Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2025   |   3 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:55
Quyosh
06:13
Peshin
12:20
Asr
16:28
Shom
18:19
Xufton
19:31
Bismillah
25 Sentabr, 2025, 3 Rabi`us soni, 1447

Masjidga borishda bajariladigan sunnatlar

09.09.2025   8203   5 min.
Masjidga borishda bajariladigan sunnatlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. Namozga erta borish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Odamlar azonda va birinchi safda nima borligini bilganlarida edi, unga faqat qur’a tashlash bilan erishishdan boshqa iloj bo‘lmasa, albatta qur’a tashlar edilar. Tahjir[1]da nima borligini bilganlarida, unda kimo‘zar qilar edilar. Xufton va Bomdod namozlarida nima borligini bilganlarida, emaklab bo‘lsa ham kelgan bo‘lar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

 

2. Masjidga borish duosini o‘qish.

اللَّهُمَّ اجْعَلْ في قَلْبِي نُوراً، وفي لِسانِي نُوراً، وَاجْعَلْ في سَمْعِي نُوراً، وَاجْعَلْ في بَصَري نُوراً، وَاجْعَلْ مِنْ خَلْفِي نُوراً، وَمِنْ أمامي نُوراً، وَاجْعَلْ مِنْ فَوْقي نُوراً وَمِنْ تَحْتِي نُوراً، اللَّهُمَّ أعْطِني نُوراً

“Allohumma, ij’al fiy qolbiy nuron va fiy lisaniy nuron, vaj’al fiy sam’ii nuron, vaj’al fiy basorii nuron, vaj’al min xolfiy nuron va min amaamiy nuron, vaj’al min favqiy nuron va min tahtiy nuron. Allohumma a’tiniy nuron”

“Allohim! Qalbimda nur qilgin, tilimda nur qilgin, qulog‘imda nur qilgin, ko‘zimda nur qilgin, oldimdan nur qilgin, ortimdan nur qilgin, ustimdan nur qilgin, ostimdan nur qilgin. Allohim, menga nur ato etgin (Imom Muslim rivoyati).

 

3. Sakinat va viqor bilan yurish.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Iqomatni eshitsangiz, namozga sakinat[2] va viqor[3] bilan yurib kelinglar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

4. Masjidga piyoda borish.

Faqihlar masjidga borishda shoshmasdan, qadamni yaqin-yaqin bosib borishning sunnat ekanini aytganlar. Toki yurib boruvchining savobi yanada ko‘p bo‘lsin.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni Alloh u bilan xatolarni o‘chiradigan, darajotlarni ko‘taradigan narsaga dalolat qilmayinmi?” dedilar.
Sahobalar roziyallohu anhum: “Ayting, yo Rasululloh”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Masjid sari qadamni ko‘paytirish” dedilar (Imom Muslim rivoyati).

 

5. Masjidga kirishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish.

 

6. Masjidga kirishda duo o‘qish:

اللَّهُمَّ افْتَحْ لِي أَبْوَابَ رَحْمَتِكَ.

“Allohumma iftah liy abvaba rohmatik”

“Allohim! Menga rahmating eshiklarini ochgin”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlardan birortangiz masjidga kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom yo‘llasin va “Allohumma mag‘fir lana zunubana vaftah lana abvaba rohmatik” (Allohim! Menga rahmating eshiklarini ochgin), desin (Imom Nasoiy rivoyati).

 

7. Masjidga o‘ng oyoq bilan kirish.

 

8. Birinchi safda turishga harakat qilish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlar azonda va birinchi safda nima borligini bilganlarida edi, unga faqat qur’a tashlash bilan erishishdan boshqa iloj yo‘q bo‘lsa, albatta qur’a tashlar edilar”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Bunda o‘zgalarga ozor bermaslik, yoshi kattalarni hurmat qilish shart qilinadi.

 

9. “Tahiyyatul masjid” (masjid hurmati) namozini o‘qish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz masjidga kirsa, ikki rakat namoz o‘qimasdan o‘tirmasin”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Agar o‘tirib olganidan keyin yodiga tushsa, o‘sha zahoti turib, o‘qib olsa ham bo‘ladi. Ammo makruh vaqtlar bundan mustasno.

 

10. Masjiddan chiqishda duo qilish.

اللَّهُمَّ إني أسألُكَ مِنْ فَضْلِكَ.

“Allohumma inniy asaluka min fazlik”

“Allohim, fazlingdan so‘rayman”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon biringiz masjiddan chiqsa, “Allohim, fazlingdan so‘rayman”, desin» dedilar (Imom Muslim rivoyati).

 

11. Chap oyoq bilan chiqish.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: “Masjidga kirganingda avval o‘ng oyoqni, chiqqaningda avval chap oyoqni bosishing sunnatdandir”.

Davron NURMUHAMMAD


[1] Namozga erta kelish.
[2] Ohista, xotirjam harakat qilish, behuda narsalardan tiyilish.
[3] Ko‘zni tiyish, ovozni ko‘tarmaslik, har tarafga alanglamaslik.

Boshqa maqolalar

Vitr namozidagi sunnatlar

25.09.2025   1974   2 min.
Vitr namozidagi sunnatlar

1. Uyg‘onishga ishonch komil bo‘lsa, Vitr namozini kechaning oxirgi qismida o‘qish.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim kechaning oxirida tura olmaslikdan qo‘rqsa, uning avvalida Vitr o‘qisin. Albatta, tungi namoz shohid bo‘lingandir. O‘sha afzaldir”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).

 

2. Birinchi rakatda “A’la”, ikkinchi rakatda “Kafirun”, uchinchi rakatda “Ixlos” surasini zam qilish.

Abdulaziz ibn Jurayj roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anho onamizdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Vitr namozida qanday suralarni o‘qishlarini so‘radik”. U kishi: «Birinchi rakatda “Sabbihisma Robbikal a’la”ni, ikkinchi rakatda, “Qul yaa ayyuhal kaafirun”ni, uchinchi rakatda “Qul huvallohu ahad” va “Mu’avvazatayni”ni o‘qir edilar», dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

3. Vitr namozidan so‘ng ushbu tasbehni aytish:

“Subhaanal malikil quddus, subhaanal malikil quddus, subhaanal malikil quddus, Robbil malaaikati var-ruh”

“Malik va Quddus sifatli Alloh pokdir”.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam salom berganlaridan keyin “Subhaanal malikil quddus”ni uch marta aytar va uchinchisida ovozlarini ko‘tarar edilar» (Imom Nasoiy, Imom Abu Dovud rivoyati).

 

4. Ushbu duoni o‘qish:

Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vitrlarining oxirida, salom berganlaridan keyin:

“Allohumma inni a’uzu birizoka min saxotika va bimu’afaika min uqubatika va a’uzu bika minka. La uhsi sanaan alayka anta kama asnayta ala nafsika”

“Allohim, albatta, men Sening roziliging ila g‘azabingdan, ofiyating ila uqubatingdan, panoh tilamayman. Senga maqtovni sanay olmayman. Sen O‘zing O‘zingni qandoq maqtasang shundoqsan”, deb aytardilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
 

Davron NURMUHAMMAD