Haj safariga borish, Ka’batullohni ziyorat qilish har bir mo‘min-musulmonning orzusi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik sababli vatandoshlarimiz emin-erkin haj amallarini ado etish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda.
19 may kuni navbatdagi ziyoratchilar Makkai mukarramaga zamonaviy avtobuslarda yetib keldi.
Hamyurtlarmizni muhtasham Soncrete al-Sahhab mehmonxonasida saudiyalik mutasaddilar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, Jidda shahridagi bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov va bosh konsulxona xodimlari tomonidan katta ehtirom ila kutib olindi.
Alloh taoloning mehmonlariga risoladagidek xizmat ko‘rsatish, ularga qulay sharoitlarni yaratib berish maqsadida barcha imkoniyatlar hozirlandi. Muborak safar mobaynida har bir tadbirlar aniq reja asosida yuksak darajada amalga oshirilmoqda. Tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifatda tashkil etilgan.
Ziyoratchilar umra amalini bajarib bo‘lgach haj ibodati boshlanish sanasi, ya’ni Zulhijja oyining sakkizinchi kuniga qadar Harami sharifda toatu ibodatda bo‘ladilar.
Haq taolo hojilarning hajlarini mabrur, sa’ylarini mashkur, gunohlarini mag‘fur qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim subh kirganda «Subhanallohi hiyna tumsuna va hiyna tusbihuun»ni to «va kazalika tuxrajun»gacha aytsa, o‘sha kuni undan o‘tib ketgan narsani idrok qiladi. Kim ularni kech kirganda aytsa, o‘sha kechasi undan o‘tib ketgan narsani idrok qiladi», dedilar».
Abu Dovud rivoyati.
Bu rivoyatda o‘qib yurish tavsiya qilinayotgan narsa «Rum» surasidagi uch oyat – 17, 18 va 19-oyatlardir. Ularni yodlab, o‘qib yurishga odatlangan odamlarga ko‘p narsa va’da qilinmoqda. Jumladan, o‘sha kun yoki tundagi o‘tkazib yuborgan yaxshiliklarning savobiga erishadi.
Mazkur uch oyatning ma’nolari va tafsiri bilan tanishib qo‘yaylik.
«Bas, tunga kirishingizda ham, tongga kirishingizda ham Allohni poklab yod eting» (17-oyat).
Allohni poklab yod etishdan murod tasbeh aytish. Tasbeh eng avvalo dilda bo‘lib, so‘ngra tilga ko‘chadi. «Subhanalloh» kalimasini takrorlash tasbeh aytish hisoblanadi.
«Osmonlaru yerdagi hamdu sano Unikidir. Oqshomda va peshinda ham (poklab yod eting)» (18-oyat).
Dunyoda barcha hamdu sano, maqtov Allohning O‘ziga xosdir. Sizlar Unga oqshom va Peshin paytlarida ham tasbeh aytingiz.
«O‘likdan tirikni chiqarur va tirikdan o‘likni chiqarur va yerni o‘limidan keyin tiriltirur. Shunga o‘xshash, (siz ham) chiqarilursiz» (19-oyat).
Ushbu oyatda har doim borliqda takrorlanib turadigan holat ajoyib uslubda bayon qilinmoqda. Bu dunyoda doimiy ravishda o‘likdan tirik, tirikdan o‘lik chiqib turadi. Har bir soniyada qandaydir o‘simlik quriydi, boshqasi urug‘dan chiqadi. Kimdir o‘ladi, kimdir tug‘iladi. Bu narsa yerda ham, ko‘kda ham, suvda ham takrorlanib turadi. Son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan ushbu jarayonlarning har birini Alloh taolo amalga oshiradi.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi