Ulamolar va odamlarga foydali ilmlarni ta’lim beruvchi muallimlarning Alloh taolo huzurida sha’nlari ulug‘, qadrlari yuksakdir. Ularni islom dini ehtirom qilishga chaqiradi. Ilm ahlini Alloh taolo Qur’oni karimda madh etib, shunday marhamat qilgan: “... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur” (Mujodala 11).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarida bunday deganlar: “Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir”.
Milliy tariximizga nazar solsak, azal-azaldan xalqimiz, yurt boshida turgan a’yonlar ham olimlarni izzat va ikrom qilganlariga guvoh bo‘lamiz. Buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temurning ilm ma’rifat ahliga, allomalarga qanchalik hurmat bilan munosabatda bo‘lgani tarixchilar tomonidan o‘z manbalarida qayd etilgan. Fransuz olimi Lyangle bunday deydi:
“Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste’dodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Negaki, Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy e’tiborini berardi”.
Darhaqiqat, jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy darajasi, har tomonlama taraqqiy etishi, xavfsiz bo‘lishi ta’lim, olimlar va ustozlarga bo‘lgan munosabatga qarab shakllanadi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari hamda bir qator diniy soha vakillari davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani isbotidir. Qolaversa, jamiyatda islomiy ma’rifatni keng yoyish, milliy-diniy qadriyatlarni targ‘ib etish va mamlakatimizning islom dunyosidagi nufuzini oshirishda katta hissa qo‘shib kelayotgan muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor bugungi kunda yurtimizda sohibqiron Amir Temur boshqaruvi an’analari munosib darajada davom ettiralayotganing ham isbotidir. Zero, olimlarga ko‘rsatilgan ehtirom Vatan va millat, ma’rifat va diyonat rivojiga ko‘rsatilgan ehtiromdir.
Muftiy hazratlariga ko‘rsatilgan ushbu e’tirofning ortida aslida juda katta mehnat borligini eslab o‘tishimiz lozim. Zero, yillar davomida tinimsiz mehnat, izlanishlar va ilmiy yutuqlar bugunga kelib o‘z samarasini bermoqda. Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘zining din rivoji va xalq saodati yo‘lidagi 35 yildan ziyod vaqt mobaynida masjid imom xatibligi, mudarrislik, shahar va viloyat bosh imom xatibligi vazifalarida ishlab yurtimiz musulmonlari va yoshlariga diniy ma’rifat ulashdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi vazifasiga tayinlanishi bilan qisqa muddatda tizimda ulkan islohot va o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Jumladan, 114 ta yangi masjid ochilishi, 600 dan ziyod masjidlar ta’mirlanishi va qayta bunyod etilishi namozxonlarni mamnun qilmoqda. Madrasalar ochish va diniy ta’limni rivojlantirish, Qur’on va tajvidni o‘rgatish, imom-xatib va mudarrislarning ilm va malakalarini oshirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, xalqimizning savodxonligini oshirish, ularda paydo bo‘layotgan diniy savollarga mazhab bo‘yicha asosli javoblar yetkazish kabi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishda asosiy tashabbuskor bo‘ldi.
Olim sifatida 20 dan ziyod asarlar muallifi bo‘lgan hazrat nafaqat yurtimizda balki, islom olamida e’tirofga ega bo‘ldi. Nufuzli islom tashkilotlariga a’zo bo‘ldi. xalqaro ilmiy anjumanlarda dolzarb mavzularida ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Bugungi axborot va tezkor xabar almashishda ijtimoiy tarmoqning ahamiyati katta bo‘lib turgan bir vaqtda televideniye, bosma axborot nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali sof islom ta’limotini yetkazish borasida yurtimizdagi barcha diniy soha vakillariga imkoniyatlar yaratildi. Shaxsan, muftiy hazratlarining chiqishlari e’lon qilinadigan ijtimoiy tarmoqlar obunachilari soni 3 mln.ni tashkil etayotgani u kishining diniy-ma’rifiy chiqishlarini xalqimiz katta qiziqish bilan kuzatayotganing dalilidir. Aholi bilan joylarda uchrashuvlar o‘tkazish, murojaat bilan kelgan fuqarolarni qabul qilib, ularning muammolariga yechim topish borasida o‘zlari boshchilik mamlakatimizdagi barcha imom-xatiblar xalq bilan hamdard bo‘lib kelmoqda.
Yaqingacha davlatimizda fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalarida yutuqlarga erishgan fuqarolarimizga davlat mukofot va ordenlari berilganda, ko‘p yillardan buyon diniy sohada mehnat qilib kelayotgan ulamolarimizga e’tibor yo‘qligi ko‘pchiligimizni qalbiizmga mahsunlik keltirar edi. Alhamdulillah, bugunga kelib diniy soha vakillari, olimlarimiz ham hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanmoqda. Bu kabi e’tibor yurtimiz aholisi, mo‘min-musulmonlar, ayniqsa, shu sohada xizmat qilib kelayotgan barcha kishilarni mamnun qilib, ruhlarini ko‘tardi. Qolaversa, bu mukofot diniy soha va unda xizmat qilib kelayotgan muftiy hazrat boshchiligidagi barcha xodimlarning xizmatlariga e’tirof, e’tibor va ehtiromdir.
Alloh taolo yurtimizni tinch, farovon, xalqimizni sog‘-omon qilsin. Yurtimiz dovrug‘ini olamga yoyishda ulamolarimizga kuch-quvvat ato qilsin.
Zayniddin domla Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Hindiston mustaqillik harakatining yetakchisi Mahatma Gandi 1937 yil 27 iyulda chop etilgan “Harijan” nomli haftalik jurnalida ulug‘ sahobalar Abu Bakr va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumni tavozeli va mas’uliyatli rahbarlar sifatida tilga olgan.
Islom tarixi haqidagi kamdan-kam gapiradigan Gandining ushbu maqolasida ikki xalifani kamtarin hayot kechirgani va halollik bilan mamlakatni boshqargani namuna qilib ko‘rsatgan.
Gandi mazkur e’tirofni jurnalda e’lon qilib, endigina davlat lavozimlarini egallay boshlagan Hind milliy kongressi a’zolariga axloqiy maslahatlar bergan.
Maqolada Gandi quyidagicha yozadi:
“Men sizlarga Ram Chandar yoki Krishnadan misol keltira olmayman, chunki ular tarixiy shaxs sifatida qabul qilinmagan. Shu bois men faqat sizlarga hazrat Abu Bakr va hazrat Umar Foruq roziyallohu anhumning nomlarini keltira olaman. Ular ulkan mamlakatning rahbarlari edilar, ammo o‘z hayotlarini juda oddiy va kamtarlik bilan o‘tkazgan edilar”
Bu so‘zlar Hindiston tarixidagi muhim bir pallada aytilgan edi. 1937 yilda Hind milliy kongressi ilk bor Buyuk Britaniya hukmronligi ostidagi bir necha viloyatlarda hukumat tuzish huquqiga ega bo‘ldi. Jarayonlar 1935 yilgi Hindiston boshqaruvi to‘g‘risidagi qonun asosida o‘tkazilgan saylovlar natijasida amalga oshdi.
Gandi har doim siyosatchilarning ma’naviy pokligi haqida qayg‘urardi. U Kongress rahbarlariga mansab va boylikka berilib ketmaslikni, halollik va xalq xizmatini ustuvor qo‘yish borasida o‘git berardi. Shuning uchun ham xalifalar Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumni misol qilib keltirdi va haqiqiy rahbar xalqqa xizmat qiluvchi, oddiy hayot kechiruvchi inson bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
“Harijan” jurnali Mahatma Gandi tomonidan 1933 yilda ta’sis etilgan haftalik nashr bo‘lib, asosan ijtimoiy islohotlar, ayniqsa kasta tizimini yo‘qotish va “past toifa”ning huquqlarini himoya qilish mavzulariga bag‘ishlangan edi.
Jurnalda Gandining din, siyosat va axloq haqidagi fikrlari muntazam chop etilgan.
Nashr ingliz tilida chiqarilar, shuningdek hind va gujarat tilida ham nashr etildi. Jurnal 1955 yilgacha faoliyat yuritgan.
Jurnaldagi e’tirof Gandining Islom qadriyatlariga nisbatan hurmatini namoyon etgan holatlardan biridir. U ko‘pincha o‘z nutq va maqolalarida Qur’on oyatlarini, Muhammad sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning so‘zlarini keltirar, ularni insoniyat uchun axloqiy namuna sifatida ko‘rsatar edi.
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev