MuslimShosh.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Tunda ibodat qilishni lozim tutinglar. Chunki bu sizdan avval o‘tgan solih kishilarning odatidir. Va yana bu orqali Allohga yaqin bo‘linadi. U gunohni yuvuvchi, yomonliklarni o‘chiruvchi, badandan dardlarni quvg‘in qiluvchidir” [1], deganlar.
Siz ham tunda ibodat qiluvchilardanmisiz?!
Odamlar uyquda bo‘lgan mahal tun qorong‘usida ikki rakat namoz o‘qib, Rahmon bilan xoli qolgancha U Zotga iltijo qilganmisiz?! Ushbu onda Alloh taoloning fazlini so‘raysiz va afv-mag‘firat tilaysiz...
Imom Savriy rahmatullohi alayhi aytadi: “Bir gunohim sababidan besh oy tunda ibodat qilish baxtidan mahrum bo‘lib qoldim”.
Bizlar nima deymiz ekan-a?!
Ulug‘lardan biri aytadi: “Tunda turguvchilar gunohdan lazzat oluvchilardan ko‘ra ko‘proq rohatlanadilar, yayraydilar. Tun bo‘lmaganida edi, bu dunyoda qolishni xushlamagan bo‘lardim”.
Hasan Basriy rahimahullohdan: “Nega tunda tahajjud o‘quvchilarning boshqalarga qaraganda yuzlari nurli bo‘ladi?” – deb so‘rashganida, u zot: “Chunki ular Rahmon bilan birga xoli qoladilar. Keyin U Zot ularga o‘z nuridan ulashadi”, dyeb javob bergan ekanlar.
Tunda bir vaqt borki...
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Tunda bir vaqt bo‘lib, musulmon banda Allohdan so‘rovlarini so‘rarkan, o‘sha vaqtga to‘g‘ri kelib qolsa, Alloh unga so‘raganini beradi. Bu esa har tunda bor”, dedilar.
Sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, har kecha-ya? – deb so‘rashdi. “Ha, har kecha”[2], dedilar Nabiy alayhissalom.
Biroq biz bunday kechalarning qanchasini o‘tkazib yuborganmiz. Necha martalab tunni serial yoki kino tomosha qilish bilan o‘tkazamiz. Yana kechasi bilan internetda o‘tirib tunni tongga ulaymiz.
Imom Zahhok aytadi: “Shunday kishilarni ko‘rdimki, ular kechasi uzoq vaqt yonboshlab yotishga Allohdan hayo qilishardi”.
Hech bo‘lmaganda ikki rakat namoz o‘qing!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tunda uyg‘onsa va ayolini ham uyg‘otsa, keyin ikkalasi birga ikki rakat namoz o‘qishsa, Allohni ko‘p zikr qiluvchilar qatoriga bitilajak” [3], deganlar.
Yana bir hadislarida bunday deydilar: “Allohga eng mahbub namoz Dovudning namozidir. U tunning yarmini uyqu bilan o‘tkazar, uchdan bir qismida namoz o‘qir va oltidan birida ozgina mizg‘ib olardi”[4].
Tunda ibodatga turishingizga yordam beruvchi amallar
1. Ko‘p taom iste’mol qilmang. Tasavvuf ahllaridan biri: “Ey shogirdlarim, ko‘p yemanglar! Keyin ko‘p ichasizlar va ko‘p uxlaydigan bo‘lasizlar, oxiri zarar ko‘rib qolasizlar”, deydi.
2. Biroz muddat bo‘lsa-da, kunduzi mizg‘ib olishga odatlaning. Bu tunda turishingizga yordam beradi.
3. Tunda ibodat qilishingizdan avval Allohning muhabbati va tungi iltijolarning savoblarini yodga oling.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Abu Dovud rivoyati.
[4] Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati.