Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2025   |   3 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:55
Quyosh
06:13
Peshin
12:20
Asr
16:28
Shom
18:19
Xufton
19:31
Bismillah
25 Sentabr, 2025, 3 Rabi`us soni, 1447

Sunnat: Islom shariatining ikkinchi manbasi

05.09.2025   6546   6 min.
Sunnat: Islom shariatining ikkinchi manbasi

SUNNAT: ISLOM SHARIATINING IKKINCHI MANBASI

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Islom shariatining muhim manbasi sifatida Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadi. Shu sababli, sunnatning o‘rni asrlar o‘tishi bilan o‘zgarmadi va aslo o‘zgarmaydi ham.

Musulmonlar orasida fiqiy masalalarda turli xilma-xillik mavjud bo‘lsada, biroq Qur’oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlarining ahamiyati biror faqih tomonidan rad etilmagan. Ahli sunna val jamoadan ajralib chiqqan firqalardan tashqari, hech kim sunnat Islom shariatining muqaddas manbasi ekanini inkor qilmadi.

Bugungi ahvol ham shu tariqa davom etmoqda. Ammo afsuski so‘nggi yillarda ba’zi toifalar sunnatni shariat manbai ekanini inkor etib, hadisi shariflarga tosh otishga, sunnatga nisbatan asossiz shubhalarni uyg‘otishga qattiq harakat qilishmoqda. Natijada Islom ta’limotini asl manbadan o‘rgana olmaydigan ba’zi musulmonlarda sunnatga nisbatan shubhali fikrlar paydo bo‘lmoqda.

Qo‘lingizdagi ushbu risola Islom ta’limotining asl manbalariga tayangan holda sunnatning asl va xolis ta’rifini bayon etishga xizmat qiladi. Bu risola bilan foydasiz hamda bexuda bahs-munozara qilish emas, balki haqiqatni ochiq-oydin qo‘rsatish niyat qilindi.

 

SUNNAT ISTILOHI

Muhaddislar sunnat so‘zini quyidagicha ta’riflaydilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, amal va tasdiqlash (ma’qullash) sunnatdir”.

Tasdiqlash arab tilida “taqrir” deb ataladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalar tomonidan sodir etilgan gap, so‘z, amallarni ma’qullashlari yoki e’tiroz bildirmay indamasliklari ham sunnat hisoblanadi.

Demak, sunnat ushbu jami uch (so‘z, amal, taqrir) asos bilan bevosita Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bog‘liq ekan, u zot alayhissalomning mavqelarini o‘zlashtirmay (o‘rganmay) turib, fiqhni to‘liq tushunib bo‘lmaydi.

 

RASULULLOH ALAYHISSALOMNING MAQOMLARI

Payg‘ambarimiz alayhissalom insoniyatga yuborilganlarida qanday mavqe (maqom)ga ega edilar? U zot sollallohu alayhi vasallam pochta xodimi kabi faqat yetkazib beruvchi va xatning nima bo‘lishi haqida o‘ylamaydigan bo‘lganmilar?

Javob aniq: Aslo yo‘q! Payg‘ambarlar alayhimussalom faqat Alloh taoloning kalomini odamlarga yetkazish uchun yuborilmagan. Ulardan ilohiy ta’limotni yetkazish, uni tushuntirish va amaliy namuna bo‘lish talab etiladi. Ilohiy kitoblarni yetkazish bilan payg‘ambarlarning vazifalari tugamaydi, balki, ular insoniyatga Kitobdagi ko‘rsatmalarga muvofiq yashashni o‘rgatishlari lozim. Qur’oni karimning ushbu oyati bunga shubha qoldirmaydi:

لَقَدۡ مَنَّ ٱللَّهُ عَلَى ٱلۡمُؤۡمِنِينَ إِذۡ بَعَثَ فِيهِمۡ رَسُولٗا مِّنۡ أَنفُسِهِمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمۡ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَإِن كَانُواْ مِن قَبۡلُ لَفِي ضَلَٰلٖ مُّبِينٍ

Alloh o‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta’lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, mo‘minlarga in’om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar(Oli Imron surasi, 164-oyat).

هُوَ ٱلَّذِي بَعَثَ فِي ٱلۡأُمِّيِّ‍ۧنَ رَسُولٗا مِّنۡهُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمۡ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ

U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur’on) va Hikmat (Hadis)ni o‘rgatadigan (bir) payg‘ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir (Jum’a surasi, 2-oyat).

Ushbu oyat ma’nolari Ibrohim alayhissalom duolarida ham o‘z aksini topgan:

رَبَّنَا وَٱبۡعَثۡ فِيهِمۡ رَسُولٗا مِّنۡهُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِكَ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَيُزَكِّيهِمۡۖ

Ey, Robbimiz, ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur’on va Hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambarni yuborgin!(Baqara surasi, 129-oyat).

Ushbu oyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘rt payg‘ambarlik vazifalari bayon etilmoqda:

1. Alloh taoloning Kalomi – Qur’oni karim oyatlarini tilovat qilish (yetkazish);
2. Qur’ondan ta’lim berish;
3. Hikmat (hadis)ni o‘rgatish;
4. Insonlarni shirk va zulmat botqog‘idan hidoyat nuri sari boshlash.

Demak, ushbu oyatlardan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vazifalari faqatgina Allohning buyruqlarini yetkazish emas, balki o‘sha buyruqlar asosida insonlarni yashashga o‘rgatish ekani ma’lum bo‘ladi.

Shuningdek, u zot alayhissalomdan hikmatni o‘rgatish talab etiladi. Yana bu hali hammasi emas. Nabiy alayhissalom amaliy namuna bo‘lib, insonlarni zalolatdan hidoyat nuri sari boshlashlari zarur.

a) Demak, Qur’on oyatlarini yetkazish Nabiy alayhissalomning vazifalaridan biri ekanligini Qur’oni karim tasdiqlaydi;
b) u zot alayhissalomning Qur’on tafsiridagi sharhlari hal qiluvchi asos sanaladi;
v) Nabiy alayhissalom ilohiy ko‘rsatmaga asoslangan hikmatni o‘rgatuvchi yagona asos hisoblanadilar;
g) insonlarni Islom shariati asosida yashashga o‘rgatishda namuna o‘laroq bo‘lishlariga ishonch bildirilgan.

Musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etishlari va ergashishlari shart bo‘lmaganida u zot alayhissalomning ushbu vazifalari bajarilmagan bo‘lardi. Inchunun, Nabiy alayhissalom so‘zlariga amal qilish u zotning ergashuvchilariga majburiydir, amallari esa ummat uchun go‘zal namunadir.

Alloh taolo qator oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etishga va ergashishga buyuradi. Bu borada, Qu’roni karimda ikki so‘z: “itoat” – bo‘yinsunish va “ittibo” – ergashish ishlatiladi.

Birinchi so‘z (itoat) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruq va so‘zlariga itoat etishni anglatadi, ikkinchisi (ittibo) esa, u zot alayhissalomning amallariga ergashishni bildiradi.

 

"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi

Boshqa maqolalar

Vitr namozidagi sunnatlar

25.09.2025   1037   2 min.
Vitr namozidagi sunnatlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. Uyg‘onishga ishonch komil bo‘lsa, Vitr namozini kechaning oxirgi qismida o‘qish.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim kechaning oxirida tura olmaslikdan qo‘rqsa, uning avvalida Vitr o‘qisin. Albatta, tungi namoz shohid bo‘lingandir. O‘sha afzaldir”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).

 

2. Birinchi rakatda “A’la”, ikkinchi rakatda “Kafirun”, uchinchi rakatda “Ixlos” surasini zam qilish.

Abdulaziz ibn Jurayj roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anho onamizdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Vitr namozida qanday suralarni o‘qishlarini so‘radik”. U kishi: «Birinchi rakatda “Sabbihisma Robbikal a’la”ni, ikkinchi rakatda, “Qul yaa ayyuhal kaafirun”ni, uchinchi rakatda “Qul huvallohu ahad” va “Mu’avvazatayni”ni o‘qir edilar», dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

3. Vitr namozidan so‘ng ushbu tasbehni aytish:

“Subhaanal malikil quddus, subhaanal malikil quddus, subhaanal malikil quddus, Robbil malaaikati var-ruh”

“Malik va Quddus sifatli Alloh pokdir”.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam salom berganlaridan keyin “Subhaanal malikil quddus”ni uch marta aytar va uchinchisida ovozlarini ko‘tarar edilar» (Imom Nasoiy, Imom Abu Dovud rivoyati).

 

4. Ushbu duoni o‘qish:

Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vitrlarining oxirida, salom berganlaridan keyin:

“Allohumma inni a’uzu birizoka min saxotika va bimu’afaika min uqubatika va a’uzu bika minka. La uhsi sanaan alayka anta kama asnayta ala nafsika”

“Allohim, albatta, men Sening roziliging ila g‘azabingdan, ofiyating ila uqubatingdan, panoh tilamayman. Senga maqtovni sanay olmayman. Sen O‘zing O‘zingni qandoq maqtasang shundoqsan”, deb aytardilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
 

Davron NURMUHAMMAD