Majmuaning to‘rt tomonida har birining balandligi 75 metr bo‘lgan 4 ta minora qad rostlagan. Shuningdek, bu yerda muzey, ayvonlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etilib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Majmua atrofi ham bugun ulkan qurilish maydoniga aylangan. Hududda yangi yo‘llar, o‘nlab xizmat ko‘rsatish va servis maskanlari, savdo markazlari, mehmonxona va avtoturargohlar tashkil etilmoqda.
– Imom Buxoriy majmuasi atrofining 20 gektarida mehmonxonalar, uy mehmonxonalar va tashrif markazlari qurilmoqda, – deydi Payariq tumani hokimi o‘rinbosari Rashid Ismoilov. – Jumladan, qariyb 400 o‘ringa ega to‘rt yulduzli bitta, 300 o‘ringa ega uch yulduzli ikkita mehmonxona barpo etilmoqda. Shu bilan birga hududda avtoturargohlar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etilmoqda.
Majmua atrofidagi mahallalarda ham infratuzilma yaxshilanib, aholi xonadonlarigacha ta’mirlanmoqda.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri
Hazorasp tumanida yangidan qurib bitkazilgan “Hazrati Shayx Muxammad Amin” jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Hazorasp tumani hokimi Maqsudbek Abdullayev, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va masjid imom-xatiblari, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Qur’oni karim tilovatidan so‘ng masjidning to qiyomatgacha Haq taologa ibodat qilinadigan sajdagoh bo‘lishini, xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib xizmat qilishini so‘rab, bu xayrli ishga ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqiga duolar qilindi.
Ma’lumot o‘rnida zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur masjid 1600 nafar namozxonga mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati