Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Bir marta "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa...

30.06.2025   11802   2 min.
Bir marta

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!

Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.

Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.

U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.

Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan

Boshqa maqolalar

Qiz bolaga qilingan nafaqa

07.07.2025   1569   2 min.
Qiz bolaga qilingan nafaqa

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Odatda odamlarda «Qiz bola birovning hasmi, erta-indin erga tegib ketib qoladi. Undan nima foyda bo‘lishi mumkin», degan salbiy fikr bo‘ladi. «O‘g‘il bola esa doimo xizmatda bo‘ladi. Uni uylab qo‘ysang, kelin ham xizmatingni qiladi. U qariganingda ham joningga oro kiradi», kabi tushunchalar bor. Bu noto‘g‘ri fikr. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlarga nafaqa qilishning fazli haqida o‘z hadislarida qayta-qayta bayon qilganlar. O‘zlari to‘rt nafar qizlariga qilgan muomalalari bilan barchaga namuna ko‘rsatganlar.

Ushbu hadisi sharif va rivoyatlarda ham shu ma’nolar ilgari surilgan.

عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَنْ كَانَتْ لَهُ بِنْتَانِ فَصَبَرَ عَلَى لَأْوَائِهِمَا وَنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا كَانَتْ لَهُ بِنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا الْجَنَّةُ».

Zuhriydan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning ikki qizi bo‘lsa va ularning mashaqqatlariga va nafaqasiga sabr qilsa, ularga qilgan nafaqasi uchun unga jannat bo‘ladi», dedilar.

Sharh: Qiz boqish oson narsa emas, buni hamma yaxshi biladi. Bu ishni amalga oshirish uchun sabr-matonat kerak, harakat, g‘ayrat kerak, topganini sarflash kerak. Baribir shu qiz ertami, indinmi, birovning uyiga ketishi, kelin bo‘lishi borligini o‘ylab, yurak uvushib ham turadi. Ayniqsa qizi ko‘p bo‘lsa, bu holat aniq bilinadi. Ana shularni bilib turib va sabr etib, qizlarini yaxshi tarbiya qilgan odam o‘zi uchun oxiratning katta bir martabasini kasb qilgan bo‘lar ekan.

Ayni paytda qizlarni nafaqa bilan ta’minlash ham lozim ekan. Bu ish uchun ham sabr-bardosh kerak bo‘ladi.

Ikki qizning tarbiyasidagi mashaqqatlarga, xususan, qizlarning nafaqasini ta’minlashdagi qiyinchiliklarga sabr qilish ota-ona uchun katta savob hamda jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri hisoblanar ekan.


«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz