#xabar #anjuman #muftiy
Joriy yilning 10-13 sentyabr kunlari Turkiy davlatlar muftiylari kengashining VI yig‘ilishi Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov qatnashadi.
Anjuman doirasida Turkiy davlatlar muftiylari kengashi huzuridagi Fatvolar kengashi hay’atining majlisi, «Imom Sirojiddin O‘shiy va uning islomiy ilmlarga qo‘shgan hissasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, ikki tomonlama muzokaralar, muborak qadamjolarga ziyoratlar rejalashtirilgan.
Ushbu xalqaro tadbirlarda ummat birligini ta’minlash, turkiy dunyo diniy idoralari va musulmonlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar tashkiloti tarkibiga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi. Vengriya va Turkmaniston uning faoliyati kuzatuvchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Namangan viloyati bosh imom xatibi Musoxon domla Abbosiddinov Chust tumani "Said Nasimxon to‘ra" jome masjidi imomlari tashabbusi bilan tashkil qilingan tadbirda ishtirok etib shu tumandagi Xo‘jabod mahallisida joylashgan 4-sonli maktabida ta’lim olayotgan o‘quvchi yoshlar bilan ko‘rishib ularga hadyalar ulashdilar. Ushbu hayrli tadbirda Chust tumani bosh imom xatibi Bahodir domla Sharipov va Namangan viloyati Tojik madaniy markazi raisi mehnat faxriysi Abdusattor hoji G‘ofurov ham ishtirok etishdi.
Musoxon domla ustoz va murabbiylarni yaqinda o‘tgan kasb bayramlari bilan qutlar ekan, muallim bo‘lishdek sharafli kasb egalariga ehtiromi juda baland ekanini izhor etdilar.
Shuningdek, o‘quvchilarga ilm-ma’rifatning foydalari haqida so‘zlab, dinimizda ta’lim olishga kuchli targ‘ib qilingani, ilm insonni komil darajaga yetkazib, ikki dunyoda ham aziz va izzatli qiladigan katta in’omligi, shunday ekan, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan yaratib berilayotgan bugungi imkoniyatlardan to‘la foydalangan holda zamonaviy ilmlarni ham puxta o‘zlashtirish lozimligini ta’kidladilar.
Maktab o‘quvchilar uchun 500 ga yaqin badiiy kitoblar
sinf xonasida foydalanish uchun zamonaviy telvizor
Sport anjomlari va elektr suv isitgichlar hadya qilindi
Hadyalardan maktab ma’muriyati, o‘qituvchi va o‘quvchilar juda mamnun bo‘lib, minnatdorlik bildirishdi.
Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati