Bugun 7 sentyabr kuni Yer yuzi aholisi astronomik hodisalardan biri – to‘liq Oy tutilishini kuzatishlari mumkin.
Oy tutilishi Toshkent vaqti bilan soat 20:28ga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
Oy tutilishida Oy butun tutilish davomida ko‘rinib turadi. Faqat Oy soya ichida harakatlana boshlaganda u qizg‘ish – jigarrang tusda ko‘rinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Quyosh va oy Alloh taoloning oyat mo‘jizalaridandir. Ular biror kishining o‘limi sabab tutilmaydi. Agar ular tutilsa, toki ochilib ketgancha namoz o‘qinglar va duo qilinglar", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, oy tutilganda har bir kishi o‘zi yolg‘iz namoz o‘qib, Alloh taolo duoi xayrlar qilsa Nabiy alayhissalomning sunnatlariga ergashgan bo‘ladi.
Davron NURMUHAMMAD
"Agar shogird shayxulislom, agar qozidur,
Agar ustoz rozi – Tangri rozidur.
Alisher Navoiy
Alloh taolo Qur’oni karimda: "Alloh sizlardan iymon keltirgan ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur" (Mujodala 11 oyat) deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarga saxiylar saxiysining xabarini beraymi? Saxiylarning saxiysi Allohdir. Men odam bolasining eng saxiysiman. Mendan keyin sizdan eng saxiyingiz, ilm o‘rganib, ilmini tarqatgan odamdir. U qiyomat kuni yolg‘iz o‘zi bir ummat bo‘lgan holida tiriltiriladi”, deganlar.
Albatta, ustozlar mana shunday yuksak mukofotlarga loyiq zotlardir.
Odamlarga harf o‘rgatib, savodini chiqarish eng yaxshi ta’lim, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki biz butun hayotimiz davomida shu ustozlarimiz o‘rgatgan xarflardan foydalanib o‘qiymiz, yozamiz va ilmimizni oshirishda davom etamiz.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning bunday gapi bor: “O‘qishni bilsangiz, har bir inson bir kitobdir”. Mana shu kitobning qulfiga kalit topib, ilk xarflarni o‘rgatuvchi zotlar albatta ustozlarimizdir.
Abu Homid G‘azzoliy aytadi: “Agar sen ta’lim oluvchi bo‘lsang ustozing huzurida qo‘yidagi ishlarga amal qilishing shart: salom berish va kirishga izn so‘rash, behuda gaplarni gapirmaslik, ruxsatsiz so‘zlamaslik, "falonchi bu haqida boshqacharoq gapirgan edi" deb odobsizlik qilmaslik, odamlar "shogirdi ustozidan bilimdon ekan”, deyishlari uchun ustoz bilan bahslashmaslik, ustoz o‘rnidan turganida shogird ham o‘rnidan turishi”.
Keling, azizlar, faqat bir sana munosabati bilangina emas, ustozlarga doimiy ehtirom ko‘rsataylik. Zero, marifatparvar ajdodlarimiz aytganlaridek, dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi muallimlikdir.
Shamsutdin domla Shermatov,
Sho‘rchi tumanidagi " Mengto‘ra hojibobo" jome masjidi imom xatibi