Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Sentabr, 2025   |   17 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:37
Quyosh
05:57
Peshin
12:25
Asr
16:51
Shom
18:47
Xufton
20:01
Bismillah
09 Sentabr, 2025, 17 Rabi`ul avval, 1447

Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

23.07.2025   11698   3 min.
Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.

Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q! 

Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.

Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!

Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!

Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.

Shoir aytadi:

Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil. 

Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.

Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.

Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday dey­dilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  G‘ofir surasi, 19-oyat.

 

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Islom shiorlari e’zozlanadi

05.09.2025   5526   5 min.
Islom shiorlari e’zozlanadi

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qur’oni karim oyatlari bitilgan qog‘ozlardan hurmatsizlik bilan foydalanilayotgani, ulamolar, imom-xatiblarni tanqid qilish, xato-kamchiliklarini qidirish va hatto masxaralash kabi holatlar kuzatilmoqda. Ba’zilar esa ularni obro‘sizlantirish, dunyodan bexabar johilga chiqarishga urinmoqda. Bundan ham yomoni egniga chopon kiyib, boshiga salla o‘rab, bachkana qiliqlar bilan ilm ahlining ustidan mazahlab video tasvirlar olib tarqatayotgan yoshlar ham uchramoqda.

Bunday nomaqbul xatti-harakatlar islomiy qadriyatlar borasida ham uchrayotgani tashvishlidir. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Juma kuni bilan tabriklash borasida ham turli tushunmovchiliklar yuzaga keldi. Ayrimlar Juma bilan tabriklashni mas'harabozlikka aylantirib, o‘zicha suratu videolar, yozuvlar tarqatishdi. Ba’zilar hayit kuni aniq bo‘lmagani uchun turli mas'haraomuz so‘zlar bilan she’r yozib ommaga ulashdi. Afsuski, jamiyatimizda bunday yengil-yelpi audio, video va yozma jo‘natmalarni ko‘pchilik yaxshi qabul qiladi va tez ommalashadi. Lekin diniy masalalarda hazil bo‘lmaydi. Bu ishni qilayotganlar esa bilmasdan gunoh orttirib olayotgani achinarli. Albatta, bu diniy  bilimsizlik belgisi hamdir.

Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxara qilish, kamsitish, behurmat qilish, xo‘rlash, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining kofir bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Illo, Juma kuni ham Hayit ham islom shiorlaridandir.

Islom ta’limotiga ko‘ra “shior” so‘zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma’nolarini bildiradi. Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taoloning dinining ko‘zga ko‘ringan va shon-shavkatining alomati bo‘lgan narsalar shior hisoblanadi. Bular qatoriga shariatimizda ulug‘langan zotlar – payg‘ambarlar, sahobalar, tobeinlar, avliyolar, ulamolar, ilm ahllari ham, Juma kuni, Ramazon oyi, muqaddas oylar, ibodat vositalari bo‘lmish tasbih, salla va joynamoz kabi narsalar ham kiradi.

Dinimiz ulamolarining fatvolarida bunday deyiladi: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoq osti qilsa, yoki shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, yoki masjidni masxara qilsa, kofir bo‘ladi” (“G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).

Alloh taolo islom shiorlarini qadrlashga targ‘ib qilgan va ularni toptash, masxara qilishdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur’oni karimda: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi 32 oyat), – deb xitob qilgan.

Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi. Shunda Cavbon raziyallohu anhu: “Yo Racululloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!” – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

            Xuddi shunday Islom dinini, shariat ahkomlarini yetkazishdek ulkan mas’uliyatni zimmasiga olgan ulamolar sha’niga yomon so‘zlarni gapirish Alloh va Uning rasulini g‘azabini keltiradigan yomon ishdir. 

Olimning fazlini Alloh va Uning rasuli ulug‘lab tursa-yu, unga nisbatan hurmatsizlik qilish, Alloh va Uning rasuliga hurmatsizlikdir. Ahli sunna e’tiqodiga ko‘ra, musulmon katta gunohni qilish bilan dindan chiqmaydi, lekin dinni, ulamolarni past sanash bilan dindan chiqish xavfi bor. Chunki ulamolar din nomidan gapiruvchi shaxslardir. Ularga otilgan tosh dinga, payg‘ambarga otilgan hisoblanadi.

Tohir Buxoriyning “Xulosatul fatovo” asarida: “Kim bir olimni zohiriy sababsiz yomon ko‘rsa, uning dindan chiqish xavfi bor!” deyiladi (Ali Qoriy, “Sharhu Fiqhil akbar”).

 Ilm ahlini hurmatlash Alloh taoloni ulug‘lashdir. Payg‘ambarimiz alayhi vassalm: “Keksalarimizni hurmat qilmagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimimizni haqqini bilmagan kishi bizdan emas” deganlar (Imom Hokim rivoyat qilgan).

Qolaversa, ilm ahli va salohiyatli kishilarni masxara qilish, ularni qadrini yerga urish kofir va munofiq kishilarning sifatidir. Bu haqda oyati karimada bunday deyiladi:

 “Kofir bo‘lganlarga bu dunyo ziynatli qilib qo‘yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo‘lganlar ulardan balanddirlar” (Baqara surasi, 212-oyat).

Demak, bilib bilmay, ulamolar va ilm ahlni, Islom shiorlarini  masxara qilish mo‘minga ham aqli rosa kishiga ham xos sifat emas. Ayniqsa, mamlakatimizning asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qilar ekan, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarini hurmat qilish har bir O‘zbekiston fuqarosining burchidir.

Tolibjon NIZOMOV

MAQOLA