Savol: Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy obunachi, sun’iy yoqtirishlar (layk), sun’iy izoh (kommentariya) kabilarga o‘xshash soxta ko‘rinishlar orqali daromad qilish qanchalik to‘g‘ri? Bu savolga javob shu sohada daromad qilayotgan ko‘plab blogerlar uchun juda zarur.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bugungi kunda ushbu mavzu eng dolzarb masalalardan bo‘lib qoldi. Agar kimdir soxta obunachilar, soxta layklar, soxta izohlar yordamida o‘zini mashhur qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lsa yoki shu asosda reklama qabul qilmoqchi yoki biror shartnoma tuzmoqchi bo‘lsa, bu odamlarni aldash, yolg‘onchilik bo‘ladi.
Masalan, kimdir 100 ming yoki 200 ming obunachim bor deydi va shu orqali reklama xizmatini taklif qiladi, aslida esa buncha miqdorda haqiqiy obunachi unda mavjud bo‘lmaydi. Yana kimdir falon miqdordagi obunachisi bor profil yoki kanal sotiladi deydi, haqiqatda esa uning obunachilari real mavjud bo‘lmagan soxta profillar yoki botlardan iborat bo‘ladi. Yana bir boshqasi esa o‘z mahsulotini maqtab, soxta sharhlar yozdiradi.
Shuningdek, ular orasida yuqorida aytganimiz kabi, shunchaki mashhur bo‘lish va obro‘-e’tibor uchun qiladiganlari ham topiladi. Qaysi biri bo‘lishidan qat’iy nazar, bu ishlarning birortasi ham joiz emas. Zero, Alloh taolo Oli Imron surasining 188-oyatida bunday deydi: “Qilmagan narsalariga maqtalishni suyadiganlarni azobdan najotda deb hisoblamang. Ularga alamli azob bor”.
Imom Muslim rahimahulloh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan (musulmonlardan) emas”, deganlar.
Soxta obunachilar, soxta sharhlar va soxta layklar tufayli, internet olamida halol raqobat muhitiga putur yetadi, foydali kontent tayyorlaydigan blogerlarga zarar bo‘ladi, reklama beruvchilar va mijozlar aldanadi. Bularning hammasi esa zulmdir, zulm esa shariatimizda eng katta gunohlardan sanaladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Seul shahrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Janubiy Koreya musulmonlari jamoati bosh imomi Li Ju Xva-Abdurahmon Li bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mezbon imom yurtimiz ulamolarini tashrif bilan qutlab, bunday manfaatli tashriflarni tez-tez tashkil etish, bu xususda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan shartnoma imzolangani, shartnomaga muvofiq aloqalarni yanada mustahkamlash lozimligini aytib o‘tdi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulug‘ zotlarimizning islom tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasini, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarimiz musulmon olami e’tiborini qozonganini, yurtimizda amalga oshirilayotgan bugungi islohotlarni e’tirof etdi.
O‘z navbatida, yurtimiz vakili mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlik tobora rivojlanib borayotgani, diniy idoralarning munosabatlari ravnaq topayotgani, imomlarimizning ushbu davlatga safar qilishlari an’ana tusini olgani, bunday hamkorlik ikki davlat musulmonlari uchun ham har tomonlama manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.
Tomonlar bir-birlariga esdalik hadyalar topshirishdi.
Zayniddin domla Eshonqulovdan Seul shahridagi 1250 kishilik markaziy masjidda juma namozini o‘qib berish so‘raldi. Bu ham bo‘lsa, kunchiqar mamlakat musulmonlarining yurtimiz allomalariga bo‘lgan yuksak ehtiromi ifodasidir.
Juma namozidan so‘ng Zayniddin domla vatandoshlarimizga muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomlarini yetkazib, halol kasb qilish, rizqni kengaytiradigan amallar, oila muqaddasligi, farzand ne’mati haqida diniy-ma’rifiy suhbat qilib berdi.
Shuningdek, uchrashuvda hamyurtlarimizga ular yashayotgan mamlakat qonun-qoidalariga amal qilishlari, musulmonlik odobiga rioya etishlari eslatib o‘tildi. Ular egallagan bilim-malakalari kelgusida yurtimizdagi turli sohalar rivoji hamda aholi farovonligida ham ish berishiga umid bildirildi.
Seul markaziy masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chop etilgan 5 turdagi diniy-ma’rifiy bukletlar tarqatilib, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati