Bugun, 11 avgust kuni Qashqadaryo viloyati (3-hudud) Qarshi shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari (test) davom etmoqda.
Mazkur jarayonda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etmoqda.
Dastlab abituriyentlar tartib bilan kiritilib, mutasaddilar tomonidan test imtihonini o‘tkazilish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng test sinovlariga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida joriy yilda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar qaysi fanlar bo‘yicha test sinovlari topshirilishi haqida xabar bergan edik.
Imtihon jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Azbo ismli tuyalari bor edi. Juda tez yugurardi. Arablar tuya musobaqasidan maza qilishardi. Qavmning payg‘ambari ham ulardan bo‘ladi-da. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ular bilan musobaqa qilib turar edilar. Azbo musobaqada g‘olib bo‘lsa, sahobalar bundan xursand bo‘lishardi.
Bir kuni bir a’robiy keldi. Tuyasi bilan musobaqada qatnashdi. Uning tuyasi g‘olib bo‘ldi. Azbo mag‘lub bo‘ldi. Sahobalar bundan mahzun bo‘lishib: «Azbo yengildi!» deyishdi!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulardagi mahzunlikni ko‘rgach, dedilar:
إن حقا على الله أن لا يرفع شيأ من الدنيا الا وضعه
«Alloh dunyoda bir narsani ko‘tarsa, albatta, vaqti kelib uni tushiradi!»
Nafsning muboh ishlardan rohatlanishi durustdir. U iymonni kamaytirmaydi. U shaxsiy viqorni ayblamaydi. Hayotdagi barcha narsalardan o‘zni chetga olish bu dinning maqsadi emas. Bor-yo‘g‘i Alloh taolo bizdan bu hayotga shariatiga muvofiq sho‘ng‘ishimizni, hazillashishimizni, saylgohlarga chiqishimizni, ziyoratlarga borishimizni, bozorlarda yurishimizni, tijorat qilishimizni istaydi, xolos! Allohning himoyasida yashash dunyo jannatlaridan bir jannatdir! Uni yashash kerak!
Iymoningiz qanchalar yuksalgan bo‘lmasin, tavozuli bo‘ling. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam yetgan narsalarning zarrasiga ham erisha olmaysiz. Mana, u zot qavmlari bilan musobaqada ishtirok etyaptilar. G‘alaba qozonyaptilar, mag‘lub bo‘lyaptilar. Hatto mag‘lubiyatni ochiq qalb bilan qabul qilyaptilar. Aqida darslaridan bir dars berishni g‘animat bilyaptilar.
Qanchalar katta saltanatga, obro‘ va mol-dunyoga ega bo‘lmang, Sulaymon alayhissalom erishgan narsalarning zarrasiga yeta olmaysiz. Sulaymon alayhissalom yo‘lda to‘xtab, chumolining gapini eshitib tabassum qilgan edilar.
Taqvo hayotdan ajralishda emas, haromdan ajralishdadir!
Alloh taolo: «Bugungi kunda Men sizlarga diningizni mukammal qilib berdim. Sizlarga ne’matimni tugal etdim. Sizlarga Islomni din deb rozi bo‘ldim» (Moida surasi, 3-oyat) oyatini nozil qilgach, barcha sahobalar xursand bo‘lishdi. Ammo Abu Bakr roziyallohu anhu xafa bo‘ldilar va: «Mukammal bo‘lgan narsada nuqson boshlanadi!» dedilar.
Endi o‘ylab ko‘ring, bir paytlar tobelari bu sayyorani buyuklik va iqtidor ila boshqargan, bashariyat madaniyatiga yetakchi bo‘lgan din zamon aylanib tobelari nuqsonga yo‘l qo‘yganidan so‘ng ular ila ortda qola boshladi. Endi bugun dunyoda hukmron bo‘lib turgan botil uzoq turarmidi?! Yo‘q! Allohga qasamki, uzoqqa bormaydi. Bugun botilning cho‘qqiga chiqqani uning zavoli yaqinligini bildiradi. Kech soatlarining boshlanishi tong otishiga ishoradir!
Yodingizdan chiqmasin! Azbo nega mag‘lub bo‘ldi? Negaki, Alloh dunyoda bir narsani ko‘tarsa, albatta, kuni kelib, uni tushiradi!
Azbo endi bir hayvon. Bu bashariyat fojirlikda eng baland cho‘qqiga chiqsa, Alloh ularni pastga tushirmaydi deb o‘ylaysizmi?!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi