Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bandalarning tavba-tazarru qilishi uchun turli imtihonlar bilan sinovlar beradi. Mana shu sinovlardan shukr va sabr ila o‘tganlarga Alloh ulkan savoblar berib, gunohlarini kechiradi, musibatlarini aritadi.
Yunus alayhissalom baliqning qornida turib Allohga zorlanmadilarmi?! U zotning nolalariga berilgan javob quyidagicha bo‘ldi: «Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik...»[1].
Alloh taolo marhamat qiladiki: «Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (o‘z qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘u zulmatlar ichra: “Sendan o‘zga iloh yo‘qdir, Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan! Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qilguvchilardan bo‘ldim”, deb nido qilgan (paytini eslang!). Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz»[2].
Ayyub alayhissalom odob va hayo ila nido qilmadilarmi?! Alloh taolo u zotga ham quyidagicha javob qildi: «Ayyub esa Parvardigoriga nido qilib: “(Ey Rabbim!) Menga musibat yetdi. O‘zing rahmlilarning rahmlirog‘idirsan”, deb iltijo qilgan paytini (eslang!). Bas, Biz uning (duosini) ijobat qilib, undagi zahmatni ketkazdik hamda O‘z huzurimizdan mehribonlik ko‘rsatib, barcha ibodat qilguvchilarga eslatma bo‘lsin, deb (Ayyubga) oilasini va ular bilan qo‘shib yana o‘shalarning barobarida ahli avlod ato etdik»[3].
Shuningdek, Alloh taolo Nuh alayhissalomning duolarini ham ijobat qilib: «Nuhni (eslang!) U ilgari nido qilganida Biz uning (nidosini) mustajob qilib, o‘zini va ahlini buyuk g‘amdan qutqardik»[4], dedi.
Ya’qub alayhissalom ham boshiga tushgan sinovni aritishini so‘rab Alloh taologa nido qildi: «...Men g‘am va tashvishlarimdan yolg‘iz Allohgagina shikoyat qilaman...»[5].
Payg‘ambarlarning eng afzali bo‘lmish Nabiy sollallohu alayhi vasallam Toifdan quvg‘in bo‘lib, hatto yosh bolalar toshbo‘ron qilishganida kavushlari qonga to‘lib olamlar Robbiga duoyu iltijolar ila yuzlanganlar: “Quvvatsizligim, chorasizlikdan va odamlar oldida xorligimdan Senga shikoyat qilaman, ey Rabbim! Sen Rahmli Zotsan! Zaifhollarning Parvardigorisan va mening ham Robbimsan! Meni kimga tashlab qo‘yding? Menga qovog‘ini soladigan begonaga tashlab qo‘ydingmi? Ishimni dushmanga topshirib qo‘ydingmi? Muhimi, g‘azabingga duchor bo‘lmagan bo‘lsam, bundan boshqa barchasi bekor! Shunday bo‘lsa-da, ofiyating men uchun kengdir. Zulmatlarni yoritgan, dunyo va oxirat ishlari u bilan yurib turadigan Vajhing nuri ila panoh so‘rayman. G‘azabingga duchor bo‘lib qolishimdan panoh tilayman. O‘zing rozi bo‘lguningga qadar rozilik Senikidir[6]. Sendan o‘zgada quvvat ham, kuch ham yo‘q!”.
Bu duoning, nidoning javobi nima bo‘ldi?!
Jabroil alayhissalom u zotning oldilariga kelib: “Qavmingizning sizga aytgan gaplarini va qanday qilib sizni quvg‘in qilganlarini Alloh ko‘rib turibdi. Alloh taolo tog‘larga mas’ul bo‘lgan farishtani yubordi, ular borasida nimani ixtiyor qilsangiz, buyurishingiz mumkin”, dedi.
Shunda Payg‘ambar alayhissalomga tog‘larga mas’ul farishta nido qilib: “Makkadagi mana bu ikki tog‘ni ularning ustiga qopqoq qilib yopib qo‘yishimni xohlasangiz, shunday qilaman”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Aksincha, men Alloh taolo ularning pushti kamarlaridan Yagona Allohga ibodat qiladigan, U Zotga biror narsani sherik qilmaydiganlarni chiqarib qo‘yishini umid qilaman”, dedilar.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
[1] Anbiyo surasi, 88-oyat.
[2] Anbiyo surasi, 87–88-oyatlar.
[3] Anbiyo surasi, 83–84-oyatlar.
[4] Anbiyo surasi, 76-oyat.
[5] Yusuf surasi, 86-oyat.
[6] Bu majoziy ma’nosi. Haqiqiy ma’nosi: “Sen rozi bo‘lganingcha Sendan dakki eshitaveraman”.
5 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom xatibi Abdulloh domla Samatov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda "Haj-2025" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruh a’zolari uchun Namangan viloyati Namangan tumanidagi “Sayid Jaloliddin“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2025” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Namangan tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif, fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati