O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: “Qurbonlik (arabcha so‘z)-qurbonlik; qurbon berish, fido qilish. Xudo yo‘lida qurbonlikka so‘yilgan yoki so‘yiladigan jonliq” deb izohlanadi.
“Qurbonlik” so‘zining istilohiy ma’nosi esa Alloh taologa qurbat, yaqinlik hosil qilish uchun so‘yiladigan jonliqdir.
Barchamizga ma’lumki, Islom dinida qurbonlik qilish vojib amaldir.
Alloh taolo “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling” deydi. ( Kavsar surasi, 2-oyat).
Ushbu suraning tafsirida: “Kavsarni tafsirchilarimiz “ko‘p yaxshilik” deb aytishlari. bu esa payg‘ambarlik, Qur’on, hikmat, ummatning ko‘pligi, shafoat va Payg‘ambarimizga berilgan boshqa son-sanoqsiz yaxshiliklardan iboratdir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir” ( Imom Abu Dovud rivoyati).
Albatta, qurbonlik qilishda Alloh taologa xolis e’tiqod bilan Uning amrini bajarib, roziligini qo‘lga kiritishni maqsad qilamiz. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin U zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli U zotni ulug‘lashlaringiz uchun ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” ( Haj surasi, 37-oyat).
Mana sanoqli kunlardan so‘ng Qurbon oyi ham kirib keladi. Bu oyda har birimiz Alloh uchun qurbonlik qilishni niyat qilib turibmiz. Alloh taolo niyat qilib turgan qurbonliklarimizni O‘z dargohida qabul aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi
#haj
64-CAVOL:
Assalomu alaykum. Men piyoda haj qilmoqchiman, shu masalaga dinimizda nima deyiladi?
JAVOB:
Va alaykum assalom. Piyoda haj qilish to‘g‘risida mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rahimahulloh makruh, deganlar. Chunki piyoda haj qilishda safar mashaqqati odamning xulqiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kishi fe’lini tajang qilib qo‘yadi. “Majma’ul anhur” kitobida: “Ulovda haj qilish piyoda haj qilishdan afzaldir va fatvo ham shungadir”, deyiladi.
Hozirgi kunda vatandoshlarimizning xavfsizligi va qulayligini hisobga olib, faqat uyushgan holda va havo yuli orqali haj safari qilinadi. Har bir hojining xavfsizligi, sog‘ligi va ibodatlarni to‘liq bajarishi maxsus ishchi guruh diqqat-e’tiborida bo‘ladi.
Demak, yakka tartibda piyoda va avtomobillarda haj safari qilish maqsadga muvofiq emas. Chunki piyoda safar qilinganda bir nechta xorijiy davlatlar chegaralari kesib o‘tiladi va yo‘lning xavfsizligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Hukumatimiz tomonidan barcha qulayliklar yaratilib turganda bir paytda, jonimizni xavfga qo‘yib, piyoda haj qilaman, deyish ma’qul emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar