#xabar #muftiy
Bugun, 11 sentyabr kuni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining VI yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov qatnashdi.
Nutq qilgan muftiylar Turkiy davlatlar diniy idoralari o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotganidan mamnun ekanini izhor etib, ushbu an’anaviy anjuman ahillik, inoqlik, do‘stlik, birdamlik, tahlikali zamonda tinchlik-osoyishtalik va totuvlikni ta’minlashga hissa qo‘shishdek mushtarak maqsadlarga xizmat qilayotganini e’tirof etishdi. Bunday ezgu ishlar va ummat birligiga Qur’oni karim va hadisi shariflarda ham chorlanganini dalillar bilan keltirishdi.
Global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash borasidagi imkoniyatlarni birlashtirish bugungi kunda juda ham muhimligini ta’kidladilar. Fitnalar, buzg‘unchi g‘oyalar va axborot xurujlari avj olgan bir paytda g‘oyaviy tahdidlar qarshisida Turkiy dunyo xalqlari birdamlikda muammolarni bartaraf etishga yanada jiddu jahd qilish kerakligini aytib o‘tishdi.
Yig‘ilishda mazkur tuzilma huzuridagi Fatvo hay’ati tomonidan atroflicha muhokama qilinib, Kengashga ko‘rib chiqish va imzolanish uchun taqdim etilgan oila, nikoh, inson organlarini ko‘chirish, haj va umra, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli borasidagi beshta muhim fatvo imzolandi. Ushbu fatvolarning mazmun-mohiyatini kelgusida batafsil yoritish rejalashtirildi.
Kengash doirasida jamoaviy fatvolar chiqarilishi muhim tarixiy qadam bo‘lib, turkiy mamlakatlardagi diniy-ma’rifiy ishlar va fiqhiy masalalarni hal etishda yakdillik va hamkorlikni ta’minlaydi.
Turkiy davlatlar muftiylari hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turgan Islomda ummat birligi nomli Bayonot hamda iqlim o‘zgarishining oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal qilish to‘g‘risidagi Murojaatni ham qabul qilishdi.
Yig‘ilishda Turkiy davlatlar muftiylari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini muhtaram Prezidentimizning farmonlariga ko‘ra “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlanganlari munosabati ila samimiy qutladilar. O‘z navbatida Muftiy hazratlari qardosh davlatlar diniy idoralari rahbarlariga tashakkur aytdilar.
Shundan so‘ng Kengash yig‘ilishi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining dunyo musulmonlariga tinchlik-ofiyat so‘rash, turkiy xalqlar birdamligi yanada mustahkam bo‘lishi haqidagi xayrli duolari bilan yakunlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Unda Turkiy davlatlar muftiylari, xususan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, din va davlat arboblari, taniqli ulamolar, yetuk islomshunoslar va diniy soha xodimlari qatnashdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirda tadqiqotchi va olimlar, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi rahbari o‘rinbosari G‘ulomiddin domla Xolboyev hamda ushbu markaz ulamosi Hikmatulloh domla Toshtemirov ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ahli sunna val jamoa ulamolari sof e’tiqodni avlodlarga yetkazishda ta’lif etgan muxtasar matnlar ichida Sirojiddin Ali ibn Usmon O‘shiyning “Bad’ul amoliy” asari muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Asarda asosiy e’tiqodiy masalalar Hanafiy mazhabi va Moturidiy aqidasi bo‘yicha lo‘nda bayon etilgani, turli nusxalari mavjudligi, unga ko‘plab sharhlar yozilgani qayd etildi.
Darhaqiqat, “Bad’ul amoliy” asari sakkiz yuz yildan buyon sof e’tiqodni shakllantirishda beqiyos ahamiyat kasb etib kelmoqda va bugungi kunda ham yoshlarni yot g‘oyalardan muhofaza qilish va ma’naviy komillikni ta’minlashda muhim manba hisoblanadi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar O‘shda tug‘ilib, Samarqandda ilmiy faoliyat olib borgan, Farg‘ona vodiysida xizmat qiligan, turkiy xalqlar uchun mushtarak ulamo sanalgan Sirojiddin O‘shiy asarlari va ularning tadqiqi, Movarounnahrda X–XII asrlarda islom ilmlari rivoji va madrasalar holati, turkiy tildagi asarlarning islom ilmlarini tarqatishdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Ushbu ilmiy meros bugun ham dolzarb, turkiy dunyo ma’naviy taraqqiyotida juda muhim ekani ma’ruzachilar tomonidan e’tirof etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati