deb mukofot beraman. Keyin ikkovlari talashgan masalani o'tirib, bosiqlik bilan hal qilamiz.
Shu uslubda ularning orasini isloh qilish menga qulay. Odatda farzandlar o'rtasidagi shunday mayda tortishuvlarga beetibor bo'lish keyinchalik ular orasidagi katta muammolarga sabab bo'ladi. Shuning uchun ularga hali kichikliklaridayoq bunday vaziyatlardan qanday qilib yaxshi yo'l bilan chiqib ketishni o'rgatish kerak bo'ladi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisliklarida Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda bir necha masalalar qatori Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon qori Abbosiddinov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etilgani, Namangan shahar bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilayotgan Abdulloh domla Samadov Namangan viloyati bosh imom-xatibi etib tayinlangani e’lon qilindi.
Abdulloh domla Samadov 1972 yili Namangan shahrida tavallud topgan. 1998 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. Namangan shahridagi “Boqi Polvon” jome masjidi imom-xatibi va shahar bosh imom-xatibi vazifalarida ishlab kelgan.
Alloh taolodan yangi vazifaga tayinlangan Abdulloh domla Samadovga mas’uliyatli va sharafli faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati