Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا عبد الكريم بن الهيثم نا أبو اليمان أخبرني شعيب نا عبد الله بن أبي حسين حدثني نوفل بن مساحق عن سعيد بن زيد عن النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم أنه قال: إن هذه الرحم شجنة من الرحمن فمن قطعها حرم الله عليه الجنة.
Said ibn Zayddan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Albatta, bu rahm Rahmondan o‘zakdoshdir. Kim uni uzsa, Alloh unga jannatni harom qiladi”, dedilar.
Izoh: Islom go‘zal axloq dini bo‘lib, or-nomusni so‘z yoki amal bilan poymol qilishdan saqlashni buyurgan. Shulardan biri qarindoshlik rishtalari bo‘lib, uni uzmaslikni buyurgan. Chunki silai rahmni uzish odamlar o‘rtasida adovat va nafrat keltirib chiqaradi.
“Rahm Rahmondan o‘zakdoshdir” degan jumlani “Rahm” Alloh taoloning “Rahmon” ismidan olingandir”, deb tushunish mumkin.
Ba’zi muhaddislar o‘zakdosh borasida, “Rahm” so‘zining harflari Allohning “Rahmon” ismida mavjud. Tomirlar bir-biriga kirib ketgani kabi chambarchasdir.
Rahm Alloh taoloning rahmati nishonasidir, deganlar. Kim silai rahmdan yuz o‘girib, rishtani uzsa va yaxshilik bilan qo‘shilmasa, Alloh taolo unga jannatga kirishni harom qilar ekan.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasida "Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish" mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish markazi mutaxassisi Asomiddin Ibragimov bugungi kundagi yuqumli kasalliklarning xavfi, ulardan himoyalanish usullari haqida ma’ruza qilib berdi.
Islom dini ta’limotlarida ham inson salomatligiga sabab bo‘luvchi narsalarga buyurilgan. O‘z navbatida, salomatlikka zarar yetkazuvchi narsalardan saqlanish targ‘ib qilingan.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Allohdan yaqiynni va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Zero, odamlarga yaqiyn va mustahkam sog‘likdan ko‘ra yaxshi narsa berilmagan», deganlarini eshitdim” (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisi sharifga ko‘ra esa, avval tuyani bog‘lab, ya’ni sababni yuzaga chiqarib, so‘ngra Allohga tavakkal qilishga chaqirilganmiz. Shunga binoan salomatligimiz borasida qayg‘urib, uning ehtiyotini qilish mandub amallar sirasidan.
– Ayni paytda yurtimizda 27 turdagi yuqumli kasallik nomi ma’lum bo‘lib, ularning aksariga qarshi davo choralari bor, – dedi shifokor A.Ibragimov. – Hozircha butkul tuzatish imkoni bo‘lmagan ayrim kasallik turlarining viruslarini kamaytirish va muzlatib qo‘yish amaliyoti qo‘llanadi. Davlatimiz tomonidan keyingi paytlarda gepatit S va boshqa shu turdagi kasalliklarga qarshi bepul dori vositalari ham tarqatilmoqda. Lekin eng yaxshisi, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olishdir. Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish shuning uchun ham juda muhim sanaladi. Zero, Yaratganning bizga beradigan har qanday in’omi salomatlik ne’mati bilan birga tatiydi.
Qiziqarli o‘tgan davra suhbatida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati