Birgina kishining ma’naviy va moddiy ehtiyojlari ta’minlanishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shodu xurram bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Shu yil 5 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, O‘zMI mas’ul xodimlari, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, 2024 yilda hajga borgan hoji ota va hoji onalar ishtirok etdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Chilonzor tumanidagi "Katta Qozirabot" mahallasiga tashrif buyurib u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
* * *
Peshin namozidan so‘ng tadbir ishtirokchilari yana «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» masjidiga yig‘ilib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
@MuslimShosh
Xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisliklarida Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda bir necha masalalar qatori Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon qori Abbosiddinov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etilgani, Namangan shahar bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilayotgan Abdulloh domla Samadov Namangan viloyati bosh imom-xatibi etib tayinlangani e’lon qilindi.
Abdulloh domla Samadov 1972 yili Namangan shahrida tavallud topgan. 1998 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. Namangan shahridagi “Boqi Polvon” jome masjidi imom-xatibi va shahar bosh imom-xatibi vazifalarida ishlab kelgan.
Alloh taolodan yangi vazifaga tayinlangan Abdulloh domla Samadovga mas’uliyatli va sharafli faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati