Bir kuni boy ota o‘g‘li kambag‘allik nima ekanini tushunishi uchun uni faqir oilaga olib bordi. Ular o‘sha oilada bir necha kun yashab, so‘ng qaytib kelishdi. Ota o‘g‘lidan so‘radi:
– Bu qilgan safarimizdan qanday xulosalar chiqarding?
O‘g‘li bunday javob berdi:
– Bizda katta uy, ularda odiy. Lekin ularning bag‘ri keng ekan. Agar biznikiga kelib shuncha vaqt yashamoqchi bo‘lganlarida biz rozi bo‘lmasdik, menimcha. Biz kerakli narsalarni do‘kondan olamiz, ular aksarini o‘zlari yetishtirarkan. O‘zlari mehnat qilib yetishtirgani uchun isrof qilishmas ekan. Bizda uy ishlarini xizmatkor qiladi, ular esa bir-biriga yordam berisharkan. O‘zaro mehr-oqibatlari ham havas qilarli. O‘ylab qarasam, aslida ularmas, biz kambag‘al ekanmiz...
Ota bu javobni eshitib o‘ylanib qoldi. O‘g‘li bunday javob berishini kutmagan edi.
Aslida biz o‘zimizda bor narsaga emas yo‘q narsaga intilamiz olishga, erishishga xarakat qilamiz. Bizdagi bor narsa kimlar uchundir orzu ekanini unutamiz. Gohida qanchalik biz boy ekanimizni anglash uchun o‘z hayotimizga boshqacha nazar bilan qarashimiz kerak bo‘ladi.
Akbarshoh Rasulov
Bugun, 17 sentyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi Mustaqillik saroyida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida navbatdagi VIII Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi ish boshladi.
“Dinlar muloqoti: kelajak yo‘lida sinergiya” shiori ostida o‘tayotgan mazkur xalqaro tadbirda 60 mamlakatdan yuzdan ziyod delegatsiya, jumladan jahon dinlari yetakchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, siyosatshunos hamda jamoat arboblari kelishgan. Ular qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham ishtirok etmoqda.
Qurultoyning asosiy maqsadi – turli din va konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, totuvlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini taraqqiy ettirishga qaratilgan. Shuningdek, global muammolar – terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishi, ta’lim, salomatlik va iqtisodiy rivojlanish kabi masalalar ham muhokama markazida.
Qozog‘iston Repsublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qurultoyning ochilish marosimida so‘zga chiqib, diniy va madaniy turfa xillikka e’tibor qaratishi bilan mamlakatni “sharq va g‘arb, shimol va janubni bog‘lovchi ko‘prik” sifatida ta’rifladi. Uning ta’kidlashicha, turli din vakillari o‘rtasidagi hamjihatlik insoniyatning barqaror va farovon kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Anjuman doirasida turli seksiyalar va davra suhbatlari tashkil etilgan. Ertaga, 18 sentyabr kuni Yosh diniy yetakchilarning II forumi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati